Axborot-kutubxona tizimi xodimlari kuni belgilanadi

Jamiyat 16:57 / 11.10.2019 4045

Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida «Axborot-kutubxona tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Qonunda 21 may – O‘zbekiston Respublikasining axborot-kutubxona tizimi xodimlari kuni, deb belgilash nazarda tutilgan. Senator Iqbol Mirzo nima sababdan ushbu sana tanlanganiga izoh berdi.

«1870 yilda 21 may Toshkent shahrida birinchi ommaviy kutubxona tashkil etilgan sana hisoblanadi. Ushbu qonun qabul qilinishi, birinchidan, axborot-kutubxona tizimi rivojlanishiga, jumladan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga, yuqori malakali kadrlar soni oshishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, kitobxonlarga axborot-kutubxona xizmati sifati, kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirishga ilmiy-tadqiqot va metodik-uslubiy faoliyat samaradorligini ta'minlaydi.

Uchinchidan, axborot-kutubxona tizimi rivojiga hissa qo‘shgan xodimlarni rag‘batlantirishni takomillashtiradi, ularning kasb nufuzini oshiradi. Respublikaning 12 mingdan ortiq kutubxonalar 150 milliondan ortiq kitob fondiga ega. Ularda 25 mingdan ortiq xodimlar foliyat olib boryapti va 4 milliondan ortiq kitobxonlarga xizmat ko‘rsatmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Iqbol Mirzoning ta'kidlashicha, qator xorijiy mamlakatlarda ham kutubxona xodimlari kasb bayrami keng nishonlanadi. O‘zbekistonda ham ushbu kunning belgilanishi bu tizimga bo‘lgan e'tiborning yana bir namunasi bo‘ladi. 

Ko‘proq yangiliklar: