Gaz hisoblagich o‘rnatib berishni va'da qilib, fuqarolardan pul olgan shaxs ushlandi

Jamiyat 18:01 / 24.09.2019 4079

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi va Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan fuqarolar N.A. va D.A.ning arizalari yuzasidan tekshiruv harakatlari o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, «Kattaqo‘rg‘onshahargaz» filiali sobiq xodimi P.M. fuqaro D.A.ning ishonchiga kirib, uni aldab, tabiiy gazdan mavjud qarzdorligini qoplab berishni va'da qilgan. Evaziga undan 2016 yil iyun oyida 200 AQSh dollarini va 700 ming so‘m naqd pullarni to‘lov cheki bermasdan, firibgarlik yo‘li bilan olib ketgan.

Bundan tashqari, «Kattaqo‘rg‘onshahargaz» filiali sobiq xodimi P.M. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana bir fuqaro N.A.ning ishonchiga kirib, uni ham aldagan. Tabiiy gazdan mavjud qarzdorlikni qoplashni va hisoblagich o‘rnatib berishni va'da qilgan.

2018 yil 1 noyabr kuni undan 120 ming so‘m, yana bir haftadan so‘ng hisoblagichni ko‘rikdan o‘tkazish uchun 80 ming so‘m, 22 noyabr kuni hisoblagich sotib olish uchun 200 ming so‘m, 1 dekabr kuni unga xatlov dalolatnomasi va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga 300 ming so‘m va 15 dekabr kuni 600 ming so‘m - jami 1 mln. 300 ming naqd pullarni olib, takroran firibgarlik yo‘li bilan egallab olgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida P.M.dan olingan pullardan 700 ming so‘mi hamda fuqaro N.A.dan olgan pullardan ham 700 ming so‘mi xolislar ishtirokida zararni ixtiyoriy qoplash tariqasida olinib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: