Vladikavkazda aka-uka Taymazovlarning sport kurashlari markazi ochildi

Sport 15:04 / 13.10.2019 12284

Vladikavkazda aka-uka Taymazovlarning sport kurashlari markazi 11 oktabr kuni tantanali ravishda ochildi.

Markazda 30 nafar yosh sportchi yashab, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun sharoitlar yaratilgan. O‘ziga xos internat shaklidagi o‘quv maskanida uch mahal ovqatlanish, dam olish zonalari kabilar ham tashkil qilingan. Yosh kurashchilar kuniga ikki mahal mashg‘ulot o‘tkazishadi, deb xabar bermoqda «Osetiya-Iriston». 

Foto: alania.gov.ru

Sport markazi ochilishi bilan birgalikda juma kuni aka-uka Taymazovlar sovrini uchun o‘smirlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha birinchi ochiq turnirga start berildi. Unda Armaniston, Ozarboyjon va Shimoliy Kavkaz respublikalarining 8ta jamoasi tarkibida 80ga yaqin sportchi qatnashdi.

Birinchi o‘rinni Taymazovlarning sport kurashlari markazi nomidan qatnashgan jamoa qo‘lga kiritdi.

«Moskovskiy Komsomolets»ning qo‘shimcha qilishicha, nufuzli mehmonlar ishtirokida o‘tgan ochilish marosimida Artur Taymazov Shimoliy Osetiya respublikasi rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan va besh yildan keyin markaz tarbiyalanuvchilari olimpiya shohsupasida bo‘lishiga umid bildirgan.

Ma'lumot uchun, Artur Taymazov 2000 va 2004 yilgi Olimpiadalarda O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib, erkin kurash bahslarida oltin va kumush medallari sohibi bo‘lgan. U 2012 yilgi London olimpiadasida ham chempion bo‘lgan, ammo bu medali 2019 yil yozida doping tufayli bekor qilingan edi.

40 yoshli Artur ayni vaqtda Rossiya davlat dumasi deputati, dumaning jismoniy tarbiya, sport, turizm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi.

Uning akasi, 49 yoshli Timur Taymazov esa Ukraina terma jamoasi safida 1992 va 1996 yilgi olimpiya o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha kumush va oltin medallarini qo‘lga kiritgan, ikki marta jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Ko‘proq yangiliklar: