Manba: O‘zbekistonda non narxi oshadi

O‘zbekiston 09:49 / 12.10.2019 98174

O‘zbekistonda yaqin vaqt ichida qolipli non (buxanka)ning narxi 1500 so‘mga ko‘tariladi. Bularning barchasi don va un narxlarining erkinlashtirilishi tufayli ro‘y beradi, deb xabar qilmoqda Kun.uz manbasi.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi boshida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi hukumat va parlamentga G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash yuzasidan murojaatnoma bilan chiqdi. Yillar davomida aholini arzon un va non bilan ta'minlash masalasi g‘alla yetishtirish va uni qayta ishlashning davlat tomonidan qat'iyan boshqarilishi va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan g‘allaning bozor narxlariga nisbatan past narxlarda xarid qilish tamoyillari asosida hal qilinib kelindi.

Natijada, fermer xo‘jaliklarining hosildorlikni oshirish va g‘alla yetishtirish hajmini ko‘paytirishga qiziqishi pasayib, xarajatlarni faqat davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar doirasida amalga oshirib, qo‘shimcha daromad olish uchun o‘z mablag‘larini yo‘naltirishdan manfaatdorligi bo‘lmadi.

Shu bilan birga, arzon unning katta qismi amalda aholining tegishli qatlamlariga yetib bormasdan bozor narxlarida sotildi, ya'ni qo‘yilgan maqsad – aholining manzilli ijtimoiy himoyasi ta'minlanmadi. O‘z navbatida donni qayta ishlash korxonalarida va savdo tashkilotlarida suiiste'mol qilish holatlari ham uchraydi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, murojaat bo‘yicha deputatlar tomonidan joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda mahalliy un aholiga qat'iy o‘rnatilgan davlat narxlarida yetib bormayotganligi, aholi unni bozor narxlarida sotib olayotganligini aytishgan.

Fermerlarning asosiy da'vosi hozirgi amaliyotda don tayyorlov korxonalari fermerlardan olgan g‘allasiga nafaqat o‘z vaqtida, balki ba'zida to‘liqligicha hisob-kitob qila olmayotganligidan iborat. Buning natijasida fermerlar ziyonga kirib ishlab, zarur texnika va kombaynlarni sotib ololmayotgani, texnika yetishmaslikdan hosilni kech, ushoqli donlar yarim to‘kilib ketgandan keyin o‘rib olayotganligi ma'lum bo‘ldi.

G‘alla xarid narxlari bozor narxlariga yaqinlashtirilgan sharoitda, bir qator don korxonalari fermer xo‘jaliklaridan qabul qilgan g‘alla uchun hisob-kitobni yakuniga yetkaza olmayaptilar. Buning sababi don korxonalari bug‘doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosi uchun 1400 so‘mdan, ya'ni Hukumat tomonidan belgilab qo‘yilgan qat'iy narxda sotishlari bilan izohlashmoqda. Don korxonalari zarar ko‘rayotgani sababli, fermerlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qila olmayaptilar.

Unning tannarxi 2200-2400 so‘mni (birinchi nav unning kilosi) tashkil etadi, ammo «O‘zdonmahsulot» davlat narxi tufayli uni 1400 so‘mdan sotishga majbur.

Umuman olganda, hukumat don va un narxlarini erkinlashtirishga qaror qildi. Bu, o‘z navbatida, qolipli non narxining 1500 so‘mgacha ko‘tarilishiga olib keladi. Ayni paytda qolipli nonning ulgurji narxi bir donasi uchun 1000 so‘mga teng. Ko‘plab do‘konlarda uni 1100 so‘mdan sotishmoqda.

Manbaning ta'kidlashicha, kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalarga “non kompensatsiya” puli sezilarli oshishi mumkin. Kompensatsiya miqdori oyiga 50 ming so‘mni tashkil etadi. Hozirda hukumat non uchun sarf-xarajatlarni qoplash uchun oyiga qariyb 1,6 million kishiga 22,5 ming so‘mdan to‘lamoqda. 

O‘zbekistonda non narxi oxirgi marta 2018 yil sentabr oyida 1100 so‘mga ko‘tarilgandi. Bundan oldin u ko‘p yillar davomida 600-650 so‘mni tashkil qilgan.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab un va qolipli non olish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lovi joriy etilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: