Jasurbek Ibrohimovning yaqinlari fuqarolik sudi orqali 650 mln so‘mdan ortiqroq kompensatsiya talab qilmoqda

Jamiyat 18:10 / 26.09.2019 62320

25 sentabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida marhum Jasur Ibrohimovning yaqin qarindoshlari tomonidan berilgan ariza bo‘yicha sud majlisi boshlandi.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, da'vogarlar, marhum Jasurbek Ibrohimovning otasi Muhammadjon Tursunov va marhumning onasi Nilufar Aliyevaning javobgarlar Islombek To‘laganov va uning ota-onasiga nisbatan yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni undirish to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha sud majlisi boshlandi.

Da'vogar taraf javobgarlardan yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun 151 732 760 so‘m va farzandining o‘limi sabab ko‘rilgan ma'naviy zarar uchun 500 000 000 so‘m talab qilmoqda. Oila javobgarlardan ma'naviy zarar uchun undiriladigan mablag‘larni xayriya fondiga o‘tkazishni rejalashtirgan.

Biroq, javobgar taraf ariza bilan tanishib chiqqani, bu o‘lim holatida farzandi aybsiz ekani, Jasurbek Ibrohimov ayrim shifokorlar harakatsizligi natijasida vafot etgani, ushbu voqea yuzasidan tegishli tashkilotlarga ariza berganini aytib, suddan ularni javobgarlar safidan chiqarishni va mazkur talabni rad etishini so‘ramoqda.

Keyingi sud majlisi joriy yilning 14 oktabr sanasiga qoldirildi.

Eslatib o‘tamiz, Jasurbek Ibrohimov 2017 yil may oyida bo‘lgan mushtlashuvda olgan jarohatlari oqibatida oradan bir oy o‘tib, shifoxonada vafot etgan edi. Shundan so‘ng bo‘lib tergov va sud yakunlariga ko‘ra, Jasurbek Ibrohimovning o‘limida uning kollejdoshi — Islombek To‘laganov aybdor deb topilib, u 2017 yil kuzida olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2019 yilning aprelida esa Islombek To‘laganov 2018 yil dekabrida shartli ravishda muddatidan avval ozodlikka chiqarilgani ma'lum bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi Islombek To‘laganov muddatidan avval ozod etilganini u jazo muddatini o‘tash vaqtida koloniyadagi rejimni buzmagani va mehnatga vijdonan yondashgani bilan izohlagan, u Mirzo Ulug‘bek tumani Probatsiya xizmati nazorati ostida jazoni o‘tayotgani bildirilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: