Moskva oblastida o‘zbekistonlikning jasadini yashirmoqchi bo‘lishdi

Jamiyat 08:14 / 11.10.2019 47012

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 8 oktabr kuni Moskva oblasti Lyubersi tumani hududidagi o‘rmondan O‘zbekiston fuqarosi X.B.ning jasadi topilgan.

Avvalroq, elchixona 2 oktabr kuni “Tomilinsk elektron zavodi” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi” MChJning obektlaridan birida devor qulashi natijasida hamyurtimiz vafot etgani va tashkilot rahbarlari mazkur holatni yashirishga urinayotgani to‘g‘risida ma'lumot olib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga rasmiy murojaat qilgandi hamda bosh konsul O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiya agentligi vakolatxonasi rahbari bilan birgalikda voqea joyiga borgan edi.

Tergov organlari qidiruv amaliyotlarini olib bordi hamda marhumning jasadi obektdan 5 km uzoqlikdan topildi.

Ayni paytda tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davom etmoqda.

Elchixona vaziyatni nazoratga oldi hamda marhumning jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarini hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi va Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod oblasti, Bryansk oblasti, Vladimir oblasti, Voronej oblasti, Ivanovo oblasti, Kaluga oblasti, Kastroma oblasti, Kursk oblasti, Lipetsk oblasti, Moskva shahri, Moskva oblasti, Oryol oblasti, Ryazan oblasti, Smolensk oblasti, Tambov oblasti, Tver oblasti, Tula oblasti, Yaroslav oblasti) va Armaniston hududidagi fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.

Ko‘proq yangiliklar: