Turkiya shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish boshqarmasi Facebook kompaniyasiga 1,6 million lira (282 ming dollar atrofida) jarima solganini ma'lum qildi.
Jarima solinishiga foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlari daxlsizligining buzilishi sabab bo‘lgan.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili 280 mingdan ortiq foydalanuvchining shaxsiy ma'lumotlari uchinchi shaxslar ko‘rishlari mumkin tarzda ochiq bo‘lgan.
"Mazkur qonun buzilishining oldini olish uchun ma'muriy va texnik choralar ko‘rilmagan. Facebook kompaniyasi shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi uchun 1,15 million lira jarima to‘lashi bo‘yicha qaror chiqarildi. Qonun buzilishi haqida hukumatni xabardor qilmagani uchun yana 450 ming lira jarima to‘laydi", - deyiladi boshqarma xabarida.
Shu yilning may oyida Turkiya shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish boshqarmasi foydalanuvchilarning fotosuratlari ochiq foydalanishga chiqib ketganligi bois Facebook kompaniyasiga 1,65 million lira jarima solgandi.