AQSh Suriyadan Iroqqa ming nafar harbiysini tashlaydi

Jahon 09:30 / 20.10.2019 7595

AQSh Suriyaning shimoli-sharqidan Iroqqa IShIDga qarshi kurash uchun mingga yaqin harbiysini tashlaydi.

Bu haqda AQSh mudofaa vaziri Mark Esper jurnalistlarga ma'lum qildi. 

“AQSh qo‘shinlarining Suriya shimoli-sharqidan olib chiqilishi davom etmoqda. Biz kunlar emas, haftalar haqida gapirmoqdamiz. Joriy reja ushbu kuchlarning Iroq g‘arbiga ko‘chirilishidan iborat”, deb aytgan Esper. 

Jurnalistlarga Pentagonning yuqori lavozimdagi boshqa bir vakilining ma'lum qilishicha, vaziyat o‘zgaruvchan va rejalar hali o‘zgarishi mumkin. 

9 oktyabrda Turkiya Suriya shimolida kurd otryadlariga qarshi harbiy amaliyot boshlagandi. Amaliyotdan maqsad Turkiya chegarasi uchun himoya kamari bo‘ladigan oraliq hudud yaratish hisoblangan. Anqaraning rejasiga ko‘ra, bu hududga Turkiyadagi suriyalik qochqinlar qaytishi mumkin. 

13 oktyabrda Esper Turkiyaning amaliyoti sababli Suriya shimolidan mingga yaqin harbiy olib chiqilishini ma'lum qilgandi. 17 oktyabrda esa AQSh va Turkiya Suriyada jangovar harakatlarni to‘xtatishga kelishib oldi.

Ko‘proq yangiliklar: