Qirg‘iziston - Tojikiston chegarasidagi otishma oqibatida uch nafar tojik harbiysi halok bo‘ldi - OAV

Jahon 12:51 / 17.09.2019 30573

16 sentabr kuni kechqurun Qirg‘iziston - Tojikiston davlat chegarasida sodir bo‘lgan hodisa oqibatida uch nafar tojik harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.

Ular: 

chegarachi komendant, podpolkovnik Ubaydulloyev Rustam Amonuloyevich, 1984 yilda tug‘ilgan, Hisorda yashagan;
oddiy askar Islomov Ramazon Ahmadovich, 1998 yilda tug‘ilgan, Vaxshda yashagan;
oddiy askar Suvonov Giyosiddin Nadmidinovich, 2000 yilda tug‘ilgan, Tursunzodada yashagan.

«Aziya-plyus» saytiga halok bo‘lganlar haqida Tojikiston huquq-tartibot idoralaridagi manba ma'lum qilgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot markazi shunday xabar tarqatdi:

«2019 yil 16 sentabr kuni soat 18:45da Qirg‘iziston tomoni So‘g‘d viloyati Bobojon G‘afurov tumani, Ovchi-Kalach qishloq jamoasining «Bahor» mahallasidagi sport maydonchasi hududida noma'lum inshootni qurishga kirishgan. «Bahor» mahallasi aholisi Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolarining ushbu noqonuniy xatti-harakatlariga qarshi chiqishdi va qurilish ishlarini to‘xtatishni talab qilishdi.

Qirg‘iz tomoni bahsli hududlarda chegaralar delimitatsiyasini belgilovchi ikki tomonlama kelishuvlarga zid ravishda harakat qildi hamda voqea joyiga 250-300 kishidan iborat qo‘shimcha harbiy kuchlarni safarbar etdi. Shundan so‘ng, ular provokatsion harakatlarni keltirib chiqarib, soat 19:00da «Bahor» mahallasining qurolsiz fuqarolariga qarata o‘q uzishdi, natijada Tojikiston Respublikasining bir necha fuqarosi yaralandi».

Bundan oldin, Qirg‘iziston - Tojikiston chegarasidagi otishmada kamida 10 kishi yaralangani xabar berilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: