«Aybim bor, lekin 9 yil qamoqqa hukm qilinadigan darajada emas». Mahkuma ayol sud hukmi o‘zgartirilishidan umidvor

Jamiyat 20:54 / 09.10.2019 67641

Kun.uz tahririyatiga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2017 yil 24 avgustdagi hukmiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi, 168-moddasi 3-qismi va 28-211-moddasining 3-qismi bilan aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazoni 42-sonli manzilli koloniyada o‘tayotgan Eltazarova Sayyora Tojiboyevnadan kelib tushgan murojaatda uning jinoiy qilmishi tergov va sud organlari tomonidan noto‘g‘ri malakalangani haqida bayon etiladi. 

«Hayot insonga bir bor beriladigan ne'matdir. Inson huquqlari va qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida e'tirof etilayotgan bir zamonda, tergov va sud organlarining biryoqlama qarashlari sabab mening huquqlarim poymol etildi. Jinoyat sodir etganimni inkor etmayman, har ne bo‘lganda ham taqiqlangan ishni qilib, jinoyatga qo‘l urdim. Biroq men sodir etgan jinoyat uchun 9 yil qamoq jazosi berilishi bu adolatsizlikdir. Tergovchi va sudyalarning qat'iyatsizligi sabab mening qilmishlarim o‘ta og‘ir jinoyat sifatida malakalandi.

Tan olib aytishim lozimki, bir necha epizodlarda fuqarolarga oliy ta'lim muassasasini bitirganligi to‘g‘risidagi soxta diplomlarga, garchi buning jinoiy qilmish ekanligini bilsam-da fuqaro R.A.ning iltimosiga ko‘ra har biriga 50 AQSh dollari miqdorida haq evaziga soxta yozuvlar kiritib berganman. R.A.ning ortida kimlar turganidan va ular nima bilan shug‘ullanishidan mutlaqo bexabar bo‘lganman.

Alaloqibat, men sun'iy ravishda, faqatgina hibsga olinganimdan so‘ngina tanigan odamlar bilan jinoiy guruh a'zosi bo‘lib qoldim. Ularning Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28-211-moddasining 3-qismiga loyiq jinoiy qilmishlarida mening umuman ishtirokim bo‘lmagan bo‘lsa-da, tergov va sud buni inobatga olmadi. Shu o‘ta og‘ir jinoyat deya e'tirof etiladigan moddalarning menga ham tirkalishi natijasida uzoq muddatga – 9 yilga ozodlikdan mahrum etildim. Hozirda qilmishimdan chin dildan pushaymon bo‘lib tavba qilmoqdaman. Adolat qaror topib, menga asossiz tirkalgan mash'um moddalar olib tashlansa umrimning qolgan qismini oilam, farzandlarim, shirindan shakar nabiralarim bag‘rida o‘tkazsam deyman», deyiladi murojaatda.

Mazkur murojaat doirasida dastlabki tergov va sud protsesslarida S.Eltazarovaning himoyasini ta'minlagan advokat bilan suhbatlashdik. Uning ma'lum qilishicha, S.Eltazarova jami bo‘lib 4ta epizodda rasmiy hujjat hisoblangan turli oliy ta'lim muassasalarining qalbaki diplomlariga soxta ma'lumotlar kiritganini, mazkur hujjatlarni qabul qilib olgan shaxslar dastlabki tergovda ham, sudda ham bergan o‘z ko‘rsatuvlarida S.Eltazarovani umuman tanimasliklarini bildirishgan. Tergov va sud S.Eltazarovaning aybini malakalashda uning harakatlarida 25,168-modda 3-qismi «v» bandi va 25,28,211-moddasi 3-qismi «b» bandida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rmasdan shu moddalar bilan aybli deb topgan. Qolaversa, jinoyat ishida jinoiy guruh rahbari deya e'tirof etilgan Sh.Sh.ning S.Eltazarovani oldindan tanishi haqidagi yoki Sh.Sh.ning pora berishga biron bir shaxsni dalolat qilganligi yuzasidan S.Eltazarova bilan kelishib olishganligi haqidagi ko‘rsatuvlari ham mavjud emas. R.A. ham S.Eltazarovaga qalbaki diplom uchun pul berayotganida S.Eltazarovaning biror mansabdor shaxsga pora berishi kerakligini aytganligi haqidagi ko‘rsatuvlari yo‘q.

Ma'lum bo‘lishicha, S.Eltazarova va boshqalarga nisbatan tergov qilingan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2017 yil 6 martdagi hukmga asosan jinoyat ishining barcha ishtirokchilari, shu jumladan S.Eltazarova Jinoyat kodeksining yuqorida ta'kidlangan moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 29 sentyabrdagi ajrimi bilan ayblanuvchilarga qo‘yilgan ayblovlar (jinoyat ishining moddalari) qayta malakalangan bo‘lmasada, jazo biroz yengillashtirilib, 9 yil ozodlikdan mahrum etishga almashtirilgan.  

Jazoning 3 yildan oshiq qismini ozodlikdan mahrum etilgan holda o‘tab qo‘ygan S.Eltazarova sud hukmining o‘zgartirilishidan va uzoq muddat qamoqqa hukm qilinishiga sabab bo‘lgan moddalarning olib tashlanishidan umidvor bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga nazorat tartibida shikoyat kiritgan. 

Tahririyat mahkuma S.Eltazarovaning qilmishlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qay darajada to‘g‘ri malakalanganligiga oid masalaga fikr bildirishdan yiroq bo‘lgani holda e'tiborni masalaning boshqa bir jihatiga qaratishni lozim deb topdi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Oliy sudi va Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida ijtimoiy sheriklik asosida imzolagan memorandum amal qiladi. Mazkur memorandum doirasida bir qancha mahkuma ayollarning ozodlikka chiqarilganiga yoki og‘ir jazolari yengili bilan almashtirilganiga guvoh bo‘lganmiz. 

Zora, qilmishidan pushaymon bo‘lib, qolgan umrini savob ishlarga va xayrli amallarga sarflashni niyat qilgan S.Eltazarova va u kabi boshqa mahkumalarning orzu-umidlari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining yordami ila ushalsa...

Ko‘proq yangiliklar: