Samarqanddagi uchta bog‘chada bolalar ovqatdan ommaviy zaharlandi

Jamiyat 20:09 / 11.10.2019 18077

11 oktabr kuni Samarqand shahridagi 80, 98 va 106-sonli maktabgacha ta'lim muassasalarning 12 nafar tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov telegramdagi kanalida Samarqandagi maktabgacha ta'lim muassasalarida ommaviy zaharlanish holatlari qayd etilgani yuzasidan ma'lumot berdi.

«Samarqand shahar DSENMning 2019 yil 11 oktabr kuni soat 14:00dagi xabariga ko‘ra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2019 yil 11 oktabr kuni soat 10:00da shahardagi 80, 98 hamda 106-sonli maktabgacha ta'lim muassasalarning 12 nafar tarbiyalanuvchilari «Ovqatdan zaharlanish toksikoinfeksiyasi yengil-o‘rta darajasi» tashxisi bilan yotqizilgan.

Aniqlanishicha, tarbiyalanuvchilar qayd etilgan maktabgacha ta'lim muassasalarida osh, karam sho‘rva, makaron, salat kabi aralash ovqatlarni iste'mol qilganliklari natijasida sog‘liqlari yomonlashib shifoxonaga murojaat qilishgan.

Shahardagi 80, 98 va 106-maktabgacha ta'lim muassasalariga «E.M» korxonasi tomonidan autsorsing xizmat ko‘rsatilib kelingan.

Mazkur zaharlanish holati yuzasidan viloyat DSENM tomonidan 80, 98 va 106-MTM faoliyatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Hozirda bemorlar ahvoli qoniqarli bo‘lib davolash muolajalari davom ettirilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan 11.10.2019 yil kuni JKning 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi shahar IIO FMB xuzuridagi Tergov bo‘limiga yuborildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Samarqand viloyatining o‘zida so‘nggi bir oy davomida kamida ikki marta ovqatdan zaharlanish holati kuzatildi: 14 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘ydan so‘ng 10 dan ortiq odam shifoxonaga murojaat qilgan, 6 oktabr kuni esa Samarqand shahridagi xot-dog shoxobchalaridan birida ovqatlangan kamida 24 kishi ertasi kuni kasalxonaga yotqizilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: