«Hududiy elektr tarmoqlari»: Surxondaryoda bir milliondan ortiq aholining elektr ta'minoti yaxshilanadi

Jamiyat 18:26 / 10.09.2019 6972

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati vakillari joylarda aholi bilan uchrashib, sohaga tegishli masalalarni va muammolarni o‘rganmoqda. Ana shunday sayyor qabullardan biri Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi «Gilambob» MFYda o‘tkazildi.

Mazkur mahallada uzoq yillardan buyon elektr yetkazib berishda ko‘pgina muammolar mavjud edi. Endilikda holat yaxshilanib bormoqda. «Gilambob» 2020 yilda «Obod qishloq» dasturiga tushganligi fikrimizni yorqin dalilidir. Kelgusida elektr ta'minoti yanada yaxshilanib, eski yaroqsiz sim yog‘och tayanch va simlar yangisiga almashtiriladi, elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatiladi.

– Avvalgi yillarga nisbatan 2018-2019 yillarda fuqarolarning elektr ta'minoti ancha yaxshilandi, – deydi «Gilambob» MFY raisi U. Yuldoshov. – «Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari» hamda Angor TETK joriy yilda mahallamizdagi ikkita transformator punktini katta quvvatlisiga almashtirib, yana bitta transformatorni qo‘shimcha o‘rnatib berdi. Endilikda hududimizda yetti dona transformator punkti ko‘magida elektr liniyasining zo‘riqib ishlashining oldi olinib, elektrda o‘chishlar kamaydi.

Mazkur mahalla misolida ham elektr yetkazib berishda uzulishlar bo‘lmayotganini kuzatish mumkin. Aslida viloyat va tumanlarda amalga oshirilayotgan modernizatsiyalash tadbirlari tufayli bu xususiyat barcha hududlarga xos bo‘lib qolmoqda. Misol uchun, Surxondaryo viloyatida 2019 yil davomida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi.

Xususan, «Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish» dasturi doirasida 165,8 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 75 dona transformator punktida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Yil yakuniga qadar 131,8 km elektr uzatish tarmog‘i va 50 dona transformator punktida ishlar davom etadi.

Bu kabi yangilanishlar samarasida Surxondaryo viloyatida 285 ta mahalla va qishloqda yashovchi 1 million nafardan ortiq aholining ijtimoiy soha obektlari, sanoat va tadbirkorlik sub'yektlarining elektr ta'minoti yanada yaxshilanadi.

Shu kunlarda tizimda 2019-2020 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham yakunlanmoqda. Unga ko‘ra, «Surxondaryo HETK» AJ tasarrufidagi 1611,4 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 440 dona transformator punkti, 4 ta yuqori kuchlanishli podstansiya va 2 ta yuqori kuchlanishli kuch transformatorlari mukammal ta'mirlandi.

Jamiyat tasarrufidagi Muzrabot, Denov, Termiz tuman elektr ta'minoti korxonalari binolari to‘liq ta'mirlanib mavsumga taxt qilindi. Angor, Sherobod, Qiziriq, Oltinsoy TETK va Termiz ShETK binolarida esa ta'mirlash ishlari davom etmoqda. Sovuq va yomg‘irli kunlarni betalofat o‘tkazish, aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlar zaxirasi yaratilmoqda. Elektr uzatish tarmoqlari va yuqori kuchlanishli kuch transformatorlari mukammal ta'mirlandi.

Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari ham jadal amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi «Yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi ta'minlanmoqda.

Hozirda bu ishlar Termizda boshlab yuborildi. Shahar aholi iste'molchilariga yangi zamonaviy elektr hisoblagichlardan 20000 dona yetkazildi va qisqa fursatda sakkiz mingdan ziyod elektr hisoblagichlar o‘rnatib berildi. Yil yakuniga qadar Termiz shahridagi iste'molchilarga yangi zamonaviy elektr hisoblagichlarni to‘liq o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: