Hukumat qarori: ichki ishlar xodimlarining turar joy-maishiy sharoitlari yaxshilanadi

O‘zbekiston 13:53 / 21.10.2019 33385

Ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarining turar joy-maishiy sharoitlari yaxshilanadi. Vazirlar Mahkamasi bu haqda tegishli qaror qabul qildi.

Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligining ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarini ijtimoiy himoya qilish tizimiga turar joy-maishiy sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi amaliy mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi:

investor va tadbirkorlik sub'yektlariga 2019-2022 yillarda ko‘p kvartirali uylarni “tayyor holda topshirish” shartlarida bosqichma-bosqich qurish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining foydalanilmaydigan yer uchastkalari, bino va obektlarini ro‘yxat bo‘yicha berish;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida tashkil etiladigan komissiya tomonidan o‘tkaziladigan tanlov (tender) natijalari asosida qurilish to‘g‘risidagi shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;

ushbu qarorni amalga oshirish doirasida birinchi qavatlardan tashqari, qoida tariqasida, ikki xonali kvartiralar uchun - kamida 80 kvadrat metr, uch xonali kvartiralar uchun - 100 kvadrat metr va to‘rt xonali kvartiralar uchun - 120 kvadrat metr bo‘lgan ko‘p kvartirali uylarni qurish;

ushbu qaror ijrosini ta'minlash doirasida quriladigan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni mazkur qaror qoidalariga muvofiq tuziladigan qurilish shartnomalarida belgilangan imtiyozli shartlar va narxlarda asosan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga sotish, investor ulushi bundan mustasno.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining qarorlari asosida:

uy-joy bilan ta'minlanish va yashash sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji bo‘lgan;

xizmat faoliyatida (jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda) yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, intizomiy jazoga tortilmagan xodimlar va harbiy xizmatchilar ushbu qarorni amalga oshirish doirasida qurilgan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni imtiyozli arzon narxlarda sotib olish huquqidan foydalanadi.

Belgilanishicha, ushbu qarorni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan:

ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bazaviy hisoblash miqdorining olti yuz baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda besh yildan oshmagan muddatga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foizsiz qarz berilishi mumkin;

ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga ushbu qarorni amalga oshirish doirasida qurilgan ko‘p kvartirali uylarda sotilmagan kvartiralarning bir qismi qurilish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan narxlar bo‘yicha imtiyozli shartlarda sotib olinadi va keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining xizmat uy-joy fondiga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga xodimlari va harbiy xizmatchilarining turar joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash uchun vazirlik va uning hududiy bo‘linmalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan ajratiladigan yer uchastkalariga nisbatan ushbu qarorda nazarda tutilgan mexanizmdan keyinchalik foydalanishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari zimmasiga uy-joy bilan ta'minlanish hamda yashash sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji bo‘lgan, xizmat faoliyatida (jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda) yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, intizomiy jazoga tortilmagan xodimlar va harbiy xizmatchilar ro‘yxatini shakllantirishda xolislikni ta'minlash hamda korrupsiya holatlarini bartaraf etish uchun shaxsiy mas'uliyat yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda, shartnoma shartlarining to‘liq va sifatli bajarilishi monitoringini ta'minlaydi;

uy-joy bilan ta'minlanish hamda yashash sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji bo‘lgan, xizmat faoliyatida (jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda) yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, intizomiy jazoga tortilmagan xodimlar va harbiy xizmatchilar ro‘yxatini shakllantirish, shuningdek, ushbu qarorni amalga oshirish doirasida qurilgan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni ular o‘rtasida taqsimlash bo‘yicha ichki ishlar organlari turar joy-maishiy komissiyalarining faoliyatini samarali tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta'minlaydi hamda ushbu qarorni amalga oshirish doirasida “tayyor holda topshirish” shartlarida quriladigan har bir ko‘p kvartirali uy bo‘yicha qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatadi.

Ko‘proq yangiliklar: