AQSh va Turkiya Suriyadagi harbiy amaliyotni to‘xtatishga kelishib oldi

Jahon 00:52 / 18.10.2019 39790

«Turkiya YPG [kurdlarning Xalq mudofaasi otryadlari] kuchlari xavfsizlik hududiga 120 soat ichida chiqishi uchun o‘t ochishni to‘xtatadi. «Tinchlik bulog‘i» doirasidagi barcha harbiy amaliyotlar YPG kuchlari olib ketilgandan keyin to‘xtatiladi», deb aytgan Pens. 

Uning ta'kidlashicha, tomonlar AQSh kurd otryadlarining olib ketilishida ko‘mak ko‘rsatishiga kelishib olgan.

Kurd otryadlari tashqarisiga olib chiqiladigan demarkatsiya chizig‘i Suriyaning Turkiya bilan chegarasidan 30 km janubdan o‘tadi. Vashington kurdlardan Turkiya chegarasidan uyushgan holda ketishlari kafolatini olgan.

Pens, shuningdek, AQSh Suriya shimolida harbiy harakatlar olib bormoqchimasligi va diplomatiya bilan cheklanmoqchiligini ta'kidlab o‘tgan.

«Prezident harbiylarimiz u yerda bo‘lmasligini aytdi. Biz ushbu vaziyatda harbiy tomondan ishtirok etmaymiz», deb qo‘shimcha qilgan AQSh vitse-prezidenti.

U, shuningdek, AQSh Turkiyaga Suriya tufayli qo‘shimcha sanksiyalar kiritishni rejalashtirmayotganiga va'da bergan hamda Tramp Turkiya Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishi bilan Anqaraga qarshi kiritilgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga tayyorligini ta'kidlab o‘tgan.

Keyinroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li Anqara AQShdan «istagan narsasini olgani»ni aytgan, chunki kurdlar ko‘zda tutilgan hududni tark etadi. Chovusho‘g‘lining aytishicha, kurdlar olib ketilgandan keyin Turkiyaning Suriyadagi amaliyoti yakunlangani haqida gapirish mumkin bo‘ladi.

Bundan avvalroq Tramp tvitterida Turkiyadan «ajoyib yangilik» kelgani haqida yozgandi.

«Erdo‘g‘anga rahmat. Millionlab kishilarning hayoti saqlab qolindi», degan u.

«Tinchlik bulog‘i» amaliyoti

Turkiyalik harbiylar 9 oktabr kuni Suriya chegarasini kesib o‘tib, kurdlarga qarshi harbiy harakatlar boshlagandi. Ular AQSh prezidenti Suriya shimolidagi amerikalik harbiylar olib ketilishini e'lon qilganidan so‘ng «Tinchlik bulog‘i» nomli amaliyot boshlashga qaror qilishgandi.

Rasmiy Anqara kurd harbiy bo‘linmalarini Turkiyaning janubiy chegaralaridan uzoqroqqa surib tashlab, chegara hududida suriyalik qochqinlar uchun «xavfsiz hudud» barpo etishni rejalashtirgandi.

Bu amaliyotni tanqid qiluvchilar, bu amaliyot birinchi navbatda kurdlarga qarshi etnik genotsidga aylanib ketishi mumkinligidan xavotir olishgandi. Shuningdek, kurdlar nazorat qilayotgan qamoqxona va lagerlardan IShIDning minglab sobiq jangarilari qochib ketishi xavfi tug‘ildi.

Harbiy harakatlar boshlangach, o‘n minglab odamlar o‘z boshpanalarini tark etishdi.

Mayk Pensning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya o‘z harbiylarini Suriyadan olib chiqishi bilan bu davlatga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar bekor qilinadi.

Kurdlarning vakillari Vashington va Anqara o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etishmadi, hozircha ular tomonidan AQSh va Turkiya bayonotiga nisbatan izoh berilmadi.

Ko‘proq yangiliklar: