O‘zbekistonlik qiz Turkiya parlamenti deputatining uyida o‘zini otib qo‘ydi. Marhumning akasi politsiya xulosasidan shubhada

Jamiyat 22:00 / 26.09.2019 133268

O‘zbekistonlik 23 yoshli Nodira Qodirova Turkiya poytaxti Anqara shahrida parlament deputatining uyida o‘zini otib qo‘ydi.

Politsiyaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, u deputatga tegishli to‘pponcha bilan o‘z joniga qasd qilgan. Qizning akasi esa deputat voqeadan oldin singlisiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Hodisa 23 sentabr kuni Turkiyada hukmron partiya deputati, iste'fodagi general Shirin Unalning xonadonida ro‘y bergan. Marhumning yonidan o‘qotar qurol topilgan, uning o‘limi shahardagi kasalxonalardan birida qayd etilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Nodira Qodirova parlament a'zosining uyida bir yildan buyon xizmatchilik qilayotgan, siyosatchining bemor xotiniga qarayotgan bo‘lgan.

Politsiya hodisa vaqtida Shirin Unal, uning xotini, qizi va boshqa bir xizmatchi uyda bo‘lganini aniqladi. Rasmiy axborotda aytilgan boshqa bir xizmatchi ham o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin – OAV ma'lumotiga ko‘ra, uy bekasini parvarishlash bilan Qodirovadan tashqari yana bir O‘zbekiston fuqarosi shug‘ullanib kelgan.

Universitetga kirish orzusidagi qizning o‘z joniga qasd qilishiga hech qanday sabab yo‘q edi

Marhumning akasi Muhammadali Qodirovning «So‘zchi» gazetasi muxbiri bilan suhbatda aytishicha, singlisi voqeadan bir kun oldin aytgan so‘zlari bilan Laylo ismli dugonasini xavotirga solgan.

«Juda yomon ishlar bo‘lyapti. Akamning ko‘ziga qanday qarayman? O‘lishni xohlayapman», – deb aytgan u telefondagi suhbatda.

Shuningdek, Muhammadali singlisining o‘z joniga qasd qilishga hech qanday sabab bo‘lmaganini ta'kidladi. Unga ko‘ra, qiz yaqin kunlarda universitetga kirish uchun o‘quv kursiga bora boshlashni rejalashtirgan edi.

«Bilishimizcha, Nodira soat 20:48da deputatning to‘pponchasi bilan yuragiga o‘q uzgan. Uning hayotini saqlab qola olishmagan – o‘lim soat 21:50da qayd etilgan.

Singlim 4 yildan buyon Turkiyada yashayotgan edi. Ikkalamiz ham muammosiz yashab kelayotgandik. Uning suitsidi bizni shokka tushirdi», – deydi marhumning akasi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, mamlakatning Turkiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi vaziyatni nazoratga olgan. Jasad 25 sentabr kuni Anqara-Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bilan uchgan samolyotda vatanga yuborilgan.

«Uning qichqirishi, eshikni urishi eshitilib turardi»

Nodiraning akasi Muhammadali huquqni muhofaza qiluvchi organning dastlabki o‘rganishlar xulosasiga shubhasi borligini aytdi.

«Sud tibbiy-ekspertizasi juda ham qisqa vaqt ichida o‘tkazilgani shubhali», – deb ta'kidladi u.

Qodirov RS FM radiosiga bergan intervyusida voqeaga oid boshqa tafsilotlarni ham gapirib berdi.

«Hodisa soat 20:48da bo‘lgan. Bundan 5 daqiqa oldin Shirin Unal menga qo‘ng‘iroq qilgandi. U uydagi qurol yo‘qolib qolganini aytdi. Uning gapini singling qurolni senga olib borib bermadimi, degan ma'noda tushundim. Lekin keyin singlim qurol bilan xona ichkarisidan qulflab olganini aytdi, shunda gap nimadaligini tushundim. Orqadan singlimning baqirgani, eshikni urgani eshitilib turardi. Birdan aloqa uzilib qoldi. Tezda taksiga chiqib, Chayyo‘ludagi uyga bordim. Lekin men yo‘ldaligimda o‘q otilib bo‘lgan edi.

Singlim qayerdaligini so‘radim. Politsiya xodimi u kasalxonadaligini aytdi. Cho‘ntagimda bir tiyin ham pulim qolmagandi. Shirin Bey: «U o‘zini otdi» dedi. Politsiyachidan 50 lira olib, kasalxonaga bordim. Meni ichkariga kiritishlarini so‘radim, uning bitta-yu bitta yaqin kishisiman, dedim. Otam uni menga omonat qoldirganini aytdim. Shifokor kelib, sabr tiladi. Tamom bo‘lib bo‘lgandim, doktorning oyog‘iga yiqildim», – deb hikoya qiladi Muhammadali.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jasadni O‘zbekistonga yuborish xarajatlarini deputat to‘lab bergan. Ayrim OAVda marhumni O‘zbekistonga jo‘natish favqulodda tez, atigi ikki kun ichida ro‘y bergani ham shubhali bo‘lishi mumkinligi aytilyapti.

23 yoshli qiz qurol ishlatishni biladimi?

Marhumning akasi singlisi qanday qilib o‘qotar qurolni ishlatishni bilgan bo‘lishi mumkin, degan savolni ham o‘rtaga tashlagan.

«Men uni yaxshi bilardim. Davolanishiga zarurat yo‘q edi. O‘zini o‘ldiradigan darajada emasdi.

23 yoshli qiz qurolni olib, uni o‘qlagan va tepkini bosgan bo‘lishi mumkin emas. Boshiga emas, yurak sohasiga o‘q uzgan», – deydi Qodirov.

Politsiya bayonotida esa shunday deyiladi: «Hodisa joyida o‘tkazilgan dastlabki texnik ekspertiza suitsiddan boshqa yana biror bir voqea ro‘y berganini tasdiqlamadi».

Rasmiy axborotda ta'kidlanishicha, holat respublika prokurorining nazorati va topshiriqlari asosida o‘rganilmoqda. Qizning o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq qaydlari va boshqa daliliy ashyolar tergov hujjatlariga kiritilgan.

Shirin Unal izoh bermayapti

Turkiya Buyuk millat majlisiga Istanbuldan saylangan deputat Shirin Unal amaldagi hukmron partiya bo‘lmish Adolat va taraqqiyot partiyasi a'zosi sanaladi. U hozircha mazkur voqea bo‘yicha biror izoh berganicha yo‘q.

Siyosatchining Twitter’dagi sahifasi ancha faol bo‘lib, unda birgina 25 sentyabrning o‘zida o‘ndan ortiq tvit qoldirilgan. U mazkur postlarining aksariyatida saylovchilarni o‘z partiyadoshi hisoblanmish amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga ovoz berishga chaqirgan. Mikroblogdagi sahifasiga Turkiya prezidentining suratini joylaganidan ham u amaldagi davlat rahbarining tarafdorlaridan ekanini bilish mumkin.

Xususan, Oda TV xabarida eslab o‘tilishicha, general Unal 2016 yilning 15 iyulidan 16 iyuliga o‘tar kechasi ro‘y bergan davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida ham prezident Erdo‘g‘anning yonida bo‘lgani haqida ma'lumotlar bor.

Ko‘proq yangiliklar: