Rossiyada ikki o‘zbekistonlik YPX xodimlariga hujum qildi. TIV vaziyat nazoratga olinganini bildirmoqda

Jamiyat 09:57 / 18.09.2019 18282

9 sentabr kuni kechqurun Peterburgning Petrodvorsoviy tumanidagi Ropshinskiy shossesida yo‘l-patrul xizmati xodimiga hujum qilgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish ochildi. Politsiyachi jarohatlangan va kasalxonaga yotqizilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, YPX xodimlari ichida haydovchi (mahalliy fuqaro) va O‘zbekistonning ikki fuqarosi bo‘lgan «Gazel» avtomobilini hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatishgan. O‘zbekiston fuqarolarining yonida hujjatlari bo‘lmagan va ularni politsiya bo‘limiga olib borishga qaror qilingan.

«Kelib chiqqan mojaro paytida ulardan biri politsiyachini bir necha marta urgan, so‘ng uni qo‘lga olishdi», - deyiladi Rossiya Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh boshqarmasi ma'lumotida.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida 2019 yilning 9 sentabr kuni sodir bo‘lgan hodisa haqida tarqalgan ma'lumotni tasdiqladi.

Huquqni muhofaza qilish organlari bergan xabarga ko‘ra, politsiya tomonidan to‘xtatilgan avtomobil haydovchisi va ikki yo‘lovchisi politsiya xodimining qonuniy talablarini bajarishmagan va unga tan jarohatlari yetkazishgan. 

Xabarda qayd etilishicha, haydovchi va bir yo‘lovchi qo‘lga olingan. Uchinchi ishtirokchini qidirib topish va qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Bosh konsulxona tomonidan mazkur vaziyat nazoratga olingan va Sankt-Peterburg shahrining tergov organlari bilan ishchi aloqalar o‘rnatilgan.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatishicha, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk oblasti, Kaliningrad oblasti, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad oblasti, Murmansk oblasti, Nenets avtonom okrugi, Novgorod oblasti, Pskov oblasti, Sankt-Peterburg shahri, Vologda oblasti) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.

Ko‘proq yangiliklar: