Gretsiyada «Joker» filmi namoyishi vaqtida politsiyaning maxsus reydi o‘tkazildi 

Jahon 21:30 / 22.10.2019 5021

Gretsiyada “Joker” trilleri namoyishi vaqtida kinozalga kutilmaganda politsiya bostirib kirib, u yerdan 20 ga yaqin balog‘atga yetmagan o‘smirni olib chiqib ketgan. Politsiyaning bu reydi jamoatchilikning tanqidi va siyosatchilar orasidagi nizoga sabab bo‘ldi. Bu haqda Euractiv nashri xabar berdi.    

Ijtimoiy tarmoqlarning minglab foydalanuvchilari politsiyaning ushbu harakatlarini qoralab, reydni “fashistcha” va avtoritar davlatga xos deb atashgan.
 
Ta'kidlanishicha, Gretsiyada ushbu filmni faqat balog‘atga yetganlar tomosha qilishi mumkin, vaholanki boshqa davlatlarda uni tomosha qilishga 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlarga ruxsat berilgan.    

Gretsiyaning ba'zi ommaviy axborot vositalari politsiyaga reydni o‘tkazishga madaniyat vazirligidagi ikki amaldor buyurganini ma'lum qilgan. Biroq vazirlikda ushbu ma'lumot tasdiqlanmagan. 

Asosiy muxolif partiya Siriza hukumatni davlatni “qora zamonlar”ga qaytarishda ayblagan. Hukumat o‘z navbatida Siriza hokimiyat tepasida 5 yil bo‘lgani va bu vaqt ichida qonunni o‘zgartirishi mumkinligini aytgan.
 
Gretsiya madaniyat vaziri Lina Mendon politsiyani chaqirtirgan “haddan ziyod tirishqoq” amaldorlarni tanqid qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: