Aholi gavjum hududlarda go‘daklarni ona suti bilan oziqlantirish joylari tashkil etiladi – CCV

O‘zbekiston 15:40 / 11.10.2019 2924

Senatning 23-yalpi majlisida jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadigan qator qonunlar ko‘rib chiqildi.

Kun tartibida «Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida»gi Qonuni muhokama etildi. Ushbu hujjat avvalgi yalpi majlisda ma'qullanmagandi. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov aholi gavjum hududlarida go‘daklarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus joylar qay tartibda tashkil etilishi haqida axborot berdi.

«Qonunda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, shuningdek avtovokzallar, aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida, madaniy-ko‘ngilochar muassasalarda maxsus ajratilgan joylar tashkil etilishi kerakligi belgilanmoqda. Boshqa tashkilotlarda ham bunday kichik maydonchalarni tashkil etish mumkinligi qayd etilgan. Buni amalga oshirishning hech qanday qiyinchiligi yo‘q. Ma'lum tashkilotlarga bitta to‘siq qo‘ysa ham bo‘ladi va bu ortiqcha xarajatni talab qilmaydi. Qonun kuchga kirishi bilan bu borada xalq orasida targ‘ibotni olib boramiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, qonun bir nechta ahamiyatli bandlar mavjud. Ular quyidagilar:

  • go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, shuningdek reklamani tayyorlovchilar va tarqatuvchilar faoliyatiga oid cheklovlar o‘rnatilmoqda
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishmasdan go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishiga doir ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi reklama mahsulotini onalar va ularning oila a'zolari o‘rtasida tarqatish ta'qiqlanadi
  • go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar ozik-ovqat mahsulotlariniig o‘roviga (idishiga) hamda ularni tamg‘alashga doir, shuningdek idishchalarni va so‘rg‘ichlarni tamg‘alashga talablar belgilandi.
  • bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya holati, sifati va xavfsizligi ustidan davlat nazoratini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi amalga oshiradi.
Ko‘proq yangiliklar: