Hafta o‘yinlari anonsi: Messisiz «Barsa»ni qiyin o‘yin kutmoqda, Germaniyada peshqadamlar to‘qnashuvi

Sport 17:29 / 13.09.2019 16018

Kim uchundir qayg‘uli, kim uchundir xotirjam o‘tgan terma jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar yana bir oyga chekinib, bor e'tiborimiz yana milliy chempionatlarga qaratiladi. Bu safargi o‘yinlar yana bir tomoni bilan qiziq – sentyabrning ilk kunlarida yopilgan transfer darchasidan keyingi ilk o‘yinlar. Bu esa, juda ko‘p jamoalar tarkibida yangi futbolchilarni ko‘rishimiz mumkinligini anglatadi. Bundan tashqari, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffuslar asosan top-klublar uchun noqulaylik tug‘diradi. Bu holat, ligalarda raqiblar o‘rtasidagi vaziyatni sal tenglashtirib, har bir o‘yin juda qiziqarli o‘tishini ta'minlashi mumkin.

E'tiboringizga dam olish kunlaridagi shiddatli o‘yinlar anonsini havola qilamiz. Kelasi haftada yevrokubok o‘yinlari borligi uchun aksariyat uchrashuvlar shanba kuniga belgilangan.

FIOReNTINA – YuVeNTUS (14 sentabr, 18:00)

«Yuventus» odatdagidek, chempionatni g‘alabalar bilan boshlagan bo‘lsa-da, Sarri hali o‘zining optimal jamoasini tuzgani yo‘q, shuning uchun turinliklarning har bir o‘yinini kuzatish qiziq bo‘ladi. Tarkibda juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar jamlangan va shu palladagi har bir o‘yin ularning kelajagiga oydinlik kiritishi mumkin. Yoki masalan, bu o‘yin transfer oynasi yopilgandan keyin ilk uchrashuv – bu shuni anglatadiki, yoz bo‘yi ketishi taxmin qilingan Iguain, Dibala kabi futbolchilar «Yuventus»da qolishdi, ana endi Sarri ularga ham ko‘proq e'tibor qaratishni boshlashi tabiiy. Bundan tashqari, yozda erkin agent sifatida «Arsenal»ni tark etib Turinga kelgan Aaron Remzi jarohatini tuzatib safga qaytdi va u bu o‘yinda maydonga tushishi mumkin.

Jamoaga biroz xos bo‘lmagan tarafi, «Yuventus» dastlabki ikki turda 3 gol o‘tkazib ulgurdi. To‘g‘ri, bu «Napoli»ga qarshi o‘yinda ro‘y berdi, lekin aynan shunisi g‘alati, «Yuventus» top o‘yinlarda himoyaga qattiq e'tibor beradigan jamoalardan hisoblanardi. Nahotki, endi Sarri bilan boshqacharoq, yanada qiziqroq «Yuventus»ni ko‘rsak?

«Fiorentina» esa, qiziqarli raqib. Birinchidan, florensiyaliklar mavsumni ancha beqaror o‘tkazib, turnir jadvalining quyi qismlariga o‘rganib qolgan bo‘lsalar-da, top raqiblarga qarshi kutilmaganda, doim munosib o‘ynab kelishgan. Ikki yil oldin aynan «Fiorentina» «Napoli»ning yo‘liga to‘siq bo‘lib, «Yuventus»ga chempionlik yo‘lini ochib bergandi. Ikkinchidan, endi tarkibda Riberi, Kevin-Prins Boateng kabi tajribali futbolchilar paydo bo‘ldi. Ular jamoadoshlariga «Yuventus»dan qo‘rqmaslikni o‘rgatishlari tabiiy. Bu futbolchilarning debyuti u qadar ishonchli chiqmagan bo‘lsa-da, o‘rtadagi tanaffus yangilarning ko‘proq kirishib ketishlari uchun imkoniyat bo‘ldi. Shuningdek, o‘z vaqtida Turinda to‘p surgan Martin Kasares ham sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi mumkin. «Lester»da ishlari yurishmagan Rashid G‘azzolni ham yangi chempionatda kuzatish qiziq bo‘ladi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, «Yuventus» to‘rt o‘yindan beri «Fiorentina»ni yutib kelmoqda. Florensiyadagi ikki o‘yin umumiy 5:0 hisobida mehmonlarning ustunligi bilan yakunlangan.

Darvoqe, yana ikki jihatdan mezbonlar «Yuventus»dan ko‘ra yaxshiroq sharoitga ega. Birinchisi, Sarri shogirdlari kelasi hafta Chempionlar Ligasida «Atletiko»ga qarshi qiyin uchrashuv ostonasida turishibdi. Ikkinchisi, terma jamoalar o‘yinlari bilan bog‘liq tanaffus ko‘proq «Yuventus»ga xalaqit bergani tabiiy, chunki ushbu jamoa tarkibidagi deyarli barcha futbolchilar o‘z terma jamoalari safida yig‘inlarda qatnashib kelishdi. «Fiorentina» esa, tanaffus paytida asosiy tarkib bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

BORUSSIYa D – BAYYeR (14 sentabr, 18:30)

Har ikki jamoa ham mavsumni juda yaxshi boshlashdi, dastlabki ikki turda ishonchli g‘alabalar qo‘lga kiritildi. Ammo 3-turda «Bayyer» o‘z maydonida «Hoffenhaym» bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, dortmundliklar ko‘pchilik uchun kutilmaganda, bundesliga debyutanti «Union Berlin»dan 1:3 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus har ikki jamoaga ham qo‘l kelgani tabiiy. Endi bu safar kimdir avvalgi natijaning tasodif ekanini isbotlasa, keyingi jamoa muvaffaqiyatsiz seriyani davom ettirishi mumkin. Jamoalar tarkibida juda qiziqarli va top-klublar tomonidan qiziqish bildirayotgan futbolchilarning borligi esa, bu uchrashuv yanada keskin va shiddatliroq o‘tishini ta'minlaydi.

Kelasi hafta Yevropa Chempionlar Ligasi o‘yinlari boshlanadi va jamoalar o‘zlari uchun ancha murakkab guruhga tushgan. «Borussiya» «Barselona» va «Inter» bilan ikki yo‘llanma uchun kurash olib borsa, leverkuzenliklar «Atletiko» va «Yuventus» bilan bir guruhda to‘p suradi. 1-turda «Borussiya» «Barselona»ni, «Bayyer» esa, «Lokomotiv»ni qabul qiladi. Demak, murabbiylarning bir xayoli juda muhim bo‘lgan yevrokubok o‘yinlari bilan ham band bo‘lishi tabiiy. Xullas, tayyorgarlik uchun juda murakkab vaziyatda bo‘lib o‘tayotgan bu o‘yinda individual futbolchilarning mahorati ham katta rol o‘ynash kerak – Roys, Alkaser, Xaverts, Beyli va boshqalar shular jumlasidandir. Ayniqsa, har o‘yinda golli vaziyatni yuzaga keltirayotgan Jyeydon Sancho muvaffaqiyatini terma jamoada ham davom ettirdi – o‘yinda u uchun alohida kameralar ishlashi tayin.

O‘zaro o‘yinlarda, tabiiyki, «Borussiya»ning yaqqol ustunligini ko‘rish mumkin. So‘nggi 18 o‘yinning 10tasi dortmundliklar g‘alabasi bilan yakunlangan. «Bayyer»ning so‘nggi g‘alabasiga uch yil bo‘ldi, Dortmunddan esa, mehmonlar oxirgi marta 2014 yilning avgustida uch ochko olib ketishgandi.

MANCheSTeR YuNAYTeD – LeSTeR (14 sentabr, 19:00)

So‘nggi yillarda «Manchester Yunayted» deyarli hammaga yutqaza olishini isbotlayotganini e'tiborga olsak, «Lester» bilan statistika biroz hayron qoldiradi. «Tulkilar» APLga qaytgan ilk mavsumlarida, o‘sha mashhur 5:3 hisobidagi irodali g‘alabadan so‘ng, biror marta ham «Manchester Yunayted»ni mag‘lub eta olishmayapti. Hatto o‘sha chempionlik mavsumida ham, har ikki o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan.

Navbatdagi o‘yin «MYu»ning bir qator omadsiz o‘yinlaridan so‘ng, «Lester» esa, 4 turdan keyin hali mag‘lubiyatga uchramagan uch jamoadan biri bo‘lib turgan paytda o‘tayotgani qiziqishni oshiradi, albatta. Mezbonlar safida sobiq «lesterchi» Harri Maguayr, mehmonlar yetakchisi rolida esa, yanvarda «Old Trafford»ga kelishi mumkin bo‘lgan yosh yulduz – Jyeyms Meddison.

Tarkiblarga kelsak, Lyuk Shou va Marsiyal jarohat tufayli so‘nggi o‘yinni o‘tkazib yuborgandi, terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusda yana, Pogba, Lingard, Van-Bissaka kabi futbolchilar ham turli jarohatlar tufayli erta qaytishdi. Sulsherning aytishicha, bu sanalganlarning asosiy tarkibdan joy olishlari ehtimoli juda past, balki Lingard va Van-Bissaka tayyor bo‘lishi mumkin. Pogba va Marsiyal «Vest Hem»ga qarshi o‘yingacha jamoaga yordam bera olmasligi aniq.

Mehmonlar tarkibida yo‘qotishlar yo‘q. «Lester» boshqa bir top-klub «Chelsi»ga qarshi ham ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatganini eslasak, mezbonlarga oson bo‘lmaydi. Umuman, ko‘p mutaxassislar Rojyers jamoasini «kuchli oltilik»ka eng yaqin jamoa, hatto yakunda bu guruhda kimnidir ortda qoldirishi ham mumkinligiga ishonishmoqda.

VULVeRHEMPTON – CheLSI (14 sentabr, 19:00)

Olti yil chempionshipda o‘ynagach, butunlay boshqa jamoaga aylanib Premer Ligaga qaytgan «Vulverhempton» o‘tgan mavsumda ayniqsa, top-klublarga qarshi natijalari bilan barchaning e'tirofiga sazovor bo‘lgandi. «Bo‘rilar» «Manchester Siti»dan tashqari, barcha top-klublarni yengishgan, hatto Angliya Kubogida «Liverpul»ni kurashdan chiqarib yuborishgandi. «Chelsi»ga qarshi o‘yinda esa, uyda irodali g‘alaba va «Stemford Brij»da durang. O‘sha o‘yinda ham, faqat Eden Azarning qo‘shimcha vaqtda urgan goli mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgandi.

«Vulverhempton» yozda juda faol bo‘ldi, «Latsio»dan Bruno Jordan va Netu, «Milan»dan Kutrone, «Real»dan ijaraga Valexo olib kelindi. Xullas, «Vulverhempton» APLning kuchli jamoalaridan biri bo‘lish uchun yo‘lini davom ettirmoqda. Jumladan, top-klublarga qarshi muvaffaqiyatli seriya ham amalda – «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda durang qayd etildi. Shuningdek, kelasi haftadan Nunu Santu shogirdlari Yevropa Ligasi guruh bosqichida ham debyut qiladi. Bir yil uchun juda dadil va katta qadamlar, nima dedingiz?

Ammo zich grafik o‘z salbiy ta'sirini ham o‘tkazmay qolmayapti, «bo‘rilar» APLning 4 turidan so‘ng ham hali g‘alaba qozona olishgani yo‘q. Qatorasiga uch durangdan so‘ng, «Everton»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida ochkoni qo‘ldan chiqarishdi. Tanaffus Santu uchun foydali bo‘lishi, nihoyat jamoa g‘alabali yo‘lga tushib olishi uchun yaxshi palla, yaxshi raqib.

Tarkiblarga kelsak, mezbonlarning asosiy himoyachilaridan biri Villi Boli diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. U «Guddison Park»dagi o‘yinda hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi. Mehmonlar safida esa, muammolar juda ko‘p. Avavlroq safdan chiqqan Loftus-Chik, Jyeyms, Pedro, Musonda, Xadson-Odoi kabilar qatoriga endi Ngolo Kante, Emerson va Kovachich ham qo‘shildi. Endi Lempard bu safar ham, «ko‘klar»ning yangi yulduzlari – Maunt, Abraham va Pulishich kabi futbolchilarga tayanishga majbur.

RB LeYPsIG – BAVARIYa (14 sentabr, 21:30)

Bundesligada bu hafta yana bitta YeChL ishtirokchilari to‘qnashuvi bor. Buni turnir jadvalida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallab turgan jamoalar o‘rtasidagi kurash, deb ham aytish mumkin. Bu o‘yin g‘olibi chempionatda yaqqol peshqadamga aylanadi.

«Bavariya»ni mavsumning istalgan pallasida bu sharoitda ko‘rishga o‘rganib qolganmiz, lekin «Leypsig» mavsumni juda kuchli boshlaganini e'tirof etish kerak. Gap qandaydir qatorasiga uch o‘yindagi g‘alabada emas, bu o‘yinlar qanday va kimlar bilan kechganini ham unutmaslik kerak. «Leypsig» uch o‘yinda raqib darvozasini 9 marta ishg‘ol qildi, ikki g‘alaba safarda qo‘lga kiritildi. «Ayntraxt», «Borussiya» M kabi yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar mag‘lub etilgani ham alohida tahsinga sazovor. Timo Vernerni esa, umuman to‘xtatib bo‘lmayapti. Hujumchi yangi mavsumda har o‘yinda maydonni golsiz tark etmayapti, Menxengladbaxdagi so‘nggi o‘yinda esa, het-trik qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ikki yildan beri chempionatda myunxenliklar bu stadionda g‘alaba qozona olmayotganini ham e'tiborga olsak, Kovach jamoasiga oson bo‘lmaydi.

O‘z holicha, yangilangan «Bavariya»ni ko‘rish ham qiziqarli. Ivan Perishich, Filipe Koutino, Mikayel Kyuizans kabi yangi futbolchilar ketganlarning o‘rnini bosishga harakat qilishadi va bu futbolchilarning to‘laqonli debyutini mana shu uchrashuvda kuzatishimiz mumkin.

BARSeLONA – VALeNSIYa (14 sentabr, 23:55)

«Barselona» muxlislariga havas qilib bo‘lmaydi, ular sevimli jamoalarining haqiqiy o‘yinini uzoq kutishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yerda hech qanday istehzo yo‘q, rostan ham tarkibida Messi bo‘lgan «Barselona» bilan, Messisiz «Barselona» umuman farqlidir. Jamoa yetakchisining jarohati to‘liq tiklanib ulgurmadi, futbolchi anchadan buyon shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, klub shifokorlari tavakkal qilmaslikni afzal ko‘rishmoqda. Shuningdek, 1-turda jarohat olgan Luis Suares ham katta ehtimol bilan maydonga tusha olmaydi. Usmon Dembele esa oy oxirida safga qaytadi.

Bu futbolchilarsiz «Barselona» u qadar ishonchli ko‘rinmayotganini «Osasuna» bilan o‘yin ham isbotladi. Yosh futbolchilar avgustda o‘zlarini ko‘rsatgan bo‘lishsa-da, ularning o‘yinida beqarorlik ko‘zga tashlanmoqda. Balki «Atletiko» yo‘qotishsiz ketayotganini e'tiborga olib, nihoyat Valverde tajribali Rakitich, Vidal kabi futbolchilarga ishonch bildirar? Ya'ni yangi jamoa qurilishini Messi kelguncha kechiktirib turar? Bundan tashqari, «PSJ» bilan muvaffaqiyatsiz muzokaralar natijasida Rakitich «Kamp Nou»da qolishi aniq bo‘ldi, endi xorvatiyalik futbolchi o‘z tajribasi bilan og‘ir damda yordam berishi mumkin.

O‘yin «Valensiya» tomonidan qaraganda ham ahamiyatli. So‘nggi turda nihoyat jamoa g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, klub Marselinoni iste'foga chiqardi. Yangi murabbiy sifatida esa, Ispaniya terma jamoasi va «Real»da Lopetegiga yordamchilik qilgan Albert Selades tayinlandi. Qizig‘i, Selades futbolchi sifatida «Barselona»da ulg‘aygan, akademiya tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va bir necha yil «Kamp Nou»da to‘p surgan. To‘g‘ri, bu holat Seladesni haqiqiy kataloniyalik qilib qo‘ymadi, zero u keyinchalik «Real» safida ham besh yil o‘ynagan. Xullas, bosh murabbiy sifatida faqat yoshlar terma jamoalarida faoliyat ko‘rsatgan murabbiy uchun «Valensiya» jiddiy sinov bo‘lishi aniq. Imtihon esa, birato‘la «Kamp Nou»da, undan keyin «Stemford Brij»da davom etadi – «Valensiya» kelasi hafta Chempionlar Ligasidagi yurishini «Chelsi»ga qarshi o‘yinda boshlaydi.

«Valensiya» so‘nggi yillarda «Kamp Nou» uchun eng noqulay raqiblardan biri ekanini ham alohida e'tirof etish mumkin. So‘nggi 9 o‘yindan 4tasida mezbonlar g‘alaba qozona olmagan, uchtasida «Valensiya» zafar quchgan – «Kamp Nou» uchun buni juda katta natija sifatida baholash mumkin. Xususan, «Barselona»ni so‘nggi sovrindan mahrum qilgan jamoa ham aynan «Valensiya» hisoblanadi. Esingizda bo‘lsa, may oyida, Qirollik kubogi finalida «ko‘rshapalaklar» 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi. Fevralda bo‘lib o‘tgan o‘yinda ham mehmonlar 2:0 hisobida oldinda borishgan, keyinchalik Messining dubli durang natijani ta'minlagandi.

Mezbonlar tarkibidagi jarohatlar haqida yuqorida aytildi, «Valensiya»da esa Karlos Solerning yo‘qligi jamoa o‘yiniga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

BOShQA O‘YINLAR

14 sentabr. ReAL – Levante (16:00), LIVeRPUL – Nyukasl (16:30), TOTTeHEM – Kristal Pelas (19:00), Vulverhempton – CheLSI (19:00), PSJ – Strasbur (20:30), NAPOLI – Sampdoriya (21:00), Norvich – MANCheSTeR SITI (21:30), Real Sosedad – ATLeTIKO (21:30), INTeR – Udineze (23:45),

15 sentabr. Uotford – ARSeNAL (20:30), ROMA – Sassuolo (21:00), Verona – MILAN (23:45).

Ko‘proq yangiliklar: