Suriyada yana o‘t ochildi, Erdo‘g‘an amaliyotni davom ettirish bilan tahdid qildi

Jahon 18:00 / 18.10.2019 34296

«Turklarning Ras al-Ayn shahri yaqinidagi Umm al-Xayr qishlog‘iga aviazarba berishi oqibatida tinch aholi vakillari bo‘lgan besh kishi halok bo‘ldi», deyiladi Ikhbariya xabarida.

Xabarda aytilishicha, hujum oqibatida yana 20 kishi jarohatlangan. 

Kurdlar vakili ham Turkiya tomonidan kelishuv buzilgani haqida ma'lum qilgan. Kurdlarning bildirishicha, halok bo‘lganlar – arab va kurdlarning Suriya demokratik kuchlari (SDF) jangchilari, jarohatlanganlar orasida tinch aholi vakillari ham bor.

Bu xabarlar ortidan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an kurdlar chegara hududidan uzoqqa olib ketilmas ekan, Anqara harbiy amaliyotni davom ettirishini ma'lum qildi.

«Agar AQSh seshanba oqshomigacha va'dasini bajarsa, xavfsiz hudud masalasi hal bo‘ladi. Aks holda amaliyot to‘xtagan joyidan davom ettiriladi», dedi Istanbulda chiqish qilgan Erdo‘g‘an.

17 oktabr kuni Erdo‘g‘an va AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens 120 soat ichida turklarning Suriyadagi harbiy amaliyotini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Kelishuvga ko‘ra, kurd harbiylari Suriyaning Turkiya bilan chegara chizig‘idan 30 km ichkariga olib ketilishi ko‘zda tutilgan. AQSh bu shart bajarilishini o‘z zimmasiga olgan. Pens AQSh harbiylari bu hududga qaytarilmasligini qo‘shimcha qilgan.

«Tinchlik bulog‘i» amaliyoti

Turkiyalik harbiylar 9 oktabr kuni Suriya chegarasini kesib o‘tib, kurdlarga qarshi harbiy harakatlar boshlagandi. Ular AQSh prezidenti Suriya shimolidagi amerikalik harbiylar olib ketilishini e'lon qilganidan so‘ng «Tinchlik bulog‘i» nomli amaliyot boshlashga qaror qilishgandi.

Rasmiy Anqara kurd harbiy bo‘linmalarini Turkiyaning janubiy chegaralaridan uzoqroqqa surib tashlab, chegara hududida suriyalik qochqinlar uchun «xavfsiz hudud» barpo etishni rejalashtirgandi.

Bu amaliyotni tanqid qiluvchilar, bu amaliyot birinchi navbatda kurdlarga qarshi etnik genotsidga aylanib ketishi mumkinligidan xavotir olishgandi. Shuningdek, kurdlar nazorat qilayotgan qamoqxona va lagerlardan IShIDning minglab sobiq jangarilari qochib ketishi xavfi tug‘ildi.

Harbiy harakatlar boshlangach, o‘n minglab odamlar o‘z boshpanalarini tark etishdi.

Ko‘proq yangiliklar: