«Bundan kimdir manfaat ko‘rayotgani aniq». Deputat palma yog‘i masalasini ko‘tarib chiqdi

O‘zbekiston 10:54 / 18.09.2019 32404

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan fuqarolar tomonidan mamlakatga olib kirilayotgan palma yog‘i va uning asosida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining inson salomatligiga ta'siri yuzasidan tegishli davlat organlariga ma'lumotlar so‘rab so‘rovlar yuborildi hamda o‘rganishlar olib borildi, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qahramon Ergashev.

Qahramon Ergashev

Bildirilishicha, bu o‘rganishlar deputatlarning o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida, ular kundalik iste'mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida transyog‘lari, xususan, palma yog‘i miqdori belgilangan me'yoridan yuqori ekanligi haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, oxirgi uch yilda mamlakatga o‘rtacha 50 ming tonnadan ortiq palma yog‘i import qilingan. Bu, o‘z navbatida, joriy yilning o‘tgan qisqa davrida palma yog‘i importi o‘tgan yillarga nisbatan keskin o‘sayotganligidan dalolat bermoqda.

Margarin va pishloq mahsulotlarida yog‘ kislotalaridagi transizomerlar miqdor ko‘rsatkichi bo‘yicha 4 foizgacha etib belgilangan bo‘lsa-da, xarid qilingan namunalarda ularning miqdori 8,8 foiz, ya'ni ushbu mahsulotlar tarkibida begona yog‘larning miqdori 2 barobardan yuqoriligi qayd etildi. Bu amaldagi “Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”da sut mahsulotlari tarkibida sut yog‘laridan tashqari begona yog‘larning bo‘lmasligi shartiga zid bo‘lmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining xulosasiga ko‘ra, palma yog‘i inson salomatligi uchun xavfliligi tibbiyotda aniqlangan bo‘lib, hatto, erkaklarning bepushtligini ham keltirib chiqarishi mumkin ekan. Shu bois, bugungi kunda O‘zbekistonda amaldagi sanitariya qoidalari va me'yorlariga asosan bolalar oziq-ovqati mahsulotlari ishlab chiqarilishida palma yog‘idan foydalanish taqiqlangan.

“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining parlament oldidagi hisobotida mazkur masala Hukumat vakillari oldiga qo‘yilgan edi. Deputatlar taklifi bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat maxsus Ishchi guruhi tashkil etilib, masalani chuqur o‘rganish va tegishli xulosalar chiqarishga kelishildi.

So‘ngra, 2019 yil 19 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisining bayonida Davlat dasturining ijrosi yuzasidan import qilinayotgan palma yog‘ining oziq-ovqat sanoatida ishlatish bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralarga vazifalar yuklatilib, tegishli muddatlar belgilandi.

“Biroq, mamlakatimizga kirib kelayotgan katta miqdordagi palma yog‘i qaysi maqsadlarda ishlatilib, uni qanday nazorat qilish tartibi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan deputatlar o‘z vaqtida xabardor qilinmayapti.

Bundan tashqari, Hukumatning ushbu masala bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida belgilangan import qilinayotgan palma yog‘ining oziq-ovqat sanoatida ishlatish bilan bog‘liq qonun hujjatlarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish natijasi bo‘yicha 16 sentyabrgacha deb berilgan topshirig‘ining ijrosi ham noma'lumligicha qolmoqda.

Bundan kimdir manfaat ko‘rayotgani aniq.

Palma yog‘i — importmi? U valuta hisobiga olib kelinadimi? Nima, uning o‘rnini bosuvchi mahsulot o‘zimizda yo‘qmi? Buni qaysidir idora o‘ylashi kerakmi-yo‘qmi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi nega bong urmayapti?

Aholi sog‘lig‘ini saqlash uchun biz budjetdan katta-katta pul sarflayapmizmi? Palma yog‘i zararining oldini olsak, turli xastaliklarning oldini olgan bo‘lamiz-ku. Pirovardida, budjet mablag‘lari iqtisod bo‘ladi”, - deb yozadi deputat.

U xalq vakillari tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar natijadorligini ta'minlash maqsadida Hukumat bu borada tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining mas'uliyatini oshirishiga umid qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: