O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Tovar-xomashyo birjalari faoliyati samaradorligini oshirish va birja savdosi mexanizmlarini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab shunday tartib belgilanadiki, unga ko‘ra:
ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar yoki ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar (davlat ulushi mavjud tashkilotlar) tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘rnatiladigan kvotalar bo‘yicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi;
monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan texnik moy, omuxta yem, xo‘jalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosi ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta'minlangan holda realizatsiya qilinadi;
mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta'minlangan holda realizatsiya qilinadi, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste'molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno;
monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan isitish yoqilg‘isi, yoqish mazuti, suyultirilgan gaz va neft bitumi faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng ta'minlangan holda realizatsiya qilinadi, maxsus iste'molchilarga o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno;
birja savdolariga qo‘yilishi lozim bo‘lgan, monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan ichki bozorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali realizatsiya qilinadigan yuqori likvidli va monopol mahsulot sotuvchilar tomonidan majburiy tartibda tovar-xomashyo birjalarida hisobga qo‘yiladi va ushbu ma'lumotlar tegishincha shartnoma tuzilgan va majburiyatlar bajarilgan vaqtdan boshlab uch kun muddatda birjaning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi;
tovar-xomashyo birjalarida tomonlarning kelishuviga muvofiq birja savdolari qoidalari asosida chet el valutasida import bitimlari tuzilishi mumkin. Bunda tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ma'lumotlar tovar-xomashyo birjalari tomonidan Valuta operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 noyabrga qadar yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni tovar-xomashyo birjalarining birja savdolarida, shu jumladan, birja tovarlarini 1 oydan ortiq muddatga kechiktirib yetkazib berish sharti bilan oldi-sotdi bitimi (forvardlar) tuzish orqali realizatsiya qilish tartibini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Belgilab qo‘yilishicha, yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish jadvallari monopolist korxonalar va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan tovar-xomashyo birjalarining rasmiy veb-saytlariga, zarur hollarda, har oyda yangilangan tarzda joylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga o‘rnatilgan tartibda qo‘yib borilishi ustidan nazoratni ta'minlaydi.
Birjada kamida 100 ta sotilgan (bepul taqdim etilgan) brokerlik o‘rinlari mavjudligi va birja faoliyatini amalga oshirishda tovar-xomashyo birjalari rahbarlari malaka talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi shartlar va talablar bekor qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga:
Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda monopolist korxonalar tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga majburiy qo‘yish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
birja savdolari qatnashchilari doirasini chegaralab qo‘yishning oldini olish uchun birja savdolariga qo‘yiladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bitta lot bo‘yicha maksimal hajmini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan tovar-xomashyo birjalariga ko‘rsatmalar berish huquqi taqdim etildi.