Moliyaviy hisobotning konseptual asoslari tasdiqlanadi

O‘zbekiston 14:48 / 20.09.2019 5817

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Moliyaviy hisobotning konseptual asoslarini tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Konseptual asos O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni, buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS)ga muvofiq moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar uchun moliyaviy axborotlarni taqdim etishning maqsadi va ochib berishni belgilaydi.

Konseptual asos BHMS hisoblanmaydi. Mazkur Konseptual asosning hech bir qoidasi aniq bir BHMS qoidalaridan ustunlik kuchiga ega emas.

Ayrim hollarda, agar konseptual asos bilan BHMS o‘rtasida ziddiyatlar bo‘lsa, BHMSning talablari konseptual asos talablaridan ustun.

Konseptual asos quyidagilarni belgilaydi:

moliyaviy hisobotning maqsadini;

moliyaviy axborotning sifat xususiyatlarini (o‘rinlilik va ishonchli taqdim etish);

moliyaviy hisobot elementlari va ularni tan olish mezonlarini.

Konseptual asos moliyaviy hisobotga, shu jumladan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga aloqadordir. Moliyaviy hisobot foydalanuvchilar keng doirasining axborotga bo‘lgan talabini qondirish uchun tuziladi va vaqti-vaqti bilan taqdim etiladi. Moliyaviy hisobot ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun asosiy moliyaviy axborot hisoblanadi. Ayrim foydalanuvchilar, tegishli vakolatlar bo‘lganda, moliyaviy hisobotda bor bo‘lgan axborotga qo‘shimcha axborotni talab qilishlari mumkin.

Moliyaviy hisobotlar tarkibiy qismi buxgalteriya hisobiga oid qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Moliyaviy hisobot shuningdek, undagi axborotlarning foydaliligini oshiruvchi tushuntirish xati (qo‘shimcha ma'lumotlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar)ni ham o‘z ichiga oladi.

Barcha buxgalteriya hisobi sub'yektlari moliyaviy hisobotni taqdim etishda konseptual asosga amal qilishlari kerak.

Moliyaviy hisobotning maqsadi buxgalteriya hisobi sub'yektining hisobot sanasidagi moliyaviy ahvoli, uning hisobot davridagi faoliyatining moliyaviy natijasi va pul mablag‘larining aylanishi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishdan iborat.

Moliyaviy hisobot iqtisodiy qarorlar qabul qilish uchun foydalanuvchilarga zarur bo‘lgan butun axborotni o‘z ichiga olmaydi, chunki hisobot asosan bo‘lib o‘tgan voqealarning natijalarini aks ettiradi.

Moliyaviy hisobot axborotiga ehtiyoj quyidagilarda vujudga keladi:

berilgan investitsiyalar bilan bog‘liq xatarlar munosabati bilan investorlarda;

aksiyadorlar, ta'sischilar (ishtirokchilar) hamda dividend va foizlarni to‘lash qobiliyatini baholaydigan axborotdan manfaatdorlarda;

qarzlarning so‘ndirilishi, kreditlarning qaytarilish va foizlar o‘z vaqtida to‘lanishidan manfaatdor bo‘lgan mol yetkazib beruvchilar va kreditorlarda;

tashkilotning uzluksiz faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan manfaatdor bo‘lgan xaridorlarda;

tashkilotning faoliyati barqarorligi va rentabelligi to‘g‘risidagi axborotdan manfaatdor bo‘lgan boshqaruv organlari va xodimlarida. Ular shuningdek tashkilotning o‘z ish haqlarini, pensiyalarini va keyinchalik ham yollash bo‘yicha ishlash imkoniyatlarini ta'minlash qobiliyatiga baho berish imkonini yaratadigan axborotdan manfaatdordirlar;

qonun hujjatlariga muvofiq davlat soliq xizmati, statistika organlari va jamoatchilikda. 

Tashkilot rahbari moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etilishiga javobgardir. Rahbar boshqaruv qarorlarini qabul qilish maqsadida qo‘shimcha axborotning shakli va mazmunini mustaqil belgilash huquqiga egadir.

Ko‘proq yangiliklar: