Moskvada O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston 14:10 / 22.10.2019 12476

22 oktabr, seshanba kuni Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev «Ochiq innovatsiyalar - 2019» forumida ishtirok etadi. Rossiya Federatsiyasi hukumati matbuot xizmatining xabar berishicha, vazirlar mahkamasi rahbari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.

TASS xabariga ko‘ra, forumda Belarus vazirlar mahkamasi rahbari Sergey Rumas, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi raisi Tigran Sarkisyan, Bayer AG direktorlar kengashi raisi Verner Baumann Future of Humanity Institute (Insoniyat kelajagi instituti) Nik Bostrom, Google Play direktori Purnima Kochikar, Skolkovo fan va texnologiyalar instituti professori Ivan Oseledets qatnashadi. 

Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri o‘tgan yili avgust oyida Turkmanistondagi Kaspiy iqtisodiy forumi, undan oldin - iyulda Moskvada o‘zbekistonlik hamkasbi bilan uchrashgandi. Medvedev Aripov bilan so‘nggi suhbati chog‘ida ikki mamlakat bosh vazirlarining tez-tez uchrashib turishi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning barqaror rivojlanishi kaliti ekanligini ta'kidlab o‘tgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati rahbari ikki tomonlama hamkorlik yangi darajaga ko‘tarilgani va Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2019 yilning dastlabki yetti oyida 15 foizga o‘sgani hamda yil oxiriga kelib 6 milliard dollarga yetishini aytgan.

«Ochiq innovatsiyalar» forumi 2012 yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi. Tadbir eng yangi texnologiyalarni rivojlantirish va tijoratlashtirish muammolarini muhokama qilish, shuningdek, ushbu sohada xalqaro hamkorlik uchun yangi vositalarni yaratish uchun maydonchadir.

Ko‘proq yangiliklar: