Tramp harbiylarni Suriyadan olib chiqishni va'da qilgandi. Aslida nima bo‘ldi?

Jahon 21:40 / 22.10.2019 38756

Hozircha Suriya janubida, Iordaniya bilan chegara yaqinida 200 nafar amerikalik harbiy qolmoqda. New York Times nashri ma'lumotiga ko‘ra, Tramp yana 200 nafar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan amerikalik harbiylarni Suriya sharqidagi neft havzalari muhofazasi uchun joylashtirish haqida o‘ylamoqda.

Suriyadan Iroqga
So‘nggi kunlar ichida Suriya shimolini tark etgan harbiylar uylariga emas, Iroq hududiga yuborildi.

Ikki hafta muqaddam Tramp amerikalik harbiylar Suriya shimoli-sharqiy hududlaridan olib chiqilishi haqida e'lon qilgandi. Uning bu bayonotidan keyin Turkiya darhol Suriya shimoliga kirdi va IShIDga qarshi urush vaqtida AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlarining asosiy ittifoqchisi bo‘lgan kurdlarga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazishga kirishdi.

17 oktabr kuni Anqara va Vashington turklarning amaliyotida besh kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra AQSh 120 soat ichida (5 kun) kurdlarni Turkiya chegaralari yaqinidan olib ketishi ko‘zda tutilgandi. Bu kelishuv muddati Toshkent vaqti bilan 23 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:00da tugaydi. Lekin kelishuv tuzilgan kunning ertasiga Turkiya va kurdlar bir-birini kelishuv shartlarini buzishda va o‘t ochishda ayblab chiqqandi.

Trampning AQSh harbiylarini Suriyadan olib chiqish qarori demokratlar tomonidan ham, respublikachilar tomonidan ham jiddiy e'tirozlarga uchradi, endilikda sobiq ittifoqchilar bo‘lmish kurdlar esa bu qarorni «ortdan pichoq urish» deb baholashdi. Senatda ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar guruhi yetakchisi, senator Mitch Makkonell esa Washington Post nashri uchun kolonkasida bu qarorni «strategik bosinqirash» deb atadi.

AQSh Vakillar palatasidagi demokratlar ham, respublikachilar ham Trampning amerikalik harbiylarni Suriyadan olib chiqish qarorini qoralovchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi.

Askarlar uyga qaytadimi?
Ogohlantirishlarga qaramay Turkiya harbiylari Suriya shimoli kirishi va ittifoqchilarning xoinlikda ayblashiga qaramasdan Tramp o‘z qarorida qat'iy turdi. «Ularning chegara bilan bog‘liq muammolari bor. Lekin bu bizning chegara emas va biz bu muammo uchun amerikaliklar hayoti bilan to‘lov qilmasligimiz kerak», dedi Tramp.

«Nima uchun bizning askarlar yuz minglab harbiylarga ega ikki qarama-qarshi kuchlar o‘rtasida qolib ketishi kerak. Meni askarlarni uyiga qaytarish uchun saylashgan», deydi Tramp.

Prezident Tramp bir necha bor AQShni «tobora o‘z domiga tortayotgan oxiri yo‘q urush»ga yakun yasashga va'da bergandi. Ammo hamon harbiy ziddiyatlarning birortasiga chek qo‘yilmadi.

New York Times nashri ma'lumotiga ko‘ra, AQSh so‘nggi oylarda Yaqin Sharqqa jo‘natgan harbiylar soni Amerikaga qaytgan harbiylar sonidan ko‘pdir. Nashrning qayd etishicha, Tramp harbiylarni uyiga qaytarmayapti, balki ularni bir hududdan boshqasiga ko‘chirmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, jami 200 mingdan ortiq amerikalik harbiylar mamlakat chegaralaridan tashqarida, dunyoning turli nuqtalari bo‘ylab joylashtirilgan. Ularning eng ko‘p qismi Yaponiya va Janubiy Koreyada. Bu mintaqada AQShning 78 mingga yaqin harbiysi bor. Shuningdek, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi amerikalik harbiylar soni 65 minggacha yetadi. Yana 12 ming nafarlik kontingent Afg‘onistonda xizmat qiladi.

NATO mamlakatlari hududida esa 35 mingdan ortiq amerikalik harbiy joylashgan. Sovuq urush davrida NATO mamlakatlaridagi amerikalik harbiylar soni 300 ming nafardan oshardi. SSSR parchalangach bu miqdor 10 baravar qisqargan va o‘tgan yilgacha bu mintaqadagi amerikalik harbiylar soni 30 mingdan oshmasdi. Lekin joriy yilda AQSh Litva, Latviya, Estoniya va Polsha hududiga qo‘shimcha 4500 nafar harbiysini jo‘natdi. AQShning Yevropadagi harbiylarining asosiy qismi Sharqiy Yevropa hududiga to‘g‘ri keladi.

Afrika mamlakatlarida taxminan 6-7 ming amerikalik harbiy bo‘lib turibdi. AQSh Afrikada asosiy e'tiborini qit'aning sharqiy hududi - Efiopiya, Jibuti, Eritreya va Somaliga qaratgan. Shuningdek, Saxel mintaqasida (Senegal, Mavritaniya, Mali, Jazoir, Burkino-Faso, Niger, Nigeriya, Kamerun, Chad va Sudan) ham kichik kontingentlar joylashtirilgan.

Suriya bilan qo‘shni bo‘lgan Iroqda 6000 nafar atrofida amerikalik harbiy bor. Suriyadagi harbiylar qo‘shni davlatga ko‘chirilgach, bu miqdor yanada ortdi.

Fors ko‘rfazi hududidagi amerikalik harbiylar soni shu yil may oyidan buyon 14 ming kishiga ko‘paydi: o‘shanda rasmiy Vashington bu qarorni Saudiya Arabistonining neft tankerlariga Eron tomonidan hujum qilingani bilan bog‘lagandi.

Ko‘proq yangiliklar: