Toshkent tumanida auksion orqali sotib olingan yer uchastkalari g‘oliblarga berilmayapti. Fuqarolar aldanganmidi?

Jamiyat 16:12 / 17.10.2019 30346

So‘nggi vaqtlarda auksion orqali yer-mulk sotib olgan fuqarolarning mulklari bilan bog‘liq muammolar tez-tez uchrab turibdi. Ya'ni, ochiq auksion orqali sotib olingan mulklar qaytarib olib qo‘yilmoqda yoki tan olinmayapti.

Kun.uz tahririyatiga 34 nafar fuqaro nomidan murojaat kelib tushdi. Murojaat aynan auksion orqali sotib olingan yer masalasi haqida.

Ma'lum bo‘lishicha, fuqarolar tomonidan ochiq auksion orqali sotib olingan yerga hokim qarori chiqarilgan va tegishli tartibda kadastr hujjatlari berilgan. Biroq fuqarolar sotib olgan yeriga kira olishmayapti.

Holatni o‘rganish maqsadida Toshkent viloyati Toshkent tumani «Darxon» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, shu muammolar girdobida qolib ketgan fuqarolar bilan suhbat qildik.

«Uzoq yillar davomida ijtimoiy himoyaga va uy-joyga muhtoj bo‘lganimiz sababli 2018 yil 10 oktabr kuni «Ko‘chmas mulk savdo xizmati» MChJ tomonidan o‘tkazilgan ochiq auksion savdolari orqali Toshkent tumani, Yunusobod hududi, «Darxon» MFYdagi 24-konturda joylashgan yer maydonidan 0,04 sotixdan iborat yer uchastkasini g‘oliblik bayonnomalariga asosan yutib oldik.

Shunga ko‘ra, har birimiz bilan yutib olgan yer uchun to‘rt tomonlama shartnomalar tuzilib, belgilangan to‘lovlarni 100 foiz amalga oshirdik. Shuningdek, yutib olingan yerlarimiz uchun Toshkent tuman hokimligi tomonidan «yer uchastkasini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi qarorlari chiqdi. Mazkur qarorlarga asosan, «Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida»gi bizning nomimizga guvohnomalar ham berilib, egalik huquqini oldik.

Ammo Toshkent tumani Yunusobod hududi 24-konturda ochiq auksion savdolari orqali sotib olgan yerlarga, tuman hokimining qarori, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr xizmatining guvohnomalariga asosan egalik huquqimiz bo‘laturib, ushbu yer uchastkasiga kirishimizga to‘sqinlik qilinmoqda», deydi murojaatchilardan biri Nodirbek Shamsuddinov. 

Bu yerga yig‘ilgan fuqarolarning barchasida shu muammo. Ular auksion orqali sotib olgan yeriga egalik qila olmay, bir necha yildan buyon sarson bo‘lishmoqda.

Tahririyatga murojaat yo‘llagan fuqarolar auksionda ishtirok etib, har biri 4 sotixdan yer sotib olgan. Ammo, ayni paytda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot institutining «Darxon» ilmiy-tajriba xo‘jaligi yerni shartnoma asosida tadbirkorga ijaraga bergan.

Yeriga kira olmayotgan fuqarolar bu muammo yuzasidan salkam bir yildan buyon ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilib kelishmoqda. Lekin natija bo‘lmayapti. Holat yuzasidan prokuraturaga yo‘llangan shikoyatga javoban belgilangan tartibda sudga murojaat qilish tavsiya etilgan.

Shundan so‘ng fuqarolar sudga murojaat qilishgan. Sud hatto bir necha fuqaroning yer masalasi bo‘yicha arizalarini qanoatlantirgan.

Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Toshkent tumani hokimligida bo‘ldik. Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir G‘iyosov lavozimiga yangi tayinlangani sabab mazkur muammoli yer masalasidan chuqur xabardor emasligi, lekin hozirda sud jarayonlari ketayotgani haqida eshitganini aytib, qonuniy bahoni sud berishini ma'lum qildi.

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot institutining «Darxon» ilmiy-tajriba xo‘jaligi rahbari Muhiddin Tulakovning ta'kidlashicha, fuqarolarga sotilgan yer hokimlik emas, aksincha «Darxon» ilmiy-tajriba xo‘jaligi balansida bo‘lgan.

«Ikkinchidan, O‘rmon xo‘jaligiga tegishli yerni hokimiyat ochiq auksion orqali sota olmaydi. Buning uchun Vazirlar Mahkamasining qarori kerak bo‘ladi. Fuqarolar sotib olgan yerga esa Vazirlar Mahkamasi qarori chiqmagan. Hozirda biz ushbu yerni qonuniy asosda tadbirkorga ijaraga berganmiz», deydi Muhiddin Tulakov.

Xulosa o‘rnida

Haligacha ochiq auksion orqali sotilgan yer-mulklarni tasarruf qilishda bunday muammolar yuzaga kelayotgani bor gap. Buni yuqoridagi holatdan ham anglashimiz qiyin emas. Xo‘sh ayb kimda?

Fuqarolarning ochiq auksion savdosiga yoki bo‘lmasa hokim qarori va kadastr hujjatiga ishonganidami? Muayyan davlat organlarining harakati yoki harakatsizligi oqibatida oddiy xalq jabr chekishi va sarson-sargardonlikka mahkum etilishi qay darajada adolatli?

Umid qilamizki, ushbu maqola tegishli vakolatli organlar nazaridan chetda qolmaydi va 34 nafar sarson fuqaroning murojaati ijobiy hal etiladi.

Kun.uz muxbiri Rahmatillo Isroilov
Operator Doniyor Yoqubov

Ko‘proq yangiliklar: