Tanqidiy maqoladan so‘ng Qarshidagi mahallada simyog‘ochlar yangilanmoqda - foto

Jamiyat 11:21 / 18.09.2019 7526

16 sentabr kuni Kun.uz saytida «Qarshidagi mahalla muammolari yechim topmadi: o‘quvchilar bu yil ham loy kechib maktabga qatnaydi(mi?)» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Qarshi shahrining «Otchopar» mahallasidagi qator muammolar, xususan elektr simyog‘ochlar talab darajasida emasligi yoritilgandi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ushbu maqola yuzasidan ma'lumotnoma taqdim etdi, unda simyog‘ochlarni almashtirish ishlari boshlangani ma'lum qilingan.

«Kun.uz saytida e'lon qilingan «Qarshidagi mahalla muammolari yechim topmadi: o‘quvchilar bu yil ham loy kechib maktabga qatnaydi(mi?)» sarlavhali tanqidiy maqola «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan o‘rganildi. O‘rganish yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi «2017 - 2021 yillarga mo‘ljallangan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi PQ-2661-sonli hamda 2018 yil 27 iyundagi «Obod mahalla» dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini ta'minlash masalalari to‘g‘risida»gi PQ-3812-sonli qaror talablarini bajarish maqsadida Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan tasarrufdagi mavjud elektr uzatish tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazgan holda, texnik holatidan kelib chiqib, dasturga kiritilgan hududlardagi ma'nan eskirgan elektr qurilmalarini modernizatsiyalash va yangilash ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Qarshi shahri «Otchopar» MFY hududida yashovchi aholi xonadonlarining elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida jamiyatimiz tomonidan 2018 yilda 1 dona yangi quvvati 160 kVA.li transformator punkti o‘rnatilib, 3,5 km elektr uzatish tarmog‘i rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 2019 yilda 2 dona quvvati 250 kVA.li yangi transformator punktlari o‘rnatildi. Shuningdek, 110 dona temir-beton ustunlar o‘rnatilib, 7,2 km 0,4-10 kV.li havo elektr uzatish tarmog‘i qurildi.

Hozirgi kunda «Otchopar» MFY hududida iste'molchilarning elektr ta'minotini yaxshilashga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, aholi iste'molchilari tomonidan o‘rnatilgan qo‘lbola (nostandart) ustunlarni o‘rniga yangi temir-beton ustunlar o‘rnatish va montaj qilish ishlari olib borilmoqda. Mahalla hududida elektr ta'minotini yaxshilash yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash choralari ko‘rilmoqda.

«Otchopar» MFY aholisining elektr ta'minoti bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan nazoratga olindi», – deyiladi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma'lumotnomada.

Ko‘proq yangiliklar: