Chegaradagi qonunbuzarliklar yoki «zo‘ravon o‘rtakashlar»ning tanobini kim tortadi?

Jamiyat 16:00 / 29.09.2019 67543

Turkiy xalqlar bir ildizdan o‘sib chiqqan ulkan daraxtga o‘xshaydi. Shu daraxtning yer yuziga keng soya beradigan ikki yirik shoxidan biri qozoq xalqi bo‘lsa, boshqasi o‘zbek xalqidir. Bir teran tomirdan suv ichgan ikki xalqning keng va chuqur ma'noli madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari bir-biriga tutash, o‘zaro hamohang va uyg‘un. Birgina «Alpomish» dostonini oladigan bo‘lsak, uning o‘zbekcha va qozoqcha talqinlari bo‘lib, ikkisi ham kitobsevarlarga zavq, mardlik, matonat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini singdiradi. Qardoshlik va birodarlik rishtalari asrlar osha qondoshlik, qarindoshlik, quda-andalikka ulanib ketgan.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘istonning do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yanada mustahkamlandi. Ikki davlatning madaniy aloqalari keng quloch yoydi, yanada ravnaq topdi. 2018 yilning Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston yili, 2019 yili O‘zbekistonda Qozog‘iston yili deb e'lon qilingani ulkan tarixiy voqea bo‘lib, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikning mustahkamlanishiga hissa qo‘shmoqda.

Bir dengizga tutashgan daryolardan suv ichib, olis moziydan bugungi kungacha do‘st-qadrdon bo‘lib yashayotgan o‘zbek va qozoq xalqi birodarlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi, davlatlararo munosabatlarning kengayishida davlatimiz rahbarining Qozog‘istonga amaliy tashrifi davomida imzolanadigan bir qator hujjatlar, ikki mamlakat madaniyat kunlari doirasida o‘tkazilgan va o‘tkazilayotgan madaniy-ma'rifiy tadbirlar ikki xalq orasidagi do‘stlik aloqalarining barqaror bo‘lishida katta ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yanada mustahkamlanmoqda. Ayniqsa, chegaralardagi to‘siqlarning olib tashlangani, ikki davlat fuqarolarining bordi-keldilari belgilangan tartiblar asosida yo‘lga qo‘yilgani har ikki tarafda yashovchi aholi uchun qulayliklar tug‘dirdi. Lekin so‘nggi paytlarda o‘zaro qo‘shnichilik aloqalari borasida ba'zi noxush holatlar sodir bo‘layotgani kishini ranjitadi.

So‘nggi vaqtlarda, Qozog‘iston Respublikasi, Turkiston viloyati, Maxtaorol tumanining «Atameken» chegara bojxona postida korrupsiya, tamagirlik va firibgarlik illatlari tobora ildiz otib bormoqda. Achinarlisi shundaki, ushbu illatlarning asosiy jabrdiydalari bevosita yurtimiz fuqarolari ekani haqida tezkor ma'lumotlar olinmoqda.

Xususan, «Sirdaryo» chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilardan biri bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida salbiy holatni misol keltiramiz.

Jumladan, joriy yilning avgust oyida Qozog‘istondan O‘zbekistonga o‘tish maqsadida «Sirdaryo» chegara bojxona postiga «NEXIA» rusumli yengil avtotransport vositasini boshqarib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Sharapov Ulug‘bek Ravshanovich (ismi o‘zgartirildi) bilan sodir bo‘lgan holat kishini tashvishga soladi.

Ma'lum bo‘lishicha, U.Sharapov Rossiya Federatsiyasining Orenburg shahrida oshpazlik hamda haydovchilik qilib pul topib keladi. U hozirda mehnat ta'tiliga chiqqani sababli o‘zining doimiy yashash manzili Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga ketayotganida Qozog‘iston Respublikasining «Atameken» chegara bojxona posti orqali o‘tish vaqtida bir qator sun'iy to‘siqlarga duch kelgan.

Jumladan, U.Sharapov hamrohi bilan yuqorida qayd etilgan avtotransport vositasida Rossiya Federatsiyasining Orenburg shahridan yo‘lga chiqib, Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali O‘zbekistonga o‘tish uchun Qozog‘iston Respublikasining «Atameken» chegara bojxona posti darvozasi oldiga kelgan.

Shu vaqtda, chegara posti darvozasi oldida turgan qurollangan harbiy xizmatchining yonida fuqarolik kiyimida bo‘lgan va o‘zini «Chingiz» deb tanishtirgan, qozoq millatiga mansub, yoshi taxminan 25 yoshlardagi yigit paydo bo‘lib, o‘z-o‘zidan «nega senlar beruxsat post darvozasi oldigacha kirib keldilaring», deb U.Sharapov va uning hamrohiga baqirib ketgan (haqorat qilgan). U.Sharapov chegara postidan o‘tish uchun kimdan ruxsat olish kerakligini so‘raganida, o‘zini «Chingiz» deb tanishtirgan shaxs «mendan so‘rashlaring kerak, choy pulini berasanlar, bo‘lmasa bu yerda senlarga yo‘l yo‘q, agar tegishli to‘lov bo‘lsa, men shu bugunning o‘zida sizlarni O‘zbekistonga o‘tkazib yuboraman» deb aytgan. So‘ngra ularni qo‘rqitib, aldab, avtomashinasi bilan birga o‘z uyiga olib ketgan.

«Chingiz» o‘z uyida U.Sharapov va uning hamrohini hech qanday sabablarsiz urib-so‘kib, qo‘rqitib bir million so‘mdan ortiq pulini olib qo‘ygan va avtomashinani o‘z uyidan chiqarib yubormaslik chorasini ko‘rib, o‘zi esa uyidan chiqib ketgan.

Shuningdek, U.Sharapov «Chingiz»ning uyiga borgan vaqtida uning hovlisida O‘zbekiston fuqarosiga tegishli «LARGUS» rusumli yengil avtomashina turgani, ushbu avtomashina haydovchisi ham firibgarlik yo‘li bilan aldab, o‘z uyiga olib kelgani va uning 400 AQSh dollari miqdoridagi pulini olib qo‘yib, so‘ngra uyidan chiqarib yuborgani ma'lum bo‘lgan.

U.Sharapov «Chingiz» uyda yo‘qligidan foydalanib, uning uyidan qochgan va «Atamaken» chegara bojxona postiga yetib borgan. Biroq, u yerda tasodifan yana «Chingiz»ga duch kelgan va unga yana qo‘shimcha 3000 Rossiya rublini (taxminan 390 000 so‘m) berib, ushbu chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga o‘tgan.

«Atameken» chegara bojxona postidan o‘tish uchun U.Sharapov «Chingiz» ismli o‘rtakashga taxminan 1 million 500 ming so‘m pulni «pora» sifatida bergan.

Qozog‘iston Respublikasining «Atameken» chegara bojxona postida xizmat olib borayotgan chegara va bojxona xodimlari, ushbu post hududida noqonuniy faoliyat olib borayotgan, «Chingiz»ga o‘xshagan «o‘rtakashlar»ga nisbatan hech qanday chora ko‘ra olmasliklari, «o‘rtakashlar» chegara o‘tkazish posti boshliqlariga ham buyruq ohangida gapirishlari ma'lum qilingan, yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha fuqarolar o‘sha joydagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga qilgan murojaatlari hech qanday natija bermagan.

Shunga o‘xshash holatlarni tahlil qilish davomida Qozog‘iston Respublikasining barcha chegara o‘tkazish postlarida, shu jumladan, Rossiya va Xitoy davlatlari bilan chegaradosh bo‘lgan chegara postlarida ham mavjudligi ma'lum bo‘ldi. Ichki yo‘llardagi YPX postlarida ham so‘ralgan pul mablag‘i berilmasa, avtomashinada harakatlanishda muammolarga duch kelinishi, agarda «pora» (pul) berilsa hech qanday muammolar bo‘lmasligi aniqlandi.

Bu kabi holatlarni qanday izohlash mumkin? O‘tgan yili ikki davlat (O‘zbekiston va Qozog‘iston respublikalari) rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga asosan, chegaralardan o‘tish to‘g‘risidagi belgilangan tartiblarga ko‘ra, fuqarolarning hech qanday muammosiz qo‘shni davlatga o‘tishlari va qaytishlari uchun imkoniyat yaratilganligi barchaga ma'lum. Lekin mavjud qonunlarni, chegaradan o‘tish tartib-qoidalarni mensimagan, unga amal qilmagan, ayrim kimsalar o‘zlarining noqonuniy harakatlari oqibatida yuqoridagi kabi yuz bergan salbiy holatlar fuqarolarda norozilik uyg‘otishi, mamlakatlarimiz orasidagi do‘stona aloqalar va o‘zaro hamjihatlikka raxna solishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishsa, ayni muddao bo‘lar edi.

Ko‘proq yangiliklar: