Alisher Sa'dullayev Yoshlar ittifoqi oldida turgan ikki asosiy vazifani ma'lum qildi

O‘zbekiston 21:35 / 13.09.2019 22009

Bugun, 13 sentabr kuni Senat binosida Oliy Majlis Senati yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishdagi ishlar samarasini oshirish, shuningdek, Yoshlar ittifoqi bilan vakillik hamda ijro hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

senat.gov.uz

Yig‘ilishda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Sa'dullayev tashkilot oldida turgan asosiy vazifalar nimalar ekanligi haqida gapirgan.

senat.gov.uz

Jumladan, «Tashkilotning yoshlar orasida targ‘ib qiladigan mustahkam g‘oyasini yaratish va infrastrukturaviy masalalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish – O‘zbekiston yoshlar ittifoqining asosiy ikki vazifasi deb bilaman.

Birinchidan, yoshlarni O‘zbekiston kelajagi uchun xizmat qilishga undaydigan, ularni o‘z ortidan ergashtiradigan mustahkam g‘oyamiz bo‘lishi lozim. Umuman, bizda barcha masalalarda mustahkam g‘oya dominant bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, infrastrukturaviy masalalar. Bunda tashkilot tizimida xotin-qizlar ishtirokini oshirish, yoshlarga tashkilotning “sotsial lift” sifatida imkoniyatlaridan to‘la foydalanishlariga sharoit yaratish.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishga yoshlarning tashkilotdagi rahbarlik lavozimlariga bo‘ladigan saylovlarida erkin nomzod sifatida ishtirok etishi ham kiradi. Masalan, shu paytga qadar tashkilotning tuman, shahar kengashlari boshqaruviga o‘tadigan saylovlarda faqat belgilangan kishilarning nomzodi qo‘yilgan bo‘lsa, endilikda salohiyati yetarli bo‘lgan, o‘z kuchiga ishongan barcha yoshlar saylovlarda nomzodi bilan qatnashadi». 

U shuningdek, endilikda yoshlar uyushgan va uyushmagan sifatida ajratilmasligi hamda bu yoshlar o‘rtasida o‘zaro noto‘g‘ri munosabatni keltirib chiqarishi haqida gapirgan.

«Dunyoning ko‘pgina davlatlarida yoshlar bilan ishlashda «ta'limda bo‘lgan», «treningdagi» va «mehnatda bo‘lmagan yoshlar» atamasi qo‘llaniladi. Balki, shu atamalarni kiritish kerakdir, lekin yoshlarni uyushgan va uyushmagan sifatida ajratishni mutlaqo xato deb o‘ylayman», deya Alisher Sa'dullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: