O‘zbekistonda nechta korxona va tashkilotlarda radioaktiv manbalar borligi ochiqlandi

O‘zbekiston 14:55 / 11.09.2019 17224

O‘zbekistonda 900 ga yaqin korxona va tashkilotlarda 6700 dan ortiq radioaktiv manbalar hamda Yadro fizikasi institutida 150 dan ziyod yoqilg‘i ko‘rinishidagi yadroviy materiallar mavjud. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev yozmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu radioaktiv manbalar va yadroviy materiallardan foydalanishda radiatsiyaviy xavfsizlik, ya'ni inson sog‘lig‘i yoki atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olishga qaratilgan choralarini ta'minlash dolzarb masala hisoblanadi.

Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida ma'qullangan hamda 2019 yil 10 sentabr kuni davlat rahbari tomonidan imzolangan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida shu kabi masalalarga alohida e'tibor qaratilgani aytiladi.  

Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, qolaversa, atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi, xavfsizlikning ta'minlanishi, axborotning ochiqligi, yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.

Qonunda atom energiyasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasidagi yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida Vazirlar Mahkamasi va Energetika vazirligining, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarining vakolatlari belgilandi.

Shu bilan birga, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, bu sohasidagi ishlarni olib borish huquqi uchun ruxsatnoma berish, davlat nazorati va tekshiruvi, yadroviy qurilma va  saqlash punktining xavfsizligini davriy baholash, uni joylashtirish hamda barpo etish tartibi joriy etildi.

Bundan oldin, O‘zbekistonda yadroviy qurilmani barpo etish to‘g‘risidagi qaror faqat prezident tomonidan bekor qilinishi xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: