«Ayritom» chegara-bojxona postiga zamonaviy radiatsiya nazorati qurilmalari topshirildi

O‘zbekiston 16:51 / 16.09.2019 5654

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida  “O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qo‘shma bayonoti qabul qilingan. 

Mazkur Bayonot asosida hozirda ikkala davlat o‘rtasida turli sohalarda, xususan bojxona sohasidagi o‘zaro munosabatlar yanada mustahkamlanmoqda.

2019 yil 16 sentabr kuni Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara-bojxona postida O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlariga beg‘araz ko‘mak sifatida taqdim qilingan radiatsion portal monitorlarini tantanali qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va AQSh Energetika vazirligi o‘rtasida imzolangan yadroviy hamda radioktiv materiallarning noqonuniy aylanishini oldini olish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum doirasida amalga oshirildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum, Davlat bojxona qo‘mitasining Axborot kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i D.Maksumov va boshqalar ishtirok etishdi.

Ta'kidlanganidek, davlat bojxona xizmati organlari tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda yaqindan ko‘makchi bo‘lib kelishmoqda. Bu jarayonda tezkorlik va samaradorlikni ta'minlash maqsadida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlariga yangi innovatsion va kommunikatsion texnologiyalar muntazam joriy etilmoqda. 

Radiatsion portal monitorlaridan chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar yoki avtotransport vositalarida noqonuniy radiaktiv moddalarni aniqlashda keng qo‘llaniladi hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bu kabi qurilmalardan viloyatdagi “Daryo porti” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga ham taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Tadbir davomida mehmonlar “Ayritom” chegara bojxona posti, shuningdek, “Termiz Kargo Centr” logistika markazi bilan ham yaqindan tanishishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi va AQSh hukumati o‘rtasida 2001 yilda imzolangan “Mudofaa va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini oldini olish sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim” doirasida xavfli yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallarning tarqalishiga qarshi hamkorlikda kurashib kelmoqda.

Tantanali tarzda qabul qilib olingan radiatsion nazorat qurilmalari mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, xavfsizlikni ta'minlash va barqaror rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘proq yangiliklar: