«Molochnaya kuxnya» bo‘yicha muhokamalar hamon davom etmoqda

Jamiyat 12:19 / 18.09.2019 17530

Toshkent shahrining deyarli markazida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan va bir necha yillar mobaynida turli to‘sqinliklarga uchrab kelayotgan «Molochnaya kuxnya» muammolari haqida Kun.uz saytida avval ham bir necha marta yozilgandi. Afsuski, hozircha voqealar rivoji tadbirkor foydasiga qarama–qarshi rivojlanib, «Molochnaya kuxnya» foydalanib turgan yer maydoni olib qo‘yilishi tomon yaqinlashmoqda.

Joriy yilning 11 sentabr kuni «Molochnaya kuxnya» O‘zbekistondagi qator nashrlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazib, o‘zi duch kelgan muammo yuzasidan bayonot berdi. Bunday yo‘l tutishga qaror qilgan tadbirkor so‘nggi imkoniyatlardan birini qo‘llayotgani ehtimolini rad etmadi. Ularning bu harakatlari davlat obro‘si yoxud prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlarga putur yetkazish deb baholanmaslik kerakligiga urg‘u berildi.

Shuhrat Qayumov - Diyor Biznes kompaniyasi rahbari

«Biz yuqori davlat lavozimlarini egallab, Prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlarga ishonchsizlik paydo qilayotgan ayrim mulozimlar guruhining kirdikorlari tufayli mamlakatimiz haqida salbiy fikr paydo bo‘lishini xohlamaymiz. Anjumanni tashkil etishdan maqsad – Prezidentning iqtisodiy siyosatiga zimdan qarshilik ko‘rsatayotganlarni fosh etishdir. Aynan ular olib borilayotgan islohotlarga to‘sqinlik qilishmoqda, mamlakatimiz obro‘sini tushirmoqda va uning imijiga zarar yetkazmoqda», - dedi Shuhrat Qayumov bayonoti avvalida.

Shuhrat Qayumov

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yekti o‘zi duch kelgan muammoni yuqori rahbariyat e'tiboriga yetkazishning qonunda belgilangan barcha choralarini qo‘llab bo‘lgan. U tomonidan o‘nlab maktublar, murojaatlar va arizalar berilgan. Biroq, xatlar ushbu mulozimlar guruhiga yuborilgan yo bo‘lmasa shunchaki e'tiborsiz qoldirilyapti.

Kun.uz sayti mazkur muammoni batafsil yoritgani sababli tadbirkor bayonotining muhim qismlarini e'tiboringizga havola qilamiz. Mazkur firma 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2012 yili bugungi «Molochnaya kuxnya» o‘rni boshqa bir tadbirkorlik sub'yektidan sotib olingan. 2014 yilda esa muammolar boshlangan.

«2014 yili korxonamiz reyderlikka uchradi. Davlat mulki qo‘mitasi «obro‘li va qo‘li uzun mulozim» buyrug‘i bilan sudga puxta o‘ylangan da'vo arizasi kiritdi. Unda «Vaksina» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining mulki xususiylashtirilgani noqonuniy bo‘lgani bois ushbu birlashma inshootlari bilan bo‘lgan barcha bitimlarni haqiqiy emas, deb topish talab etilgan edi. Bu birlashmaning bino va inshootlari xususiylashtirilganidan 21 yil o‘tganidan so‘ng talab qilinmoqda edi. E'tibor qiling, 21 yil o‘tgach!», - deydi Shuhrat Qayumov.

Keling, bayonotning shu joyida bir masalaga oydinlik kiritib ketsak. Ya'ni amaldagi qonunchilik me'yorlariga ko‘ra, davlat mulkini xususiylashtirish natijasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinmi? Bu borada O‘zbekiston Respublikasining «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuniga nazar tashlaymiz. Ushbu qonunning 24-moddasiga ko‘ra, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi.

Qayumovning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yil boshida Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolik ishi qayta boshlangan. Qo‘mita xususiylashtirish natijasini haqiqiy emas, deb topishni va ko‘chmas mulkni bu vaqtga kelib tugatilgan «Vaksina» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasiga qaytarishni talab qiladi. Shunday qilib, Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 2017 yil 8 iyunda mazkur fuqarolik ishini ko‘rib chiqib, da'vo arizasini qanoatlantirgan. Shu bilan 1993-95 yillarda xususiylashtirilgan bino-inshootlar bilan bog‘liq barcha bitimlar haqiqiy emas, deb topilgan. Apellyatsiya instansiyasi sud qarorini o‘z kuchida qoldirgach, Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 9 aprelda №281-qarorini qabul qilgan.

«Ushbu qarorga muvofiq, sobiq «Vaksina»ning barcha hududi va mulki (shu jumladan bizning hududimiz va ko‘chmas mulkimiz) Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligiga beriladi. Vazirlar Mahkamasi o‘zining ushbu «yopiq» qarorida sudning 2017 yil 8 iyundagi qaroriga asoslangan. Shundan kelib chiqilsa, sud «buyurtma» orqali qaror qabul qilgan, deb o‘ylash mumkin. Vazirlar Mahkamasi qarorining yana bir kulgili tomoni ham borki, unda o‘z mulkimiz bizga ijaraga taklif etilgan. Buning uchun biz 7 mln. dollar miqdorida investitsiya majburiyatini bajarib, 1,6 gektarlik maydonda qo‘shimcha zavod qurishimiz talab etilgan. Shundan so‘nggina, 10 yildan keyin bizga mulkka egalik qilish huquqini olish imkoni taqdim etilar edi», - deya ta'kidladi tadbirkor.

Mulkdor umidsizlikka va tushkunlikka tushmagan holda o‘z manfaatlarini Oliy sudda himoya qilishda davom etgan va bu o‘zini oqlagan deyish mumkin. Chunki, Oliy sud 2018 yil 1 avgustda barcha qabul qilingan sud qarorlarini bekor qilgan.

Shu yerda, yana bir mantiqsizlik vujudga kelgani Yergeodezkadastr bilan bog‘liq hujjatlarda aniqlangan. Ya'ni, Yunusobod tuman Yergeodezkadastr korxonasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida «Molochnaya kuxnya»ga tegishli hujjatlarni bekor qilishga ulgurgan. Qizig‘i shundaki, tadbirkorga tegishli mazkur bino bankdan olingan kredit uchun o‘sha vaqtda ham, hozir ham garov ta'minoti sifatida turibdi.

Tadbirkorning ta'kidlashicha, ko‘zlangan maqsad amalga oshmagach, «yog‘li» hududni egallashni xohlayotganlar Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatidan foydalangan.

Mavzuga doir:

«SES» xodimlari «Molochnaya kuxnya» faoliyatini to‘xtatishmoqchi. Tadbirkorning tinchini buzish kimga kerak bo‘lib qoldi?

«Biz sizdan ko‘mak so‘ramaymiz». Biznes-Ombudsmenga ishonchsizlik bildirildi

“Molochnaya kuxnya” ishi bo‘yicha sud davom etmoqda

«Molochnaya kuxnya» tekshiruviga «nomi oshkor etilmayotgan tashkilot» aralashgan — Sud ishidan reportaj

«Molochnaya kuxnya» ishi: korxona yeri kimniki edi? Sud ishi davom etmoqda

«Molochnaya kuxnya» sudda yutqazdi. Yer kimniki bo‘ladi?

«Bunda asossiz ravishda tekshirish uchun ruxsat olishda «Biznes-Ombudsmen» instituti ham muhim rol o‘ynagan. Tashkilot rahbarining o‘rinbosari vakolati bo‘lmasa-da, RDSENning ushbu korxonada tekshiruv o‘tkazishiga ruxsat bergan. Shu bilan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi vakili to‘g‘risida»gi 2017 yil 29 avgustdagi qonun talabi buzilgan. Tekshiruv jiddiy qoidabuzarliklarni aniqlay olmadi va shu bois bir necha kamchiliklarni «o‘ylab topishdi». Jumladan, ularga ko‘ra, «sexga kirish qoidasiga rioya qilinmagan», «mahsulotlar tayyorlash ketma-ketligi buzilgan», «yuvinish xonasi yo‘q», «kiyim almashtirish xonasiga kirish ishlab chiqarish sexi orqali o‘tadi», «kiyim yuvish va quritish joyi jihozlanmagan»i ta'kidlandi. Biroq, biz tekshiruvchilar kelganidayoq har qanday xulosasiga raddiya berishimizni aytganmiz. Chunki, ular topgan kamchiliklar mavjud bo‘lganida o‘zlari bir necha yil avval ishlab chiqarishga ruxsat berishmagan bo‘lardi. Qolaversa, tuzatish uchun kamchiliklar ro‘yxatini talab qilyapmiz, ammo taqdim etishmayapti», - deydi Qayumov.

Tadbirkorning alohida ta'kidlashicha, DSEN korxonani yopish uchun jiddiy qoidabuzarliklar topa olmagani bois, yangi bir «bahona» topgan. Go‘yoki, korxona yaqinida qoramol qabristoni borligi aniqlangan. Ammo, e'tiborli va shubha uyg‘otadigan tomoni tashkilot bunday xavfli «inshoot» mavjudligini oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan «maxfiy» maktubdan bilishgan. Biroq, Kun.uz o‘rganishlarida ma'lum bo‘lishicha, Yergeodezkadastr tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda qoramol qabristoni borligiga doir birorta qayd mavjud emas.

«Aytaylik, shunday «xavfli inshoot» bor. Unda nima uchun bu ma'lumot oshkor etilmayapti? Axir bu bino nafaqat ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shu yaqin atrofda ishlayotgan, yashayotganlarning barchasiga tahdid solmoqda-ku? Yana bir gap. Vazirlar Mahkamasining №652-f sonli farmoyishi bilan qoramollar qabristoni bo‘lgan hudud Belarusning «BeLFARM» korxonasiga dori-darmonlar va antibiotiklar ishlab chiqarish, ularni saqlash inshootlari uchun aynan Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifi bilan taqdim etilgan. Axir, mantiq qani?! Sutni qayta ishlash mumkin bo‘lmagan joyda dori-darmon ishlab chiqarish, saqlash mumkin bo‘lsa?!» - dedi tadbirkor.

Qayumovning ta'kidlashicha, bugungi kunda 19 sotixlik maydonda joylashgan korxonada 100ga yaqin ishchi ishlaydi, joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida korxona 2,143 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Xayriya maqsadlari uchun yo‘naltirilgan mablag‘lari 3 mlrd so‘mdan oshgan. Tadbirkor adolat tiklanishi va uning tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan davom etayotgan «xuruj»lar barham topishiga ishonmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: