1 noyabrdan O‘zbekistondagi uch hududda yer ostidan suv olish bo‘yicha yangi tartib o‘rnatiladi

O‘zbekiston 12:25 / 10.10.2019 61124

Vazirlar Mahkamasining “Ayrim hududlarda yer osti suvlaridan oqilona foydalanishni ta'minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarining Nurota, Qo‘shrabot hamda Zomin tumanlari doirasida joylashgan konlar hududida yer osti suvlari resurslarining jadal olinishi natijasida yer osti suvlari sathining pasayishi va zaxiralarining kamayishi kuzatilmoqda.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2019 yil 1 noyabrdan 2021 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda Nurota, Qo‘shrabot va Zomin tumanlari doirasida joylashgan konlar hududida suv olish uchun quduqlarni qazishga ruxsatnoma, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun mo‘ljallangan quduqlardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi tomonidan:

suvni tejash texnologiyalarini joriy etish hisobga olingan holda sug‘orish maqsadlari uchun - O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi;

hududiy rivojlantirish dasturlari va oqilona foydalanish hisobga olingan holda ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalanish maqsadida - O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda tegishli tumanlar hokimliklari bilan kelishilgan holda beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi Nurota, Qo‘shrabot va Zomin tumanlari doirasidagi yer osti suvlarining sathi va sifati bo‘yicha davlat monitoringini kuchaytiradi hamda monitoring natijalariga ko‘ra, kelgusida ushbu resurslarni olishni cheklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida 2019 yil oxiriga qadar Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritadi.

Nurota, Qo‘shrabot va Zomin tumanlari hududi doirasida 2020 yildan boshlab suvni kam talab qiladigan ekinlarni ekish va yetishtirishga, shuningdek, yerlarni sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmi joriy etiladi. 

Ayrim hududlarda yer osti suvlaridan oqilona foydalanish va ularning zaxiralari kamayishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Tashkilotlar rahbarlari - mas'ul ijrochilar zimmasiga Kompleks chora-tadbirlarda ko‘rsatilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Nurota, Qo‘shrabot hamda Zomin tumanlari doirasida quduqlarni noqonuniy burg‘ilashga va yer osti suvlari olinishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazoratni kuchaytiradi.

Ko‘proq yangiliklar: