Rossiyaga malakali mutaxassis sifatida taklif etilgan ikki o‘zbekistonlik politsiyachilar ishtirokidagi voqeadan so‘ng kasalxonaga joylashtirildi

Jamiyat 14:13 / 26.09.2019 45075

2019 yilning 25 sentabr kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi xodimlari O‘zbekiston fuqarolari I.X. va D.B.ning holidan xabar oldi. 

TIV xabariga ko‘ra, ular 20 sentabr kuni fuqarolik kiyimidagi politsiya xodimlari ishtirokida sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng og‘ir jarohatlar bilan Moskva oblasti Balashixa shahridagi kasalxonaga joylashtirilgan. 

Jabrlanganlar so‘zlariga ko‘ra, ular federal ahamiyatga ega obektlarda restavratsiya ishlarini olib borish uchun malakali mutaxassis sifatida Rossiyaga taklif qilingan.

Elchixona vaziyatni nazoratga oldi va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Tergov qo‘mitasiga rasmiy murojaat qildi hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi bilan birgalikda yurtdoshlarimizni davolatish uchun to‘lovni amalga oshirish masalasini hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o‘tishicha, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod oblasti, Bryansk oblasti, Vladimir oblasti, Voronej oblasti, Ivanovo oblasti, Kaluga oblasti, Kostroma oblasti, Kursk oblasti, Lipetsk oblasti, Moskva shahri, Moskva oblasti, Orlov/Oryol oblasti, Ryazan oblasti, Smolensk oblasti, Tambov oblasti, Tver oblasti, Tula oblasti, Yaroslav oblasti) va Armaniston hududidagi fuqarolar zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.

Ko‘proq yangiliklar: