O‘zbekistonlik kurashchilar jahon chempionligi va Olimpiada yo‘llanmasi uchun gilamga chiqadi

Sport 11:30 / 15.09.2019 4889

Bugun, 15 sentabr kuni Qozog‘istonning Nur-Sultan shahrida sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatining ikkinchi kun bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu kun doirasida yunon-rim kurashi bo‘yicha -67, -87 va -97 kilogramm vazn toifasida saralash bahslari bo‘lib o‘tadi.

Ushbu vaznlar Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan va unda O‘zbekiston terma jamaosi vakillari ham JCh finali va Tokio-2020 yo‘llanmasi uchun kurash olib borishadi. O‘zbekistonlik sportchilar musobaqani quyidagi raqiblarga qarshi boshlashadi:

-67 kg: Mirzobek Rahmatov – Frenk Shtebler (Germaniya)
-87 kg: Rustam Assakalov – Alvis Ximenes (Panama)
-97 kg: Jahongir Turdiyev – Musa Yevloyev (Rossiya)

Shuningdek, kechki dasturda Aram Vardanyan -72 kg (Olimpiadaga kiritilmagan) vazn toifasida jahon chempionligi uchun rossiyalik Abuzaid Mansigovga qarshi kurashsa, bronza medali uchun bahsda Nurbek Hoshimbekovning (-82 kg) raqibi o‘tish bellashuvlaridan so‘ng ma'lum bo‘ladi.

Saralashda Aram Vardanyan avvaliga Ruslan Ahamalyiyeni (Belarus) 9:1, 1/8 finalda Hu Jung Jangni (Xitoy) 8:0 hisobida yengib chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Chorak finalda u germaniyalik Feliks Vidmayerdan, yarim finalda esa bolgariyalik Aik Mnatsanyandan ustun keldi.

Nurbek Hoshimbekov esa avvaliga 1/8 finalda Sang Hyok Parkni (Janubiy Koreya) 3:2 hisobida yenggan bo‘lsa, chorak finalda norvegiyalik Rajbek Bisultanovni muddatidan oldin mag‘lub etishning uddasidan chiqdi. Yarimfinalda gruziyalik Lasha Gobadzega 1:3 hisobida yutqazdi.

-55 kg vazn toifasida Ilhom Bahromov, -63 kg vazn toifasida esa Islomjon Bahromov chorak finalda imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.

Ma'lumot uchun, 14 sentabr kuni o‘tkazilgan vazn toifalari Tokio-2020 Olimpiadasida amal qilmaydi.

Final:
-72 kg: Aram Vardanyan – Abuzaid Mansigov (Rossiya)

Bronza medali uchun:
-82 kg: Nurbek Hoshimbekov – kun davomida aniqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: