«Kuchli beshlik»da transfer oynasining so‘nggi kuni – eng muhim transferlar, kelishuvlar, bitimlar

Sport 01:35 / 03.09.2019 21135

2 sentabr kuni Yevropaning kuchli beshta ligasiga kiruvchi Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya chempionatida transfer oynasi yopildi. 

Yozgi transfer mavsumining so‘nggi kunida e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha kelishuvlar amalga oshdi.

«Tottenhem» klubini erkin agent maqomida tark etgan hujumchi Fernando Lorente «Napoli» a'zosiga aylandi. 34 yoshli futbolchi «Yuventus»ni tark etganidan to‘rt yil o‘tib, yana A Seriyaga qaytmoqda. Hozircha Lorentening Neapol klubi bilan bitimi shartlari ma'lum emas. OAVda tomonlar ikki yillik shartnoma va 2,5 mln yevro yillik maosh bo‘yicha kelishishgani aytilmoqda.

Matteo Darmian

«Manchester Yunayted» himoyachisi Matteo Darmian Italiyaning «Parma» klubi bilan 2023 yilgacha mo‘ljallangan shartnomani imzoladi. Transfer 1,5 million yevro evaziga amalga oshirildi. 2015 yildan buyon «Manchester Yunayted» safida to‘p tepib kelgan Darmian o‘tgan mavsumda atigi 6ta o‘yinda harakat qilgan edi. 

Xaver Ernandes

Meksikalik hujumchi Xaver Ernandes yoki «Chicharito» Londonning «Vest Hem» klubidan «Sevilya»ga o‘tdi. Ispanlar forvardning shartnomasida ko‘rsatilgan 8 million yevro miqdoridagi tovon pulini to‘lashdi. 2018/19 yilgi mavsumda Chicharito «Vest Hem» uchun Angliya Premer-ligasida 25 o‘yinda maydonga tushib, 7ta gol urgan edi. U turli yillarda «Manchester Yunayted», «Real», «Bayyer» klublari sharafini himoya qilgan. Meksika milliy jamoasida 108 o‘yin o‘tkazib, 51 gol urgan.

Simon Kyayer

«Atalanta» himoyachi Martin Shkrtel bilan shartnomani bekor qilganini, shuningdek, «Sevilya» himoyachisi Simon Kyayerni ijaraga olganini e'lon qildi. Shkrtel «Atalanta» bilan avgust oyi boshida shartnoma imzolagan edi. Ammo klub tarkibida birorta o‘yinda qatnashmadi. Xabar qilinishicha, 34 yoshli himoyachining sog‘ligidagi muammolar tufayli shartnoma bekor qilingan. Jamoaning yangi himoyachisi 30 yoshli Kyayer o‘tgan mavsum La Ligada 26ta o‘yin o‘tkazgan. Himoyachi uchun A Seriya begona emas. U faoliyati davomida Italiyaning «Palermo» va «Roma» jamoalarida ham o‘ynagan.

Keylor Navas

«Real» darvozaboni Keylor Navas faoliyatini Fransiyada davom ettiradigan bo‘ldi. Parij klubi 32 yoshli darvozabon uchun 18 mln yevro to‘ladi va 26 yoshli posboni Alfons Areolyani bir mavsumga ijaraga berib yubordi. «PSJ» klubi bayonotiga ko‘ra, «Real» Areolyani to‘liq sotib olish huquqiga ega emas. Futbolchining parijliklar bilan 2023 yilgacha mo‘ljallangan shartnomasi bor. Qayd qilish joizki, Navas «Real»ga 2014 yil yozida «Levante»dan 10 mln yevroga o‘tgan edi. U Madrid klubidagi 5 yillik faoliyati davomida 12ta sovringa ega chiqqan, shulardan 3tasi YeChL g‘olibligidir. Areolya – «PSJ» tarbiyalanuvchisidir. U jamoa bilan 6ta sovrinni yutib olgan. Faoliyatining bir qismida «Vilyarreal» klubida ijarada o‘ynagan.

Alfons Areolya

«Chelsi» himoyachisi Abdulrahmon Baba ijara asosida «Malorka»da o‘ynaydigan bo‘ldi. Shuningdek, London klubi ganalik 25 yoshli futbolchi bilan shartnomani 2022 yilgacha uzaytirdi. Baba o‘tgan mavsumni ijara asosida «Shalke» va «Reyms»da o‘tkazgan edi.

Rafinya Alkantara

«Barselona» yarimhimoyachisi Rafinya Alkantara faoliyatini «Selta»da davom ettiradi. 26 yoshli futbolchi kataloniyaliklar bilan 2021 yilgacha mo‘ljallangan shartnomani imzoladi va 1 yil muddatga ijaraga berildi. «Selta» Rafinyaning maoshini o‘z zimmasiga oldi. Bundan tashqari 1,5 million yevro miqdorida bonus ham beradigan bo‘ldi. Qayd qilish joizki, Rafinya 2013/14 mavsumida «Selta»da o‘ynagan edi. Futbolchi og‘ir jarohati tufayli o‘tgan mavsumning katta qismida maydonga tushmadi.

Nikola Kalinich

«Roma» klubi «Atletiko» hujumchisi Nikola Kalinichni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Xorvatiyalik futbolchi 2020 yil yozigacha rimliklar sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. «Roma» Kalinich transferi uchun 3 million yevro to‘ladi. Futbolchi yangi klubida 19-raqamni tanladi. Qayd qilish joizki, Kalinich avvalroq Italiya chempionatida to‘p tepib, «Fiorentina» va «Milan» klublarida o‘ynagan edi.

Ante Rebich / Andre Silva

«Milan» klubi «Ayntraxt» bilan hujumchilarni almashtirdi. «Rossoneri» nemislarning 25 yoshli hujumchisi Ante Rebichni 2 yil muddatga va 5 million yevro evaziga ijaraga oldi. Ijara muddati yakunlangach, «Milan» uni 20 million yevroga to‘liq sotib oladi. Shuningdek, «Milan» hujumchisi Andre Silva yangi mavsumni «Ayntraxt» tarkibida o‘tkazadigan bo‘ldi. Uning shartnomasi bandlari hozircha e'lon qilinmadi. O‘tgan mavsumda Rebich «Ayntraxt» tarkibida Bundesligada 28ta o‘yinda maydonga tushib, 9ta gol urgan va 4ta golga hammualliflik qilgan edi. Andre Silva esa «Sevilya» tarkibida ijarada o‘ynab, 27ta o‘yinda 9ta gol urdi.

Genrix Mxitaryan

«Roma» klubi «Arsenal» yarimhimoyachisi Genrix Mxitaryan bilan shartnoma imzoladi. Armanistonlik futbolchi rimliklar tarkibida mavsum oxiriga qadar ijarada o‘ynaydigan bo‘ldi. «Roma» Mxitaryan ijarasi uchun 3 million yevro to‘ladi. O‘tgan mavsumda futbolchi «Arsenal» tarkibida barcha musobaqalarda 39ta o‘yinda maydonga tushib, 8ta gol urgan.

Emiliano Rigoni

«Zenit» yarimhimoyachisi Emiliano Rigoni faoliyatini «Sampdoriya»da davom ettiradi. 26 yoshli futbolchi Genuya klubiga ijaraga berildi. «Sampdoriya»da yarimhimoyachini sotib olish huquqi ham bor. Bungacha «Sampdoriya» Rigonini 1 mln yevroga ijaraga olishi, so‘ng 9 mln yevroga sotib olishi haqida aytilgandi. Rigoni «Zenit» safiga 2017 yil yozida Argentinaning «Independente» klubidan o‘tgan. U bungacha Italiyada ham o‘ynab ulgurgan. O‘tgan mavsumning birinchi yarmini «Atalanta»da ijara asosida o‘tkazgan.

Qayd qilish joizki, transfer oynasining so‘nggi soatlarida amalga oshirilgan kelishuvlar va bitimlar keyinchalik e'lon qilib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, Angliyada transfer oynasi 8 avgust kuni yopilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: