O‘zbekistonda sanoat robototexnikasi rivoji qay darajada?

Fan-texnika 20:50 / 02.10.2019 5143

Bugun, 2 oktabr kuni Toshkentda sanoat robototexnikasiga bag‘ishlangan II xalqaro sammit bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda sanoatda robototexnikani joriy qilishning afzalliklari, robototexnikaning so‘nggi tendensiyalari va O‘zbekiston sanoatida robototexnikadan foydalanish salohiyati xususida so‘z yuritildi.

Kongratbay Sharipov, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri birinchi o‘rinbosari:

— Iqtisodiy rivojlanish ko‘p jihatdan robototexnika texnologiyalariga bog‘liq bo‘lgani bois ta'lim tizimida robototexnika bo‘yicha raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash masalasini ko‘rish lozim. Bunday texnologiyalarni nafaqat qo‘llay olish, balki yarata olish ham muhim. Maktablarda 4-sinfdan boshlab elektrotexnikadan robototexnikagacha qamrab olgan dasturlar joriy qilinmoqda. Yaqinda Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan robototexnika bo‘yicha tanlovda o‘zbek yoshlari uchinchi o‘rinni egallagani ham O‘zbekistonda bu sohaga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Olimjon To‘ychiyev, O‘zbekiston robototexnika federatsiyasi prezidenti:

— Sanoat robototexnikasiga bag‘ishlangan sammitning o‘tkazilishi mamlakatda bu sohaning rivojlanishi uchun kuchli turtki berdi.

Xalqaro robototexnika federatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda jahon bozorida sanoat robototexnikasi o‘z tarixida rekord natijani—16,5 mlrd dollar bahosida 422 mingta sanoat robotini tashkil qilgan. Bunda eng katta ko‘rsatkich Singapur hissasiga to‘g‘ri keladi, Singapurda har 10 ming nafar ishchiga 831ta robot to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston hali bunday raqamlardan uzoq, lekin mamlakatda sanoatning kengayayotgani, xorijiy ishlab chiqaruvchilarning jalb etilayotgani hisobiga bu borada siljishlar kuzatilmoqda. Yaqin yillarda robototexnikaga bo‘lgan talab ortib boradi va bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni so‘nggi texnologiyalardan foydalangan holda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruhlantirishi lozim.

Behzod Ayupov, Manganorobot Central Asia bosh direktori:

— Robototexnika bozori O‘zbekistonda endi ochilyapti. Hozirda asosan UzAvtoSanoat tizimida robototexnikadan foydalanilyapti, boshqa sanoat yo‘nalishlarida bu borada siljishlar kam. Ishlab chiqaruvchilar robototexnikani joriy qilish ishsizlikni keltirib chiqaradi, deb o‘ylamasligi kerak. Inson omiliga boshqa yo‘nalishlarda har doim talab bor.

Daniyele Mangano, Manganorobot S.R.L direktorlar kengashi raisi (Italiya):

— Robototexnikani ishlab chiqarish jarayoniga olib kirish dastlab qimmat bo‘lishi mumkin. Lekin sifatning ko‘tarilishi, ish tezligining ortishi natijasida 3-4 yilda oddiy ishchi kuchi va robot mehnati orasidagi ijobiy farq sezila boshlaydi. Shuning uchun sifat haqida qayg‘urgan ishlab chiqaruvchilar robototexnika bilan do‘stlashishi kerak.

2018 yilda Toshkentda I Sanoatlashtirilgan robototexnika sammiti o‘tkazilgan bo‘lib, unda robototexnika rivojlanayotgan O‘zbekiston bozori uchun yuqori texnologik yechimlarni joriy qilishning afzal usuli bo‘lib, bu iqtisodiyotni rivojlantirishga sezilarli ijobiy ta'sir ko‘rsatishi e'tirof etilgan edi.

Sammitda sanoatda robototexnikaning eng ilg‘or texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha yetakchi hisoblangan Manganorobot (Italiya), Atlas Copco (Shvetsiya), Kuka robotics (Germaniya), Siemens (Germaniya), Bai Automaizone va Aldo Toni (Italiya) kabi kompaniyalar ishtirok etdi. Sammit doirasida mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari o‘rtasida robototexnika amaliyoti bo‘yicha B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: