Sport sohasida ilmiy laboratoriyalar va Olimpiya tayyorgarlik ko‘rish markazi tashkil etiladi

Sport 14:01 / 05.09.2019 1754

O‘zbekistonda sport sohasida ilmiy laboratoriyalar va Olimpiya tayyorgarlik ko‘rish markazi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Sportchilarning ruhiy tayyorgarligi past bo‘lsa, xalqaro musobaqalarida yuqori ko‘rsatkichga erishishi qiyin ekanligi, tabiiy hol. Bugungi kunda, respublika Olimpiya terma jamoalari bilan ishlaydigan atigi 21 ta sport vrachi, 5 ta sport psixologi va 4 ta sport diyetologi bor, xolos. Sport federatsiyalarining birortasida ham terma jamoa a'zolarining musobaqaga tayyorgarligi va tiklanish jarayonini monitoring qilish bo‘yicha kompleks laboratoriya mavjud emas. 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev), Milliy Olimpiya qo‘mitasi (Shoabduraxmonov), Moliya vazirligi (Qo‘chqorov) ikki oy muddatda sport federatsiyalarida ilmiy-kompleks laboratoriyalarni tashkil etish va moliyalashtirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev), Milliy Olimpiya qo‘mitasi (Shoabduraxmonov) bir oy muddatda, sport psixologiyasi va diyetologiyasi bo‘yicha ilg‘or hisoblangan Germaniya va boshqa davlatlardan mutaxassislarni jalb qilsin.

Tokiodan keyingi Olimpiya o‘yinlari va yirik xalqaro sport musobaqalariga tizimli tayyorgarlik ko‘rish uchun, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi asosida, yagona markazlashgan Olimpiya tayyorgarlik ko‘rish markazini barpo etish lozim. Vazirlar Mahkamasi (Ramatov), Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev), Milliy Olimpiya qo‘mitasi (Shoabduraxmonov), Qurilish vazirligi (Hidoyatov), Toshkent viloyati hokimligi (Xolmatov) Bo‘stonliq tumani hududida Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish markazini qurish bo‘yicha aniq takliflarni kiritsin», - dedi prezident.

Ko‘proq yangiliklar: