«Old Trafford»da turning markaziy o‘yini. Haftaning asosiy o‘yinlari anonsi

Sport 09:17 / 19.10.2019 39776

Terma jamoalarning navbatdagi yig‘inlari, qiziqarli uchrashuvlaridan so‘ng, yana odatdagi klublar futboliga qaytyapmiz. Deyarli har kuni bizni televizor qarshisiga chorlaydigan futbol o‘n kunligini quyidagi qiziqarli uchrashuvlar ochib beradi.

LATsIO - ATALANTA (19 oktabr, 18:00)

So‘nggi yillarda ancha barqaror qatnashib, turnir jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan bu ikki jamoa bellashuvi ham qiziqish uyg‘otishi tabiiy. «Atalanta» nihoyat, yulduzlarni yetishtirib beruvchi maqomidan voz kechib, ancha kuchli va raqobatbardosh jamoaga aylandi va hatto Chempionlar Ligasida qatnashmoqda. To‘g‘ri, u yerda ishlar durust emas, ikki frontda kurashish bergamoliklarga og‘irlik qilmoqda, lekin A Seriyada Gasperini shogirdlari hali ham eng hujumkor o‘yinni namoyish etmoqda.

«Atalanta» ligada eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turibdi, turnir jadvalida ham faqat «Inter» va «Yuventus»dan ortda bormoqda, xolos. Lekin bu shuningdek, hozircha «Atalanta»ga kuchli raqiblar ro‘baru kelmayotganini ham e'tiborga olish kerak. Top-raqiblardan faqat «Roma» mag‘lub etildi. Aynan oktyabrning oxiri bergamoliklar uchun sinov bo‘ladi. «Latsio»dan tashqari, uch kun o‘tib, «Manchester Siti» mehmoni bo‘lish kerak. Oyning so‘nggi kunlarida esa, «Napoli» maydoniga safar ham kutib turibdi. Aynan mana shu o‘yinlar «Atalanta»ning ushbu mavsumdagi maqsadlarini belgilab bersa ajab emas.

«Latsio» esa, doimgidek, o‘zining barqaror rejimida odimlashda davom etmoqda. Kuchli raqiblar bilan o‘yinda mag‘lubiyatlar, ammo turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalarga qarshi uchrashuvlarda imkon qadar yuz foizlik natijalar «Latsio» doim yuqori o‘rinlarda yurishiga imkon bermoqda. Bu mavsumda ham Rim derbisida durang qayd etildi, «Inter»dan mag‘lubiyatga uchraldi, lekin boshqa o‘yinlarda ishonchli g‘alabalar bor. Rimliklar oltinchi pog‘onada borishyapti va yetakchilardan u qadar katta farq bilan ortda qolib ketishgani yo‘q.

Yo‘qotishlar borasida mehmonlarning holati yomonroq. O‘tgan mavsum jamoa to‘purari, bu yil ham 7 o‘yinda 6 gol urib, ikki marta raqiblariga golli uzatmani amalga oshirgan kolumbiyalik hujumchi Duan Sapata jarohatlangan va shu oyning oxirigacha «Atalanta»ga yordam bera olmaydi. Aleksandro Gomes va Yosip Ilichich tashabbusni o‘z qo‘liga olishiga to‘g‘ri keladi. Mezbonlardan esa Rikardo Kishna safdan chiqqan. Shuningdek, «Bolonya»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgan Lukas Leyvada diskvalifikatsiya bor.

A Seriya doirasidagi so‘nggi to‘rt o‘yinda «Latsio» g‘alaba qozona olgani yo‘q, ammo so‘nggi o‘zaro o‘yinni alohida tilga olish lozim. Bu jamoalar o‘tgan mavsumda mamlakat kubogi finalida to‘qnash kelgandi va uchrashuv 2:0 hisobida «Latsio»ning g‘alabasi bilan yakunlangan. 

ATLeTIKO - VALeNSIYa (19 oktabr, 19:00)

Mavsum oldidan tayyorgarlik o‘yinlari va ilk turlardagi ajoyib natijalardan so‘ng, yangilangan «Atletiko» barchaning e'tiborini qozongan, ketgan yetakchilarning o‘rnini juda qisqa muddatda to‘ldirib, hatto kuchliroq jamoani qurgandek tasavvur uyg‘otgan Simeone olqishlar tinmasdi. Ammo hammasi bunchalik oson emas ekan. «Atletiko» har qanday yangi jamoa singari, ayniqsa, vaziyatlar yaratishda muammolarga duch kelyapti.

Ilk uch turdagi g‘alabadan so‘ng, Sosedaddagi o‘yin boy berildi. «Atletiko» so‘nggi besh o‘yinda atigi bir marta g‘alaba qozondi, uch o‘yinda 0:0 hisobi qayd etildi. Ya'ni so‘nggi besh turda Simeone shogirdlari atigi 2 gol ura olishdi, xolos. Yaxshiyamki turnir jadvalining yuqori qismida barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan jamoalar u qadar ko‘p emas, mana shunday holatda ham «Atletiko» 3-pog‘onani zabt etgan holda, peshqadamdan atigi 3 ochkoga ortda qolayotganiga ishonish qiyin. Madridliklar bir haftada qatorasiga uch o‘yinni o‘z maydonlarida o‘tkazadi. Hafta o‘rtasida YeChL doirasidagi «Bayyer»ga qarshi o‘yin, keyin esa «Atletik» bilan La Liga uchrashuvi bor. Aynan shu o‘yinlar «Atletiko» uchun burilish nuqtasi bo‘lsa ajab emas.

«Valensiya», o‘sha biz bilgan beqaror «Valensiya». Londonda «Chelsi» ustidan qozonilgan g‘alaba o‘z maydonidagi «Ayaks»dan yirik mag‘lubiyat bilan almashib turibdi. La Ligada ham shu ahvol. Goh Bilbaoda ajoyib g‘alabani guvohi bo‘lamiz, goh «Leganes»ga qarshi uchrashuv nursiz durang bilan tugaydi. Ammo yuqorida aytilganidek, Ispaniya chempionatida barqaror jamoaning o‘zi yo‘qligi «Valensiya»ni ham atigi 12 ochko bilan bo‘lsada peshqadamlarga yaqin ushlab turibdi. Bu o‘yindagi g‘alaba bilan Selades shogirdlari «Atletiko»ga yetib olishi ham mumkin.

«Valensiya»ning «Atletiko» ustidan safar g‘alabasiga esa, ancha bo‘lib ketdi. O‘shanda mezbonlardan golni marhum Xose Reyyes urgan, Forlan esa, penaltini aniq amalga oshira olmagan. Shundan ham tasavvur qilavering, ancha bo‘ldi. 2011 yil edi. Lekin o‘tgan mavsumdagi uchrashuv juda qiziqarli kechganini eslash mumkin. Korreaning 82-daqiqadagi goli mezbonlarning 3:2 hisobidagi g‘alabasini ta'minlagandi.

«Atletiko» tarkibida Diyego Kosta mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, uchrashuvda qanday formada bo‘lishi noma'lum. Shuningdek, Vrsalko, Vitolo va Savich ham safda emas. Mehmonlarning yo‘qotishlari esa, yanada jiddiy. Xose Gayya hali ham tarkibdan chetda. Karlos Soler, Kondogbiya va Gemeyro shug‘ullanishni boshlagan bo‘lishsa-da, dastlabki daqiqalardan jamoaga yordam berishlariga ishonish qiyin.

Aytgancha, har ikki klub ham kelasi haftada YeChLda muhim uchrashuvlarda maydonga tushadi. Madridliklarning «Bayyer» bilan o‘yini borligini yuqorida esladik. «Valensiya» esa «Lill» maydoniga safar qiladi.

KRISTAL PELAS - MANCheSTeR SITI (19 oktabr, 21:30)

Biz bilgan top-6da hozirda «Manchester Yunayted» va «Tottenhem» yo‘q. Ularning o‘rnini esa, «Lester» va «Kristal Pelas» egallab turibdi. «Burgutlar» mavsumni biroz omadsiz boshlagan bo‘lishsa-da, keyingi turlarda o‘zlariga kelib olishdi va bir qator o‘yinlarda kutilmagan natijalarni qayd etishdi. Masalan, «Vest Hem» va «Manchester Yunayted» ustidan safardagi g‘alabalarni ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi aniq.

Endi esa, Hojson jamoasi oldida haqiqiy sinov kutib turibdi. Keyingi turlarda londonliklar «Arsenal», «Lester», «Chelsi» va «Liverpul» bilan o‘ynaydi. Bunday xavfli yurish esa «Manchester Siti» bilan boshlanadi.

Boshqa tarafdan «Kristal Pelas»ni Pep Gvardiola jamoasi uchun juda noqulay deyish mumkin. Esingizda bo‘lsa, ikki yil oldin «Siti» uzoq vaqt yo‘qotishsiz borgan, aynan Londondagi o‘yinda ochko yo‘qotgandi. Hatto so‘nggi daqiqalarda mezbonlar penaltini aniq amalga oshirishganda, g‘alaba qozonishlari ham mumkin edi. O‘tgan yilgi dekabrda esa, g‘alaba ham bo‘ldi. Buning ustiga, «Etihad»da. O‘yinni juda oson boshlab, hisobda oldinga chiqib olgan mezbonlar, kutilmaganda, uch marta jazolanishgandi.

Shusiz ham, «Manchester Siti» shunday vaziyatga keldiki, ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. «Liverpul» bilan farq allaqachon 8 ochkoni tashkil qilmoqda, ayniqsa, «Vulverhempton» bilan o‘yindagi mag‘lubiyat juda og‘riqli bo‘ldi. Markaziy himoyachilarning jarohati, shuningdek, Kevin De Bryuyne yo‘qligi jamoa o‘yiniga jiddiy ta'sir o‘tkazmoqda. Kevinning ushbu o‘yinda ham maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Shuningdek, Serxio Aguero va Kayl Uoker ham kichik jarohatlar tufayli yaxshi sport formasida emas. Mezbonlardan esa, Konnor Uikhem hamda Mamadu Sako hali to‘liq mashg‘ulotlarga kirishgani yo‘q.

Shuningdek, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus ham ko‘proq Pep Gvardiolaga muammolar tug‘dirishi tabiiy. Chunki «shaharliklar»ning qariyb butun tarkibi o‘z terma jamoalari bilan safar qilgan bo‘lsa, «Kristal Pelas» bu kunlarda yaxshigina kuch to‘plab oldi.

BORUSSIYa D - BORUSSIYa M (19 oktabr, 21:30)

Ikki «Borussiya» o‘rtasidagi uchrashuv doimo qiziqish bilan kuzatilgan. Hatto jamoalar yulduzlari ham umumiy. O‘z vaqtida Marko Roys aynan Menxengladbaxda tanilib, yakunda Dortmundga o‘tgan bo‘lsa, endilikda xuddi shu yo‘ldan Torgan Azar ham yurdi. Har ikki futbolchi ham dortmundliklar safida sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishadi.

Yetakchi futbolchisini yo‘qotgan bo‘lishiga qaramasdan, menxengladbaxliklarning muvaffaqiyatli yurishi diqqatga sazovor. Mavsumni Dortmund yaxshiroq boshlagandi, ammo ayniqsa, so‘nggi turlarni kuchli o‘tkazayotgan Menxengladbax turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi - 7 o‘yin, 16 ochko. Dortmund hisobida esa shuncha o‘yindan keyin 12 ochko bor. Demak, hatto g‘alaba qozongan taqdirda ham, mezbonlar raqibiga yetib ololmaydi. G‘alaba haqida aytilganida ham sabab bor, zero agar kubokni ham qo‘shib hisoblasak, qatorasiga 8 o‘yindan beri dortmundliklarning qo‘li baland kelmoqda. Menxengladbax oxirgi marta 2015 yilning aprelida ustun kelgandi. Shundan buyon Dortmundning tarkibi shu qadar yangilandiki, atigi 4 yil oldin maydonga tushgan jamoadan hech kim qolmadi hisob.

Jarohatlar borasida mehmonlarga havas qilib bo‘lmaydi. Tarkibning 11 futbolchisi turli darajadagi jarohat bilan safdan chiqqan. Ulardan faqat Xulio Vilyalba va Yonas Xoffman mashg‘ulotlarga kirishishdi, ammo qay darajada sport formasida bo‘lishlari ma'lum emas. Jonson, Traore, Bennets, Shtindl, Ginter, Layner, Zippel, Shtrobl hamda Myuzel tarkibda emas. Mezbonlardan esa, faqat Lukas Pishchek va Pako Alkaserda jarohat bor.  

MANCheSTeR YuNAYTeD - LIVeRPUL (20 oktabr, 20:00)

Angliyaning eng mashhur va eng muvaffaqiyatli ikki klubi. Tarkib, o‘yin sifati va turnir jadvalidagi holat bo‘yicha hozir bu raqiblar deyarli boshqa planetalarda bo‘lishsa-da, qiziqish doirasi va afisha jihatidan hali ham APLning eng katta o‘yinlaridan biridir.

So‘nggi oylar «Liverpul»ning yaqqol favorit ekanini ko‘rsatsa-da, ba'zi statistik faktlar mezbonlarda ham umid uyg‘otadi. Masalan, «Liverpul» «Old Trafford»dagi so‘nggi g‘alabasini ancha oldin, David Moyyes davrida qo‘lga kiritgan. Umuman, Angliyaga kelganidan beri Yurgen Kloppning APLdagi eng noqulay raqibi ham aynan «Manchester Yunayted» sanaladi. Nemis murabbiyi «iblislar»ga qarshi o‘tkazgan 7 o‘yinining atigi bittasida g‘alaba qozongan. Ikki o‘yinda mag‘lub bo‘lib, to‘rt uchrashuv durang bilan tugagan. Shuningdek, «Liverpul»ning hujum triosi ham bu raqibga qarshi foyda keltirmasliklari an'anaga aylanib ulgurdi. Sadio Mane o‘zining birinchi golini o‘tgan yili urgan bo‘lsa, Firmino va Saloh hali biror marta De Xea darvozasini ishg‘ol qilishmagan.

Darvoqe, bu an'ana yana davom etsa kerak, chunki Ispaniya terma jamoasi o‘yinida jarohat olgan David bu o‘yinda qatnasha olmaydi. Sulsher yana Pol Pogbaning ham tarkibdan chetda ekanini aytdi. Ammo so‘nggi o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan Van-Bissaka va Antoni Marsiyal bu safar jamoaga yordam berishlari mumkin. Mehmonlar tomondan ham yaxshi xabarlar bor. So‘nggi turda jarohat olib, terma jamoa yig‘iniga bora olmagan Muhammad Saloh, aytishlaricha, o‘yinga tayyor bo‘ladi. Shuningdek, darvozabon Alison Beker ham aynan «Old Trafford»dagi to‘qnashuvda safga qaytishi ancha oldin aytilgandi. O‘tgan yili Mourinoni iste'fosiga sabab bo‘lgan ikki golni urgan Jyerdan Shakirida jarohat bor, lekin u sog‘ bo‘lganida ham, Klopp uning xizmatlaridan foydalanmasligi haqiqatga yaqinroq edi.

Turnir nuqtayi nazaridan, «Liverpul» o‘zini xotirjamroq his qilishi aniq, chunki hatto mag‘lubiyat ham jamoani ancha ishonchli peshqadam sifatida qoldiradi. «Manchester Yunayted» esa, «xavfli zona»ga ikki ochkogacha yaqin kelib qolgani bois, yarim hazil tariqasida hatto, Chempionship mavzusi ham ko‘tarilishni boshladi. Aynan ushbu o‘yindagi yaxshi natija Sulshernin pozitsiyasini, unga bo‘lgan ishonch kreditini yaxshilashi shubhasiz.

Jamoalarning «Old Trafford»dagi so‘nggi o‘yinida hisob ochilmagandi. Umuman, so‘nggi olti o‘zaro o‘yinning 3tasida 0:0 hisobi qayd etilganini ta'kidlash lozim. Umid qilamizki, bu safargi o‘yin gollarga boy bo‘ladi.

HAFTA IQTIBOSI:

Angliyadagi katta o‘yin oldidan, odatiy ravishda jurnalistlar turli statistik ma'lumotlarni keltirishdi. Masalan, hozirda tanqidga uchrayotgan va iste'fo yoqasida turgani aytilayotgan Sulsherning «MYu»dagi dastlabki 29 o‘yinida Kloppning «Liverpul»dagi dastlabki 29 o‘yiniga nisbatan 2 ochko ko‘proq jamg‘arilgan ekan. Kloppdan shu haqida so‘rashdi:

«Bu vaziyatlarni taqqoslamagan bo‘lardim, chunki men Liverpulga kelganimda, bosim yo‘q edi, hech kim mendan katta natija kutmas, bu qanday murabbiy bo‘la olishim ham qorong‘i edi. Sulsherga qiyinroq, chunki Manchesterda u qadar sabr qilishmaydi. Lekin agar Sulsherga nisbatan klub ichkarisida shubha bo‘lsa, noto‘g‘ri qilishyapti. Agar bu gaplar chetdan, masalan, jurnalistlarning fikri bo‘lsa, ahamiyati yo‘q. Muhimi klub rahbarlari va Vudvord qanday fikrda ekani. Men har qanday murabbiyga o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun yetarli vaqt berilishi tarafdoriman. Unga qanday maslahat bera olaman? Yo‘q, Sulsher maslahatimga muhtoj emas, u 15 yil shu klub sistemasida bo‘lgan, hammasini juda yaxshi tushunadi. Eng yomoni kimningdir bunga sabri yetmasligi. Menimcha, Sulsher o‘zini o‘zi uyidagidek his qilmoqda va vazifa oson emasligini oldindan hamma bilib turgandi».

Bonus. ZeNIT - ROSTOV (19 oktabr, 21:00)

Ayniqsa, rostovliklarning safarda TsSKA ustidan ishonchli g‘alabasidan so‘ng, bu o‘yin atrofidagi ajiotaj ham odatdagidan kattaroq bo‘lmoqda. Turnir jadvalining ikki peshqadam jamoasi o‘zaro orani ochiq qiladi.

Biz uchun esa, mehmonlar tarkibidagi Eldor Shomurodovni kuzatish qiziqroq. Eldor Rossiya chempionatining chinakam kashfiyotiga aylandi, «Zenit» murabbiyi Sergey Semak ham bu haqida alohida ta'kidladi. Hujumchiga Yevropadagi yaxshi takliflar borligi haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi, xullas, bundan keyin Shomurodovning har bir goli uning narxiga narx qo‘shib boradi, desak xato qilmaymiz. Terma jamoa safidagi ikki o‘yindan urilgan uch gol esa, hujumchimizning ishonchini yanada oshirganiga shubha yo‘q.

Ozmun - Shomurodov shaklidagi osiyocha qarama-qarshilik bu o‘yinga qo‘shimcha bezak bersa, ajab emas.

BOShQA O‘YINLAR

19 oktabr. «Eybar» - «BARSeLONA» (16:00), «Ausburg» - «BAVARIYa» (18:30), «CheLSI» - «Nyukasl» (19:00), «TOTTeNHEM» - «Uotford» (19:00), «NAPOLI» - «Verona» (21:00), «YuVeNTUS» - «Bolonya» (23:45), «Malorka» - «ReAL» (23:55),

21 oktabr. «Sheffild» - «ARSeNAL» (23:55)

Ko‘proq yangiliklar: