Joriy yilning 25 sentabr kuni Qashqadaryo viloyatida “Damas” rusumli ikki avtotransport vositasining to‘qnashuvi natijasida mudhish yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Avtohalokat oqibatida jabrlangan va qurbon bo‘lganlar bor.
O‘zA xabariga ko‘ra, hodisa ertalabki soat 8:00lar atrofida Qarshi tumanidagi Xonobod qishlog‘idan chiquvchi ikkinchi darajali yo‘lning “Qarshi – Shahrisabz” yo‘liga tutash qismida yuz bergan. Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan ma'lum qilinishicha, hodisa Qarshi tumani Xonobod qishlog‘ida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan Q.A. boshqaruvidagi “Damas” “Xonobod – Qarshi” yo‘nalishida harakatlanib borayotganda qarama-qarshi tomondan kelayotgan fuqaro E.H. boshqaruvidagi “Damas” bilan katta tezlikda to‘qnashishi oqibatida sodir bo‘lgan. To‘qnashuv natijasida kuchli yong‘in kelib chiqqan.
- Ushbu yo‘l transport hodisasi “Damas” haydovchilarning ehtiyotsizligi va tezlikni me'yoridan oshirib yuborgani oqibatida yuzaga kelgan, - dedi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘i Alisher Jo‘rayev. – Eng achinarlisi, ushbu mudhish hodisa oqibati 5 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumdi. 4 nafar fuqaro omon qolgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.