Kuni kecha Kun.uz «Ishchi o‘rni ko‘payish o‘rniga kamayib ketmoqda» – Marg‘ilondagi tadbirkorlar muammo ichida» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi. Unda Marg‘ilon shahar Nadirmat MFY hududida joylashgan kichik sanoat zonasidagi kommunikatsiya tizimi muammolari yoritilgan, tadbirkorlarning e'tirozlari bayon etilgandi.
«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, mazkur masala joyiga borib o‘rganilgan va tadbirkorlar bilan suhbat qilingan.
Rasmiy axborotga ko‘ra, sanoat zonasiga elektr ta'minoti aholi uchun mo‘ljallangan uzatmadan ulangan. Zonaga 2,1 km uzunlikdagi alohida yuqori quvvatli elektr tarmog‘ini tortish 150,2 mln so‘mga, bir dona 630 kVAli transformator punkti o‘rnatish 150,0 mln so‘mga tushadi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/1Mw5SyXj1YqpBwDyJGiwPeLvw6_mZAJh.jpg)
Ma'lum qilinishicha, kichik sanoat zonasi hududiga alohida elektr simini tortish va transformator o‘rnatish 2020 yilning ikkinchi choragida amalga oshiriladi.
«Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 avgustdagi 672-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan kichik sanoat zonasida elektr energiya yetkazib berish maqsadida 250 kVAli transformator punkti mukammal ta'mirlanib, unga qo‘shimcha ravishda quvvati 630 kVA bo‘lgan transformator punkti o‘rnatilgan. Biroq, yoz oylarida energotizimda quvvat tanqisligi vujudga kelib, iste'mol me'yori ortib ketgan vaqtlarda, tizimda avtomatik uzib–ulash amallari (yuklamani avtomatik tarzda pasaytirish qurilmasi) bajarilgan va buning natijasida sanoat zonasini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi uzatmada qisqa muddatli uzilishlar sodir bo‘lgan.
![](https://storage.kun.uz/source/4/sfCk-UE5t_cYVQBKkhfve2R8ml6XCyzG.jpg)
Tadbirkorlar bilan suhbatda, hozirgi kunda energiya barqarorligi ta'minlanib, elektr ta'minoti uzluksiz yetkazib berilayotganligi bildirib o‘tildi. Lekin, tadbirkorlar tomonidan sanoat zonasi aholi uzatmasidan ta'minlanganligi bois, kuz–qish mavsumida elektr ta'minotida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida, alohida uzatma ajratgan holda elektr energiyasi yetkazib berilsa, ishlab chiqarish loyihasi rejalarini bajarishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan muammolar ijobiy tomonga o‘zgarishini ta'kidlab o‘tishdi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/-3YsFi_TbEdIj75XQCemB4meMHWXwbkB.jpg)
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, sanoat zonasida joylashgan tadbirkorlik sub'yektlariga alohida uzatma orqali elektr energiyasi yetkazib berish masalasi viloyat hokimligi huzurida tashkil etilgan Viloyat erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari Ma'muriy kengashi tomonidan o‘rganilib, kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunakatsiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Unga ko‘ra, sanoat zonasiga 2,1 km uzunlikdagi (150,2 mln so‘mlik) yuqori quvvatli elektr tarmog‘ini tortish va 1 dona 630 kVAli transformator punkti o‘rnatish (150,0 mln so‘mlik) loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan», deyiladi elektr korxonasi matbuot xizmati ma'lumotida.