Boliviyada prezident va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi

Jahon 11:30 / 20.10.2019 1562

Boliviyada 20 oktyabrda prezident va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Fuqarolar prezidentdan tashqari Ko‘p millatli qonunchilik assambleyasiga 130 deputat va 36 senatorni saylashlari kerak bo‘ladi.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 8da (Toshkent vaqti bilan 17:00) ochiladi va 16gacha ishlaydi.

Prezident lavozimiga 9 nomzod da'vogarlik qilmoqda. Asosiy kurash amaldagi prezident Evo Morales va mamlakatni 2003 yildan 2005 yilgacha boshqargan sobiq prezident Karlos Mesa o‘rtasida boradi.

Boliviyadagi qonunlarga ko‘ra, prezident saylovlarining 1-bosqichida yutish uchun saylovchilarning 50 foizdan ko‘proq yoki yaqin raqibdan 10 foizdan ko‘proq farq bilan 40 foiz ovoz to‘plash lozim. Agar nomzodlardan hech qaysi biri bunday natijaga erisha olmasa, 15 dekabrda 2-bosqich bo‘lib o‘tadi.

Morales hozirdayoq Boliviya prezidenti lavozimini egallash bo‘yicha rekord natija qayd qilgan. Mamlakatning tub aholisi – hindulardan ilk prezident bo‘lgan Morales hokimiyat tepasiga 2005 yildagi saylovlar natijalariga ko‘ra kelgan. U 2009 yilda va uchinchi muddatga qayta saylanishga taqiqlovga qaramasdan, 2014 yilda ham ushbu lavozimga saylangan. O‘shanda mamlakat konstitutsiyaviy sudi 2009 yilda yangi konstitutsiya qabul qilgani vaji ostida Moralesning birinchi muddatini hisobga olmagan.

2017 yil noyabrda esa sud Moralesning yana bir muddatga saylanishiga ruxsat bergan. Bu esa muxolifat noroziligini keltirib chiqargan.

 

Ko‘proq yangiliklar: