Yurak xurujiga yo‘l bermang. Stenokardiya nima va qanday davolanadi?

Light 11:00 / 13.09.2019 32223

Ko‘krak qafasida paydo bo‘luvchi kuchli og‘riq 5-10 daqiqada o‘tib ketmasa, tez yordam chaqirish kerak.

Stenokardiya nima?

Stenokardiya — yurakka boruvchi qon oqimi yomonlashganda ko‘krak sohasida paydo bo‘luvchi og‘riq turi. Bu holat arteriya tomiri biror sabab natijasida bekilib qolganda yuzaga keladi. Demak, stenokardiya yurak xastaliklaridan darak beradi.

Agar o‘z vaqtida muammoga e'tibor qaratib davolanilsa, hech qanday ko‘ngilsizliklar kuzatilmaydi. Biroq stenokardiya — belgi, siz kelgusida yurak xurujini boshdan kechirishingiz mumkin. Shuning uchun ham unga beparvo bo‘lish mumkin emas.

Stenokardiya qanday aniqlanadi?

Yana bir bor ta'kidlaymiz, asosiy alomat bu ko‘krak sohasida og‘riq va u ba'zi hollarda yelka-bel sohasi, qo‘llar, bo‘yin, jag‘ va yelka og‘riqlari bilan o‘xshashib ketadi. Ammo odatda sizda stenokardiya ro‘y berganini tushunishga yo‘l beruvchi boshqa belgilarni ham uchratishimiz mumkin. Ular quyidagicha:

  • ko‘krak sohasida bosim, og‘irlik yoki achishish;
  • nafas qisishi;
  • ko‘p terlash;
  • ko‘ngil aynishi;
  • bosh aylanishi;
  • holsizlik. 

Agar shu kabi alomatlar ro‘y bersa, kardiolog huzurida bo‘ling va sizda stenokardiyaning turi, qanchalik xavfliligi haqida ma'lumot oling.

Stenokardiyaning qanday ko‘rinishlari mavjud?

Asosiy 2 xil tur bor. Kelgusidagi davolash jarayoni shunga muvofiq belgilanadi. 

1. Stabil stenokardiya
Uning alomatlari sekinlik bilan, bosqichma-bosqich rivojlanadi. Odatda ular muayyan vaziyatlardagina namoyon bo‘ladi. Masalan, qattiq asabiylashganda yoki zinadan ko‘tarilayotganda. O‘tib ketgunga qadar tinchlanish yoki bir necha daqiqa dam olish zarur.

Stabil stenokardiya o‘z-o‘zidan hayot uchun xavf tug‘dirmaydi. Ammo bu sizning yurak mushagingizga qon yetkazib beruvchi arteriyalaringiz torayyapti degani. Yurak xuruji ro‘y berishi xavfi ham kattalashadi.

2. Nostabil stenokardiya
Bu holatda, aksincha, belgilar birdan paydo bo‘ladi, tinchlik holatida ham 30 va hatto undan uzoq daqiqagacha saqlanib qoladi.

Nostabil stenokardiya holatida yurakning qon ta'minoti va ishlash qobiliyati xavf ostida qoladi, shuning uchun insonga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish zarur.

Stenokardiya xuruji bo‘lganda nima qilish kerak?

Avvalo harakatdan to‘xtang va dam oling. Agar biroz vaqt ichida belgilar yo‘qolsa, o‘z sog‘lig‘ingizni tekshirish uchun kardiolog ko‘rigiga boring.

Sizga allaqachon stenokardiya tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, belgilangan dori vositalarini qabul qiling va bir necha daqiqa kuting.

Alomatlar o‘tib ketmasa 103 qisqa raqami orqali zudlik bilan tez yordam chaqiring. Bu yurak xuruji bo‘lishi mumkin.

Kimlar stenokardiyadan aziyat chekishlari mumkin?

Eng ko‘p holat aterosklerozi bor bemorlar orasida kuzatiladi. Tomirlarda yog‘ qatlamlari (toshma) yig‘iladi, arteriya torayadi va qon oqimiga xalaqit berish boshlanadi. Tomirni toraytiruvchi barcha sabablar stenokardiya xavfi omilidir.

  • Yuqori qon bosimi. Vaqt o‘tishi bilan arteriya zarar ko‘radi.
  • Xolesterin yoki qondagi triglitseridlarning yuqori darajasi. Bu qon tomirlari devorida yog‘li qatlam hosil qiladi.
  • Alkogol. Muntazam iste'mol qilish qon bosimi va xolesterin miqdorini oshiradi.  
  • Tabaka. Chekish va tabaka chaynashning barcha turlari shular jumlasidan. Tomir devorlari shikastlanadi.
  • Diabet. Stenokardiya rivojlanishiga ta'sir ko‘rsata oladi. O‘z shifokoringiz bilan bu haqida albatta suhbatlashing.
  • Nofaol hayot tarzi. Jismoniy mashqlar yetishmasligi qon bosimini oshiradi va diabet rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Barcha keyingi oqibatlari bilan.
  • Yosh. Vaqt o‘tishi bilan arteriyalar tabiiy ravishda torayadi. Yil o‘tishi bilan xavf ham ortadi. 
  • Irsiyat. Qarindoshlar orasida kimdir stenokardiyani boshdan kechirgan bo‘lsa, siz uchun ham uning rivojlanish xatari ortadi.

Stenokardiya qanday davolanadi?

Kardiolog tomonidan buyuriladigan kompleks davolash kursi stenokardiyaning ko‘rinishi va xurujlar chastotasiga asoslanadi.

Stenokardiya omillarini bartaraf etish uchun bemor birinchi navbatda hayot tarzida o‘zgartirishlar kiritishlari kerak. Kasallik simptomlarini yengillashtirish va asoratlarning oldini olish maqsadida shifokor dori vositalari tayinlaydi. Ba'zi holatlarda teri osti koronar muolajasi (jarrohlik emas) yoki yurak tomirlarini stentlashga (operatsiya) murojaat qilinishi mumkin.

Hayot tarzi

Stenokardiya odatda barcha yurak xastaliklarida kuzatiladi, shuning uchun siz yurak-qon tomir kasalliklari kelib chiqishi omillarini kamaytiruvchi barcha choralarni ko‘rish kerak.

  • Chekish va tabakdan voz kechish, chekuvchilardan yiroq bo‘lish.
  • Ortiqcha vaznga ega bo‘lganda ozish.
  • To‘g‘ri ovqatlanish, ratsionga ko‘proq meva-sabzavotlar va don mahsulotlari kiriting. 
  • Oshqozonga og‘ir botadigan darajada ko‘p yemang.
  • Shifokordan sizga jismoniy mashqlar rejasini tuzib berishini so‘rang, ko‘proq piyoda yuring. 
  • Stressli holatlardan uzoq yurish, tez-tez dam olish va tinchlanish zarur. Nafas olish mashqlarini sinab ko‘rish ham mumkin.
  • Alkogoldan voz kechish.

Dori-darmon

Stenokardiya xurujini tezlik bilan yengillashtirish uchun kardiologlar nitrat va qon suyiltiruvchi dori vositalari buyurishi mumkin.

Muolajalar va jarrohlik amaliyoti

Nostabil stenokardiyali insonlarga hayot tarzini o‘zgartirish va dorilar qabuli yordam bermaganda muolaja va operatsiya qo‘l keladi.

Angioplastika (teri osti koronar aralashuvi), stentlash va yurak tomirlarini payvandlash usullaridan stenokardiya kasalligining og‘irlik darajasi, shikastlangan koronar arteriyalar soni, tomirlar qisqarishi bosqichi va bevosita bog‘liq kasalliklar mavjudligiga qarab qo‘llanadi.

Stenokardiyaning oldini olish mumkinmi?

Ha, qisman. Hozirdanoq hayot tarziga o‘zgartirishlar kiritish orqali stenokardiya yuzaga kelishi xavfini sezilarli darajada kamaytirish imkoniga egasiz. Yuqorida keltirilgan tavsiyalarning barchasi profilaktika maqsadlarida ham foydalanish uchun muvofiq keladi. 

Afsuski, ba'zi omillarga ta'sir ko‘rsatishning hech ham iloji yo‘q, shuning uchun stenokardiyaning yuz foiz oldini olish imkonsizdir.

Ko‘proq yangiliklar: