Yunon-rum kurashchilari JChda bitta ham oltin olmasdan ikkinchi bo‘lishdi. Ikkitadan oltin olgan yaponlar va gruzinlar qanday qilib ortda qoldirildi?

Sport 15:38 / 19.09.2019 21156

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. Unda qatnashgan o‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari uchta medal olishdi. Aram Vardanyan (-72 kg) finalgacha yetib borib, kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Rustam Assakalov (-87 kg) va Jalgasbay Berdimuratov (-77 kg) bronza sohibi bo‘lishdi. O‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Yunon-rim kurashi bo‘yicha milliy jamoa hali hech qachon jahon chempionatida umumjamoa hisobida kuchli uchlikka kirmagandi. Jamoa nimaning evaziga bunday natijaga erishishdi? Ularning natijasini muvaffaqiyatli deyish mumkinmi? Bu borada mutaxassislarning fikri bilan qiziqdik.

Yunon-rim kurashi bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylari Nur-Sultondagi musobaqadan qoniqish hosil qilganliklarini aytib o‘tishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, musobaqa boshlanishidan avval Tokio olimpiadasiga ikkita yo‘llanma qo‘lga kiritish kutilgan, yakunda uchta yo‘llanma naqd qilingan.

Murabbiylar jamoaning turnirdagi natijasiga izoh berishdi.

«Bizda odatda bitta medal bo‘lardi. Hali hech qachon kuchli uchlikka kirmaganmiz. To‘g‘risi, Nur-Sultonda ikkita yo‘llanmani mo‘ljallagandik va yigitlar bizni xursand qilishdi. Nur-Sultondagi musobaqaga jiddiy tayyorlandik. Avvalo mashg‘ulot jarayoniga o‘zgartirish kiritdik. Kuch, tezlik, chidamkorlikni rivojlantirish uchun yangi mashqlar, yangi yuklamalar kiritildi. 5 marta xorijiy yig‘inlarda bo‘ldik. Rossiyalik, koreyalik sportchilar bilan birga yig‘inlarda qatnashdik. Bu yig‘inlarda kurashchilarimiz jahon, olimpiada chempionlari bilan kurashishdi.

Kurashchi qanchalik ko‘p kuchli raqiblar bilan yig‘inlarda kurashsa, shuncha foydali bo‘ladi. Kuchli sportchilar bilan xorijiy yig‘inlar doim foydali bo‘lgan. Federatsiyamiz ayni damda Rossiya, Ozarboyjon, Gruziya bilan hamkorlik qilmoqda va bu ham o‘z samarasini berdi. Qizig‘i, bu yil Osiyoda ham, jahonda ham ikkinchi bo‘ldik»,— deydi milliy jamoa bosh murabbiyi Ravshan Ro‘ziqulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Birorta oltin olmay qanday ikkinchi bo‘lish mumkin?

O‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari qanday qilib birorta oltin medal olmay umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘lganiga izoh bersak. Turnir reglamentiga ko‘ra, har bir o‘rinni olgan sportchilarga ball beriladi va umumjamoa hisobi mana shu ballar hisobiga shakllantiradi. Shu bois Yaponiya va Gruziya milliy jamoalari ikkitadan oltin medal olgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘ldi.

Rossiyalik sportchilar 132 ball to‘plab birinchi bo‘lishdi. O‘zbekiston vakillari 80 ball bilan ikkinchi, gruziyalik sportchilar esa 79 ball bilan uchinchi bo‘lishdi. O‘zbekistonlik sportchilarning aksari yuqori bosqichlarga ko‘tarilgani uchun umumiy natija ijobiy bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: