Shu yilning 19 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yosh avlod o‘rtasida kitob mutolaasini targ‘ib qilish masalasi ko‘tarilgan edi. Mazkur tadbirda davlat rahbari «Barcha rahbarlar − Bosh vazirdan boshlab, tumanlar rahbarlari, deputatlar, kelinglar, o‘zimiz tashabbus ko‘rsataylik va o‘zimiz o‘qigan tumandagi maktablarga 10-20 tadan kitob sovg‘a qilaylik. Hamma ham kitob o‘qiyvermaydi, biroq yoshlarimizga ular kerak», degan edi.
Prezidentning mana shu tashabbusidan so‘ng barcha maktablarga yangi adabiyotlar, jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlari, tarixiy kitoblar tuhfa etilishi urfga aylandi. Shuningdek, o‘quvchi yoshlar bilan ijodiy muloqotlar, suhbatlar o‘tkazilmoqda.
O‘zLiDep partiyasi Xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashi deputati Lutfulla Ubayev tumandagi «Ipakchi» MFY guzarida kutubxona tashkil etish fikrini bildirgach, uning fikrni mahalla faollari ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, kutubxona uchun mahalla guzarida alohida xona ajratilib, kitob javonlari joylashtirildi.
Mo‘'jaz kutubxonaning ochilishi tadbirida MFY vakillari, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mas'ullar, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar ishtirok etdi. Mazkur ziyo maskaniga Lutfulla Ubayev o‘zining shaxsiy kutubxonasidagi 400 dan ziyod kitoblarni sovg‘a qildi. Bugungi kunda mahalla aholisi bo‘sh vaqtlarini ushbu kutubxonada kitob o‘qish orqali mazmunli o‘tkazmoqda.
− Saxovatli deputat Lutfulla Ubayevning sa'y-harakatlari natijasida jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari jam bo‘lgan katta xazinali kutubxonaga ega bo‘ldik, dedi «Ipakchi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustam Tojiyev. − Sovg‘a qilingan kitoblar orasida ancha ilgari bosmadan chiqarilgan, lekin bugungi kunda kitob savdosi do‘konlarida mavjud bo‘lmagan qimmatli badiiy adabiyotlar ham ko‘p ekan. Mahalla ahli juda xursand bundan.
− Kitob o‘qigan insondan yomonlik chiqmaydi. Uni mutolaa qilgan inson dunyoni teran anglaydi, o‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘yib, yuksak marralarga intilishiga ishonaman, dedi deputat jamoatchi yordamchisi Samarjon Nazarov.
Reklama huquqi asosida