O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabariga ko‘ra, shu yilning 1 oktabr kuniga o‘tar kechasi tezkor xodimlar tomonidan Toshkent shahrida sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanayotgan jinoiy guruhlarni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.
Ular davomida, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan M.K. boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashina Olmazor tumanining Nurafshon ko‘chasida to‘xtatilib tekshirilganda, avtomashina salonidan bir dona qog‘oz bo‘lagiga qadoqlangan 0,61 gramm “spays” sintetik giyohvandlik vositasi, uni iste'mol qilish uchun mo‘ljallangan baklajka va pichoq topilib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ushbu giyohvandlik vositasining manbasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan surishtiruv natijasida M.K. va u bilan avtomashinada bo‘lgan, 1984 yilda tug‘ilgan Z.D.lar giyohvandlik vositasini muqaddam sudlangan, 1988 yilda tug‘ilgan K.D. va 1995 yilda tug‘ilgan I.S.(ayol)lardan olganliklari aniqlanib, ular Olmazor tumanidagi “Sulola” to‘yxonasi oldida ushlandilar.
I.S.ning yonidan 49 gramm “spays” sintetik giyohvandlik vositasi olindi. K.D. va I.S.larni shu joyga 1988 yilda tug‘ilgan D.T. o‘z boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinada olib kelganligi ma'lum bo‘lib, D.T.ning avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salonidan “spays” giyohvandlik vositalarini iste'mol qilishda foydalanilgan baklajka ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda giyohvandlik vositalari manbasini aniqlashga qaratilgan tezkor ishlar davom ettirilmoqda, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabarida.