Toshkent davlat stomatologiya instituti Qozog‘istonda qo‘shma fakultet ochadi

Jamiyat 18:20 / 16.10.2019 2277

«Aytish kerakki, mamlakatimizda keyingi yillarda ilm-fan va ta'limning barcha yo‘nalishlari kabi tibbiy ta'lim tizimi ham tubdan isloh etilmoqda. Xususan, bu yo‘nalishda Toshkent davlat stomatologiya institutida ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida mazkur oliy ta'lim muassasasida ta'lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlarini keng joriy etish, magistrant, yosh o‘qituvchi va ilmiy xodimlarning xorijiy ta'lim va ilmiy muassasalarda amaliyot o‘tashini, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishga erishilmoqda.

Jumladan, o‘tgan qisqa davr mobaynida Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan ham xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta'lim muassasalari va kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolangani diqqatga sazovor. Ushbu hamkorlik dasturlari natijasida 2018/2019 o‘quv yilidan Italiyaning Turin universiteti bilan «Biotibbiy muhandislik» va Moskva davlat tibbiyot stomatologiya universiteti bilan hamkorlikda «Stomatologiya» fakultetlari tashkil etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Joriy yildan esa Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda «klinik-psixologiya» yo‘nalishida, shuningdek, Ukrainaning Gorbachevskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti bilan «Oliy hamshiralik ishi», Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti bilan «Davolash ishi» yo‘nalishlari joriy etildi.

Institut tomonidan olib borilayotgan bunday keng qamrovli hamkorlik aloqalari, yaratilayotgan bu kabi zamonaviy imkoniyatlar malakali kadrlar tayyorlash, stomatologiya sohasida jahon tibbiyotining ilg‘or amaliyotini keng tatbiq etish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan stomatologik xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lmoqda. Shu bois, mazkur oliy ta'lim muassasasifaoliyati mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan reytingda yuqori baholandi va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari orasida 1-o‘rinni egallab, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining kuchli o‘ntaligi tarkibiga kirdi.

Mazkur institutning Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi bilan hamkorligi esa tibbiy ta'limni yanada rivojlantirish, tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, jahon tibbiyoti va ilm-fani oldida turgan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Kelgusida ushbu hamkorlik shartnomasi doirasida Toshkent davlat stomatologiya instituti pedagoglari muntazam ravishda Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi pedagoglari uchun mahorat darslarini va o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha uslubiy yordam berishlari, ma'ruza va seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazishga ko‘maklashish, shuningdek, talabalarning ham o‘quv-ilmiy dasturlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan», deyiladi Toshkent davlat stomatologiya instituti matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: