Buxoro davlat universiteti talabalari uchun yotoqxonada joylar taqchil: mutasaddilar nima deydi?

Jamiyat 12:27 / 12.10.2019 16605

Kun.uz tahririyatiga Buxoro davlat universitetida ta'lim oluvchi bir guruh talabalardan murojaat kelib tushdi. Unda talabalarga yotoqxonada joy yetmayotgani haqida aytilgan. Shu sababli ularning ayrimlari juda qimmat narxlarga ijarada turishmoqda. Yana ba'zilari uzoqroqdan o‘qishga  qatnashmoqda. Holbuki, universitetdagi talabalar uyida bo‘sh joylar bor. Lekin bu joylar turkmanistonlik talabalar uchun zaxira sifatida ushlab turibdi.

Mazkur murojaatni o‘rganish uchun Buxoro davlat universitetida bo‘lib, mas'ul mutasaddilar bilan masalaning yechimiga qiziqdik.

Ma'lum bo‘lishicha, murojaatda tilga olib o‘tilgan turkmanistonlik talabalar katta shartnoma puli evaziga o‘qishadi. Xorijlik talabalar birinchi navbatda yotoqxona bilan ta'minlanar ekan.

Buxoro davlat universitetining yoshlar masalalari bo‘yicha prorektori Orif Qodirovning aytishicha, talabalar yotoqxonasidagi joylar avvalo xorijlik talabalarga, so‘ngra boshqa viloyatlardan kelib o‘qiyotganlarga, undan keyin Buxoro viloyatining Qorako‘l, Olot, G‘ijduvon kabi uzoq tumanlaridan kelganlarga berilar ekan.

Dekanatlar ushbu tartib bo‘yicha talabalar ro‘yxatini taqdim etishadi va ularga order beriladi. Yotoqxona pullik, oyiga 100 ming so‘m atrofida.

Universitetda 600 nafardan ortiq xorijiy talabalar ta'lim olishmoqda. Kontrakt puliga ularning yotoqxonada istiqomat qilishlari ham qo‘shilgan.

Boz ustiga, Buxoro davlat universiteti talabalar yotoqxonalaridagi tartibdan hayratga tushdik. Bu yer yaqindagina mukammal ta'mirdan chiqarilgan. Talaba-yoshlar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Shuning uchun ham unga talabgorlar ko‘p.

Universitet talabalar turarjoyi boshqaruvi direktori Vohid Nusratov masala yuzasidan shunday fikr bildirdi:

Yettita korpusda talabalar uchun qariyb 1900ta joy mavjud. Biroq, universitetda 14 mingdan ziyod talaba o‘qiydi. Ular uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Universitet hududida talabalar uchun tushlik va kechki ovqat arzon narxlarda sotiladigan oshxonalar ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Chindan ham talabalar uyida turkmanistonlik talabalar ham turishar ekan. Ulardan ayrimlarini suhbatga tortdik. Ular yaratilgan sharoitlardan mamnunligini izhor etishdi.

Ayni paytda 14 ming talaba o‘qiyotgan universitetga talabalar yotoqxonasi kamlik qilmoqda. Talabalarni turar joy bilan yanada ta'minlash bo‘yicha kelgusida ishlar rejalashtirilgan.

Universitetning yoshlar masalalari bo‘yicha prorektori Orif Qodirov bu borada shunday dedi:

— So‘nggi yillarda qabul soni orta boshlagach, talabalar yotoqxonasi uchun talab ham oshib bormoqda. Biz yangi talabalar uylari qurish bo‘yicha takliflar berganmiz. Mutasaddi idoralar tomonidan takliflar o‘rganib chiqilmoqda.

Kun.uz’ga murojaat qilgan talabalar haq, chindan ham turkmanistonlik talabalar uchun 200ga yaqin o‘rin zaxira qilib turilibdi. Agar ular viza va boshqa masalalar bilan bog‘liq ravishda 15 oktyabrgacha o‘qishga kela olishmasagina ular uchun ajratilgan o‘rinlar mahalliy talabalarga ajratib berilishi ma'lum qilindi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri,
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi-montajchi.

Ko‘proq yangiliklar: