«Buyuk kelajak» yana bir ekspertidan «ayrildi». Vaziyat bo‘yicha rasmiy izoh berilmayapti

Jamiyat 15:00 / 24.09.2019 35740

Bundan bir yarim yil muqaddam, 2018 yilning aprel oyida O‘zbekistonda «Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti o‘z faoliyatini boshlagan edi. Mazkur muassasa prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar mamlakatdagi islohotlarga daxldor bo‘lishi uchun qilgan chorlovlariga nisbatan javoban tashkil etilgan.

Ilg‘or xalqaro tajriba, O‘zbekiston bozorlarini xolisona tahlil qilish, dunyoning yetakchi mutaxassislarining shaxsiy tajribasi negizida qurilgan tashkilot qisqa vaqt ichida keng jamoatchilik nazariga tushdi.

Tashkilotning turli sohalarda boy tajribaga ega va yetakchi mutaxassislaridan iborat Ekspert kengashi dunyoning 20dan ortiq nuqtalarida – AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Kanada, Daniya, Shveytsariya, BAA, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Singapur, Yaponiya, Turkiya, Qozog‘iston, Finlyandiya va Rossiya kabi davlatlarda istiqomat qilayotgan 300 nafardan ko‘proq malakali kadrlarni o‘zida birlashtirdi.

Toshkentdan tashqari Moskva, Dubay, Bryussel, Nyu-York va Londonda ham vakolatxonalariga ega «Buyuk kelajak» O‘zbekistonning 2035 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlanish modelini ishlab chiqish hamda bu model amalga oshirilishiga ko‘maklashishni bosh maqsad va vazifa sifatida belgilab olgan.

Ammo so‘nggi vaqtlarda tashkilotning qator ekspertlari uni birin-ketin tark etayotgani jamoatchilikda savollar tug‘dirmoqda. Dastlab, 10 sentabr kuni o‘n nafar ekspertning jamoaviy bayonoti ko‘pchilikni sergak torttirdi:

«Qadrli do‘stlar, «Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat–notijorat tashkiloti tashkil etilganda biz O‘zbekistondagi islohotlarga o‘z hissamizni qo‘shishimiz uchun imkon yaratilganidan xursand bo‘lgandik. Biz barchamiz O‘zbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini yaratish bo‘yicha bir qator loyihalarda ishtirok etdik, ishlab chiqdik. Biz «Buyuk kelajak» XNNTning ikkita forumida va boshqa ko‘plab tadbirlarda onlayn ravishda va shaxsan ishtirok etdik.

Ming afsus bilan tashkilot ichidagi ayrim sabablarga ko‘ra, biz mazkur tashkilot doirasidan chiqamiz, ammo mamlakat taraqqiyoti uchun o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz.

Imkoniyatdan foydalanib, «Buyuk kelajak» XNNT ekspertlari va xodimlariga, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va qo‘mitalar vakillariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlariga va eng muhimi, «O‘zbekiston-2035» strategiyasini ishlab chiqishga hissa qo‘shgan hamyurtlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Biz birlashishimiz va O‘zbekistonni rivojlantirish maqsadida bor kuchimizni sarflash uchun imkoniyat yaratgan ushbu loyihaning homiysiga ham alohida minnatdorchilik bildiramiz».

Sobiq ekspertlar ichki nizo bo‘lganini ta'kidlashmoqda

Mazkur bayonotdan so‘ng sobiq ekspertlarning bir necha nafari bilan bog‘lanib, holatning asl sababini bilishga qiziqdik.

Lekin ular tashkilotdan ichki qonun-qoidalar va etika normalari buzilgani tufayli chiqib ketishgani, «Buyuk kelajak» rahbariyati bu borada ommaga rasmiy va ochiq izoh berganidan keyingina bor haqiqatni oshkor etishlari mumkinligini aytish bilan cheklanishdi.

Tashkilot rahbariyati nima uchun rasmiy izoh bermayapti?

Tashkilotning Toshkent shahridagi ofisi bu masala yuzasidan izoh bera olmasligini bildirdi.

«Oddiy xodim sifatida bir narsa, deya olmayman. Bu bo‘yicha repost.uz saytida tashkilot ta'sischilarining biri nomidan izoh berilgan. Ofisga kelishingizga hojat yo‘q. Chunki bu yerda faqat texnik xodimlar ishlaydi. Ta'sischilar va ekspertlarning barchasi chet elda, ular kelib-ketib yurishadi. Sizning qo‘ng‘iroq qilganingizni piar-menejyerga albatta, yetkazaman», dedi go‘shakni ko‘targan tashkilot vakili.

«Buyuk kelajak» ta'sischilaridan biri bo‘lmish Bahrom Ismailov 11 sentabr kuni Repost.uz nashriga holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan. Lekin u asosiy mavzu – ekspertlarning bir qismi tashkilot tarkibidan chiqib ketishi sabablari haqida lom-lim demagan.

Shundan so‘ng «Buyuk kelajak»ning poytaxtdagi ofisiga yana sim qoqdik. Bu safar go‘shakni boshqa bir xodim ko‘tardi.

«Ekspertlar kengashiga a'zo bo‘lish va undan chiqib ketish ko‘ngilli, majburiy emas. Shu kunga qadar ham bir qancha ekspertlar tashkilotni shaxsiy ishi yuzasidan ixtiyoriy ravishda tark etishgan. Savolingiz juda o‘rinli. Lekin bunga javob berish mening vakolatimga kirmaydi. Siz yaxshisi ta'sischilar bilan feysbuk orqali bog‘lanib ko‘ring», deya javob berdi.

Ayni paytda xorijda faoliyat yuritayotgan Bahrom Ismailovning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari orqali yo‘llangan savollar esa har gal javobsiz qoldi.

O‘novlon ortidan yana bir a'zo safdan chiqdi

17 sentabr kuni «Buyuk kelajak»ning yana bir eksperti – Belgiyada barqaror rivojlanish va korporativ ijtimoiy mas'uliyat sohasida yetakchi mutaxassis, «CARE CSR LTD.» – Markaziy Osiyoda mas'uliyatli va barqaror biznesni rivojlantirishga qaratilgan konsalting kompaniyasi asoschisi va direktori Malika Sharipova ham tashkilotni tark etdi. U feysbukdagi sahifasida quyidagicha post qoldirdi:

«Buyuk kelajak» XNNT tashkil etilganida, O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishda o‘z hissamni qo‘shish maqsadida unga a'zo bo‘lgan edim. Shu davrgacha beg‘araz turli loyihalarda, xususan O‘zbekistonning 2035 yilgacha rivojlanish konsepsiyasini va tegishli yo‘l xaritasini shakllantirishda va ishlab chiqishda faol ishtirok etdim.

Afsus, tashkilot doirasida oxirgi paytlarda konsensus va hamjihatlik o‘rniga bir tomonlama qaror qabul qilish hamda etika normalariga zid bo‘lgan yondashuvlar bir necha bor uchradi. Bu esa o‘z navbatida tashkilotdan faol va iqtidorli 10 a'zo chiqib ketishiga sabab bo‘ldi. Ularni chiqib ketishga undagan sabablar o‘z yechimini topgan bo‘lsa-da, ushbu ekspertlarni tanqid qilish holati hamon kuzatilmoqda.

O‘ylaymanki, bu vaziyat ba'zi hozirgi ekspertlarni ushbu tashkilotga a'zoligi qanchalik maqsadlariga va qadriyatlariga muvofiqligi to‘g‘risida o‘ylovlarga undadi.

Shu yo‘sinda men ham o‘z bilimim va salohiyatimni mamlakatimiz ravnaqi, O‘zbekiston rivoji uchun «Buyuk kelajak» XNNT tashqarisida davom ettirishga qaror qildim.

Fursatdan foydalanib, «Buyuk kelajak» XNNT doirasida orttirgan tajribam va do‘stlarim uchun minnatdor ekanligimni bildirmoqchiman.

Aminmanki, barcha sobiq va hozirgi ekspertlarimiz yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq qolmaydilar va baholiqudrat ularni amalga oshirishdagi ko‘maklarini davom ettiradilar».

Malika Sharipovaning mazkur fikrlari ham tarmoq foydalanuvchilarini bee'tibor qoldirmadi. So‘nggi vaqtlarda tashkilotda kuzatilayotgan o‘zgarishlar ko‘pchilikda xavotir uyg‘otmoqda.

O‘zbekistonning 2035 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlanish modelini ishlab chiqish va amalga oshirilishiga ko‘maklashishga bel bog‘lagan «Buyuk kelajak»ni nima uchun ekspertlar tark etmoqda? Bunday parchalanish yana davom etadimi? Bu ketishda tashkilot kelajagi 2035 yilgacha boradimi o‘zi?

O‘n nafar ekspertning «Buyuk kelajak»dan ketganiga mana ikki hafta bo‘ldi hamki, tashkilot tomonidan ko‘pchilikning dilidagi bu kabi savollarga javob qaytarish uchun rasmiy izoh berilgani yo‘q, bu esa turli mish-mishlar urchishiga sabab bo‘lmoqda.

Mirolim Isajonov

Ko‘proq yangiliklar: