«Bizda yaxshi tashabbuslar bor, lekin izchil ijro tizimi yo‘q» - Murod Muhammad Do‘st bilan suhbat (2 - qism)

Jamiyat 16:35 / 03.09.2019 32160
Jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti, uning tahlillari yuzasidan qator suhbatlar uyushtirib, o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi o‘zbek adabiyotining taniqli vakillaridan biri, adib Murod Muhammad Do‘st bo‘ldi.

Quyida adib Murod Muhammad Do‘st va sayt jurnalisti Ilyos Safarov o‘rtasida kechgan suhbatning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

- Murod aka, ko‘p yillar mamlakat rahbariyatidagi yuqori lavozimlarda ishladingiz. Bu yillar ichida davlat anatomiyasining, boshqaruvining ichida bo‘ldingiz. Ayting-chi, shu vaqt davomida o‘zingizga qanday xulosalar oldingiz va bugun xuddi siz kabi, o‘sha lavozimlarda ishlayotgan amaldorlarimizga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz, ular nima qilsaki yoki qanday bo‘lsaki xalqqa yaxshi bo‘ladi?

- Biz ishlagan davr bilan bugungi kunning farqi katta. Oradan salkam o‘ttiz yil o‘tib ulgurdi. Boshqaruv tarkibi, usullari o‘zgardi. Menda birovga maslahat berish istagi yo‘q. Ko‘proq o‘zimning orzularimni aytishim mumkin. Ularning bir qismini sal oldin aytib ulgurdim ham.

Yaqinda Prezident Mirziyoyev Belorusiya safaridan qaytib, ular 2.5 milliard dollarlik axborot texnologiyalari eksport qilarkan, deb aytdi. Odatda bu sohadagi raqamlarga sal ehtiyot bo‘lib qarash kerak, negaki MDH mamlakatlarida IT eksportiga aloqa, xususan, suniy yo‘ldoshlar yordamida ko‘rsatilgan kommunikatsiya xizmatlarini ham qo‘shib hisoblash rasm bo‘lgan. Deylik, Rossiya, bizda IT eksporti 10 milliard dollarga teng, deb e'lon qiladi. Aslida esa, hozirgina aytilgan xizmatlar qiymatini chiqarib tashlasak, IT eksporti bor-yo‘g‘i 4,5 milliard dollarni tashkil etadi. Ukrainada – taxminan 3 milliard dollar. Belorusiyaning, Rossiyadan farqli o‘laroq, bittagina “Belka” degan sun'iy yo‘ldoshi bor, shu sabab, ularning IT eksporti 2-2,5 milliard dollar bo‘lishi mumkin. Mayli, yiliga 2 milliard ham bo‘la qolsin. Bu – bizning bir yilda paxta eksportidan topadigan foydamizdan 2 barobar ko‘p.

Bir zamonlar Hindiston chetga 6 milliard dollarga teng IT eksporti qiladi, degan xabarni o‘qib, juda havas qilganman. Do‘stlarga ularning yutug‘ini aytib yurganlarimni eslayman. Yodimda, ular menga, Hindistonda salkam 1,5 milliard odam yashaydi, bizdan necha barobar ko‘p, aholi nisbatini olib qarasa ulardan miyali odamlar ko‘proq chiqadi-da, deb taskin berishgan.

Bugun Hindiston 1 milliard 339 million (2017 yil ma'lumoti) kishilik aholisi bilan yiliga 55 milliard dollarga teng IT eksportiga ega.

Endi Irlandiya misolini olib qaraylik. Irlandiya yiliga 84 milliard dollarga teng IT eksport qiladi. Bu mamlakatning aholisi qancha, bilasizmi? Bor-yo‘g‘i – 4,5 million kishi. O‘zbekiston aholisidan 7 barobar kam. Demak, bu sohadagi eksport hajmi aholi soniga emas, axborot texnologiyalari rivojini bosh masala deb bilgan davlat siyosatiga bog‘liq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu mavzuni tilga oldi. Uning ahamiyatini ham ta'kidladi. Lekin bu gaplar go‘yoki qumga singgandek izsiz yo‘qolib ketayotgani yomon. Shu yaxshi g‘oyani ot qilib minib, bayroq qilib ko‘tarib, olg‘a chopadigan mard chavandozlarimiz yo‘q.

Bizda talantli, zehnli yoshlar juda ko‘p. Qolaversa, dasturchi bo‘lish uchun axborot texnologiyalari universitetini tugatish ham shart emas. Dasturlash tilini o‘rta ma'lumotli o‘g‘il-qizlarimiz ham qiska muddatda o‘zlashtirib olishlari mumkin. Qunt kerak, sabot kerak. Ingliz tilini, juda bo‘lmaganda rus tilini bilish kerak. Yo‘q, birinchi navbatda ingliz tilini kasb atamalari darajasida bo‘lsa ham bilish shart, negaki, negaki ruslar axborot texnologiyalariga oid adabiyotlarni ancha kechikib tarjima qiladi.

Yuzlab, minglab yosh va g‘ayratli dasturchilarni tayyorlash mumkin. Faqat maqsadga pul tikish kerak. Shunchaki quruq nazariya bilan ish bitmaydi, ularni o‘qitish bilan bir paytda muayyan mavzularga, amaliy ishlarga jalb etish lozim.

Bugun biz “dasturchi” deganda nimani tushunamiz? Birorta kafega, magazinga yoinki firmaga sayt tayyorlab berib, evaziga olingan 1000 dollarni ko‘zga surtgan shovvozlar aslida dasturchimi? Yo‘q, ular – shunchaki dizayner, veb-dizayner, internetni ozgina o‘zlashtirgan bezakchi, xolos.

Haqiqiy dasturchilar jamiyatning og‘irini yengil qiladi. Muammolarga yechim topib beradi. Muhimi, dasturiy mahsulotlarni chetga eksport qilishdan katta iqtisodiy foyda olish mumkin. IT dasturlarini eng ko‘p qismini AQSh va Xitoy sotib oladi. Germaniya IT eksportida uchinchi o‘rinda turadi, lekin u ham o‘zida bo‘lmagan dasturiy mahsulotlarni katta hajmda import qiladi.

O‘tgan yili O‘zbekiston 1,5 million dollarlik IT mahsuloti eksport qildi. Bu juda va juda oz. Axborot texnologiyalariga mas'ul yosh vazirimiz bu raqamni juda uyalib, qisilib-qimtinib tilga oldi. Bugun, davlat rahbari shu muammoga e'tibor qaratgan paytda, g‘ayratli vazirlarimiz uchun yeng shimarib, shunchaki kampaniyabozlik qilmasdan, rosmana jiddiy ishga kirishmoq payti kelmadimi?

Axborot texnologiyalarining yaxshi tarafi shundaki, u sizdan suv so‘ramaydi, yer so‘ramaydi, yo‘l va transport so‘ramaydi, gaz, benzin yoki ko‘mir so‘ramaydi, hokim kelib boshingda o‘tirmaydi, turli amaldorlar behuda tirg‘ila olmaydi, chunki barcha ish va tayyor mahsulot – sening miyangda, elektron xotirada. Soliqni vaqtida to‘lasang bo‘ldi. Sen dasturni chet elga sotasan, xaridor to‘liq egalik qilmoqchi bo‘lsa – bir yo‘la katta pul to‘laydi, obuna bo‘lishni xohlasa – yil sayin to‘lab turadi.

Qolaversa, axborot texnologiyalari mamlakat ichidagi ko‘plab iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yechishga, xususan, agrar mahsulotlar eksportini optimallashtirishga, tabiiy resurslarni tejashga, ulardan o‘z millatimizning farovonligi yo‘lida oqilona foydalanishga yordam beradi.

Migrantlar masalasiga yana bir marta qaytsak, birgina Rossiya mehnat bozoriga suyanib qolish kerak emas.

Umuman, O‘zbekistonning imkoniyatlari juda katta. Bugun joriy etilayotgan valuta bozorini liberallashtiruvni qutlash lozim. Bu – yaxshi qadam. 25 yildan beri orqaga surib kelingan masalani hal qilmasdan ilojimiz yo‘q. Tabiiyki, qiyinchiliklar bo‘ladi. Buni odamlarga ochiq tushuntirish kerak.

- O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan keyin u kishi yuritgan siyosat va Karimov shaxsiyati borasida ko‘p fikrlar aytilmoqda. Mana yaqinda Ismoil Jo‘rabekov, Karim Bahriyevning fikrlarini eshitdik, umuman, fikr bildirayotganlar ko‘p. Siz ko‘p yillar yonida yurgan, eng yaqin insonlaridan biri sifatida  Islom Karimovning xodimlariga, farzandlari, davlat siyosatini yuritishdagi qarashlarini qanday eslaysiz, umuman, Karimov shaxsiyatidagi o‘ziga xos murakkabliklar nimalardan iborat edi?

- Men uning oilaviy munosabatlarini bilmayman. Bir marta uyida bo‘lganman. O‘shanda kenja qizi maktabda o‘qirdi, katta qizi uzatilib, birinchi farzand ko‘rgan payti edi. Uni oila davrasida boshqa ko‘rmaganman.

Islom Karimov, shubhasiz, katta, murakkab shaxs edi. Ismoil Jo‘rabekovning suhbatini, Karim Bahriyev yozgan maqolani ham o‘qidim. Ularning bosiqlik va insof bilan fikr yuritganlari menga yoqdi. Boshqa gaplardan, xususan, biz Karimovga to‘g‘ri maslahatlar berardik, lekin u bizga quloq solmadi, shuning uchun natija yaxshi bo‘lmadi, degan bayonotlardan ham xabarim bor. Albatta, Islom Karimovning o‘ziga yarasha xatolari bo‘lgan. Unga yaqin turib ishlagan odamlar bugun chetga qochib, o‘zlarini begunoh farishta qilib ko‘rsatishlari sal erish tuyuladi. Shaxsan men u bilan o‘n yilcha birga ishlaganman, shuning uchun uning xatolariga o‘zimni sherik deb bilaman. Mening unga tosh otishga ma'naviy haqqim yo‘q. Karimovni yomon ko‘rishga undan jabr ko‘rgan, ochiq oppozitsiyaga o‘tib chet ellarga ketgan odamlarning, boringki, mamlakat ichida ham jiddiy jabr yoki zulm ko‘rgan odamlarning haqqi bor. Lekin uning Karimovning yonida bo‘lgan, uning qo‘l ostida ishlab, u belgilab bergan siyosatni amalga oshirgan kishilarning bugun tonishi, munkir kelishi nomardlikdan boshqa narsa emas.

To‘g‘risi, yangi rayosatdan ta'ma ilinjida yurgan munofiqlar nedir imdod kutaverib sal charchadi. Lekin, bir marta “bos!” deyilsa bas, darrov yaqin o‘tmishni uloq qilib chopishlari umidi hali so‘ngan emas.

Shu ma'noda, Prezident Mirziyoyev ustalik bilan, o‘tmishga loy chaplamasdan, murosai madora yo‘lini tutayotgani bejiz emas. U jamiyatni ikki bo‘lib tashlash xavfini juda yaxshi tushunadi. Jamiyatning Karimov tarafdorlari va Karimovga qarshilarga bo‘linib ketishi noxush oqibatlarga olib kelishi tayin. Yaxshimi-yomonmi, o‘tgan yaqin tarix o‘zimizniki, xatolar bo‘ldi, lekin bu xatolar ham o‘zimizniki, kelinglar, o‘zaro gina-kuduratni ozgina unutib, bugungi va ertangi kun tashvishini birgalashib ko‘raylik, deya, tinchlik va bosiqlik yo‘li tanlangani eng ma'qul yo‘l bo‘lib tuyuladi.

- Suhbatga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida adabiyot, siyosat vakillari bilan suhbatlashdim. Ularning fikrlari ham turlicha. Masalan, eshitdimki, Rauf Parfi sizning asarlaringiz haqida fikr bildira turib, «Men Murod Muhammad Do‘st asarlarini o‘n varaqdan ko‘p o‘qiyolmayman, chunki u yozganlarida o‘quvchidan aqlli ekanini, baland ekanligini eslatib turib yozadi, kinoyalarida mana shu narsa seziladi. Bu o‘quvchida ichki isyonni uyg‘otadi», degan ekan. Haqiqatdan ham Rauf Parfi shu fikrlarni aytganmidi va aytgan bo‘lsa unga qanday qaraysiz? Yozuvchi yozar ekan, o‘quvchidan baland turib yozishi kerakmi yoki unga do‘st bo‘lishi kerakmi?

- Rauf aka oramizda yo‘q, endi u kishining nomidan ilingan gapni to‘qish mumkin. Ochig‘i, Rauf akaning bu gapni aytganiga ishonmayman. U to‘g‘riso‘z odam edi, aytsa o‘zimga ochiq aytardi. Odam hayotda takabbur bo‘lishi mumkin, lekin yozayotgan paytida o‘quvchini mensimasa, kibr bilan, bepisandlik bilan yozsa – uni kim o‘qiydi? Aksincha, o‘quvchini ulug‘lab, o‘zing bilan barobar ko‘rib yozishing kerak. O‘rinli kinoya o‘quvchini bezdirmaydi, negaki, o‘quvchi yozuvchiga qo‘shilib kuladi, kulgi barobarida ular ikkisi yanada yaqinlashadi, do‘stga, sherikka aylanadi.

- Rus faylasuf adabiyotshunosi Baxtinning shunday fikri bor: “Qaysidir davr adabiyotini o‘rganishda, unga baho berishda o‘sha davr madaniyati ko‘zi bilan ham qarash kerak”. Xo‘sh, agar bugungi adabiyotimizga shu tomondan yondashilsa, siz bugungi o‘zbek adabiyoti va madaniyatini qanday baholaysiz?

- Ommaviy madaniyat, shou-biznes haqida avval ham ko‘p gapirganman. Shukrki, jiddiy adabiyotda talab darajasi susaygan emas. Shunisi quvonarli. Lekin didsizlik barcha qatlamlarniga kirib borgani ham bor gap. Yana bir o‘ylantiradigan narsa – milliy g‘ururning sustligi. Cuhbatga kelaturib bir chaqirim yo‘lni piyoda bosdim. Afsuski, birorta ham binoning peshtoqida o‘zbekcha yozuv ko‘rmadim. Alam qiladi. Odam deganning yuragida g‘urur bo‘lishi kerak-ku. O‘zbekcha yozib tashla, kerak bo‘lsa begonalar o‘rgansin, tushunib olsin. Balki soddagina qilib, O‘zbekistonda o‘zbekcha yozish shart, degan farmon chiqarish kerakdir. Albatta, bu holatlar jamiyatning madaniy saviyasini aks ettiradi. Odamzod o‘z millatidan, o‘z tilidan faxrlanishi kerak. Bugungi ahvol maorifga, maktabga, bola bog‘chasiga bog‘liq. Gapirsang, yana bir to‘da muammolar chiqib keladi. Biri ikkinchisi bilan chirmashib ketgan. Noumid – shayton, chiqmagan jondan umid, men negadir jamiyatning o‘nglanishiga ishonaman.

Optimist insonsiz...

Shunday. Pessimist – oqibatni yaxshi biladigan optimist, degan hazil bor. Men esa oqibatni nima bo‘lishini bilsam ham, bari bir, optimist bo‘lib qolaveraman. Odam o‘z ruhini neklikka sozlagani ma'qul.

- Biz o‘zbeklarning yon qo‘shnilarimiz bo‘lmish qozoq, turkman, qirg‘iz va tojiklar bilan tili, turish-turmushi, tutumi yaqin xalqlar sifatida adabiyotimiz ham azaldan o‘zaro bir-biriga yaqin bo‘lgan. Oxirgi paytlarda o‘zaro aloqalarimiz ham yanada mustahkamlanyapti.

Lekin meni bir narsa o‘ylantiradi, azaldan qo‘shni xalqlar sifatida adabiyotimizda mana shu yaqinlik sezilmayotgandek (bugun). Murod aka, nega qo‘shni xalqlar bilan adabiyotimizdan o‘zaro xabardorlik, mushtaraklik bugun uzilib qolgan?

- Sho‘rolar zamonida qo‘shni va qardosh adabiyotlar bir-birining ahvolidan rus tili yordamida xabardor edi. Qolaversa, Sadridin Ayniy, G‘afur G‘ulom va boshqalar boshlagan bevosita do‘stlik an'anasi ham bor edi. Albatta, bu an'ana aslida Navoiy va Jomiy zamonlariga borib taqaladi. Yaqinda do‘stlarga, Nosir Fozilovning vafoti tufayli qozoq adabiyoti bilan, Tursunboy Adashboyevning vafoti tufayli qirg‘iz adabiyoti bilan aloqalarimiz tugadi, deb zorlanganim yodimda turibdi. Keyin qo‘shni xalqlarni ruhiy jipslashtiradigan Chingiz Aytmatov fenomeni ham bo‘lardi. Biz uni chin ma'noda o‘zbek yozuvchisi deb bilardik. Birorta yangi asari chopdan chiqmasdan, bu tarafda Asil Rashidov o‘girgan o‘zbekchasi tayyor turardi. Aytmatov na faqat qirg‘izning, balki barcha turkiy millatlarning ham dardini ifoda etardi. Rahmatli ko‘p yaxshi, donishmand odam edi. Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasida noxushliklar ro‘y bergan paytlarda ham o‘zaro sulh uchun jonbozlik ko‘rsatgan inson edi.

Meni xursand qiladigan narsa – qo‘shnilar bilan chegaralar ochilib, o‘zaro bordi-keldining tiklanishi. Ahvol shu darajaga yetgan ediki, yaqin qarindoshlar ham bir-birini ko‘rgani sarhaddan o‘tolmay qoldi. Yo‘llar ochilgani yaxshi ish bo‘ldi. Umuman, qo‘shnilar bilan inoq bo‘lishimiz kerak. Mirziyoyev qilgan yaxshi amallardan biri qo‘shnilar bilan yaqin aloqa o‘rnatgani bo‘ldi. O‘zaro siyosiy, iqtisodiy yoki madaniy muammolarimizni bamaslahat yechishimiz osonlashdi. Qolaversa, atrofimizda kattagina bozor bor, uni ham o‘zlashtirish zarur.

- Bugun tilimizdagi ko‘pgina so‘zlar o‘z vaqtida o‘rinsiz ishlatilavergani, xato talqin qilinaverishi, qaytarilaverishi oqibatida qadrsizlangan. Jumladan, ma'naviyat va ma'rifat so‘zlari ham bugun ana shunday qadrsiz tushunchalar qatoriga kirib ulgurdi.

Murod aka, ko‘p yillar milliy g‘oya, mafkura ustida ishlagan kishilardan biri sifatida siz uchun bu tushunchalar nimani bildiradi?

Ma'naviyat-u ma'rifat deganlari rostdan ham shunchalik zarurmi yoki u jamiyatni axloqan tutib turish uchun o‘ylab topilgan bir vosita va "o‘yin qoidasi hamda bugun bu qoidalarning sezdirib qo‘yilishi natijasida qadrsizlangan tushunchalarmi?

Siz jamiyatning, xalqimizni deymizmi, umuman, hozirgi ma'naviy-ma'rifiy holatimizga qanday baho berasiz?

- Men milliy g‘oya, milliy istiqlol g‘oyasi haqida ko‘p gapirdim, lekin foydasi bo‘lmadi. Prezident idorasida ishlab yurgan paytimda, yonimizda, boshqa xizmatlarga tegishli kabinetlarda, milliy g‘oya mavzusida doktorlik ishi yozib o‘tiradigan mas'ul xodimlar bo‘lardi. Men ularga, o‘zi yo‘q narsadan qanday dissertatsiya qilasizlar, deb hazillashardim.

Milliy mustaqillik g‘oyasi maktablarda dars etib o‘tila boshlagan paytda yana aytdimki, bu g‘oya allaqachon amalga oshdi, endi bu yog‘ini ko‘raylik, millatni birlashtiradigan boshqa g‘oyalarni olg‘a suraylik.

Ma'naviyat va ma'rifat markazi eski Sho‘rolar zamonidagi “Znaniye”-“Bilim” jamiyati andazasida va uning o‘rniga qurilgan narsa edi. Afsuski, o‘lik tug‘ilgan tashkilot bo‘lib chiqdi – jamiyatda o‘z o‘rnini, o‘z tarafdorlarini topa olmadi. 

Yana milliy g‘oya mavzusiga qaytamiz. O‘zbekiston uchun ayni bugun muhim bo‘lgan har qanday maqsad milliy g‘oya bo‘la oladi. Deylik, axborot texnologiyalarini barcha sohalarga izchil tatbiq etish haqiqiy milliy g‘oyaga aylanishi mumkin. Turistik potensialni ochish, maorifni yuksaltirish vazifasi milliy g‘oya bo‘lishi mumkin...

Ilgari surilayotgan g‘oyalar shunchaki jimjimador so‘zlar emas, xalqqa yaqin tushunchalar bo‘lishi kerak...

Vazifani odamlarga sodda qilib tushuntirish yo‘li bor: og‘aynilar, biz mana shu va mana shu masalada oqsayapmiz, kelinglar, birgalashib muammoni bartaraf qilaylik. Bizda yaxshi tashabbuslar bor, lekin izchil ijro tizimi yo‘q. Tashabbus oshkor qilinadi, lekin uning ortini, ya'niki amalini ko‘rmaysiz. Mamlakatning falon va yana falon joylarida 100 megavattlik quyosh elektr stansiyalari quriladi, deb uch yildan beri bong uramiz, lekin natijadan darak yo‘q. Zavod quriladi, deb maqtanamiz, keyin, bir yilcha o‘tib bilamizki, yo‘q, aytilgan zavod qurilmas ekan, lekin uning o‘rnida boshqa, yanada zo‘rroq narsa qurilarkan... Yoki, Kanada firmasi quyosh energetikasi sohasida 1 milliard dollar tiqmoqchi, degan xabarni eslaylik. Men bu gaplarni yolg‘on demoqchi emasman, kimlar bilandir muzokara olib borilgan va hamkorlik xususida o‘zaro anglashuv protokoli tuzilgan bo‘lishi ham mumkin, lekin yaxshi niyatni amaldagi proyekt sifatida shov-shuv qilish shart edimi?

Biz tashabbusni butunlay teskari tarafga burib yuborishimiz ham mumkin. Birgina misol. Prezident, savodxonlikni oshiraylik, bolalarga kitob o‘qitinglar, kitobda xosiyat ko‘p, deb gapirdi. Shu bahona, yangi kutubxonalar ochildi, borlarining kitob foni boyidi. “Pasportini ham oxirigacha o‘qimagan” (Bahodir Yo‘ldoshev ta'rifi) ayrim artistlarimizning kitob qo‘ltiqlagan holda suratga tushib, xalq orasida masxara bo‘lganlarini chegirib tashlasak, natija yomon bo‘lmadi. Lekin ayrim ijrochilarga bu kamday tuyuldi. Qarshida kitobga haykal qo‘yildi. Kimga yoqdi, kimga yoqmadi, lekin hech kim jiddiy e'tiroz bildirmadi. Lekin haykal shunchaki kitobga emas, Prezidentning kitob haqidagi so‘zlariga qo‘yilganini hamma sezdi. Yaqinda Buxoroning qaysidir istirohat bog‘ida ham kitobga haykal qo‘yilib, ochiq sahifaga Prezident so‘zlari zarhal bilan bitildi.

Baraka topkurlar, sizlarga Prezident, kitob o‘qinglar, kitobni targ‘ibot qilinglar, dedi, kitobga haykal qo‘yinglar, demadi. 

Ayni holatda kitobga haykal qo‘yish – maddohlik. Shunday qilsam yaxshi ko‘rinaman, deb o‘ylaydi, aslida esa ziyon keltiradi. Bu turfa “tashabbuskor”lardan Xudo asrasin! Ular yaxshi g‘oyani obro‘sizlantiradi, xolos.

- Aslida ta'lim bilan tarbiyani joyiga qo‘yib qo‘ya olsak, shularga extiyoj bormi?

- Yo‘q. O‘zimni o‘qitgan muallimlarimni bugunga qadar nom-banom bilaman. Ularning deyarli hammasi dunyodan o‘tgan, lekin mening ularga mehrim hali tirik. Esimdaki, ular men yomon o‘qisam qayg‘uga tushardi, yaxshiroq baho olsam – o‘zimdan ko‘proq suyunardi. “Besh” olgan o‘quvchisini yelkasiga mindirib olib, sinf xonasida yugurgan andijonlik bir ajoyib muallim bo‘lardi, o‘shani tez-tez eslayman.

Ma'rifatning, maorifning ahamiyatini ta'riflashga so‘z yetmaydi. O‘quvchilar O‘zbekistonni umrbod sevishi uchun balandparvoz va jimjimador so‘zlarni ishlatish shart emas. Ularga yurtni boricha ko‘rsatish kerak: tog‘u toshlarini, dasht-u dalalarini, shahar va qishloqlarini, tarixini, madaniyatini, iqtisodiyotini...

Yaxshi tashabbuslarning mohiyatini asrash kerak. Mohiyatga nodonlar aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik.

- 1991 yilda Prezident qarori bilan O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi agentlikda Erkin A'zam bilan birgalikda ish boshlagansiz. O‘sha paytda O‘zbekistonda OAV erkin bo‘lgan, so‘z erkinligiga ta'qiq yo‘q edi, deyishadi. Bu tashkilotda keyin ham ishlagansiz va umuman sizdan O‘zbekistondagi OAVlarning yurak urushidan yaxshi xabardor kishi sifatida so‘ramoqchiman, keyinchalik o‘zbek OAVlarida so‘z erkinligi qanday jarayon va maqsadlar bilan cheklangan edi? Axir, OAV erkinligi davlat rivojiga hissa qo‘shishi kunday ravshan-ku. Balki nimalardandir qo‘rqilgandir. Bu nimadan boshlangandi?

- Boya aytdim, u zamonda eyforiya bor edi. Yodimda bor, radioda “Oqshom to‘lqinlarida” degan eshittiruv bo‘lardi, shuni odamlar intiqlik bilan kutardi. Ular hamma muammolarni ochiq gapirardi. Televideniyeda ham dadil ko‘rsatuvlar bo‘lardi. Bugun “muallif ko‘rsatuvi” deb maqtaladigan janr bizda o‘sha paytlarda ham mavjud edi. Gazetalar bir-biri bilan bahslashib, juda ochiq faoliyat yuritardi. Bu taxminan 1994 yilgacha davom etdi.

Keyin bir muddat valuta konvertatsiyasi boshlandi, iqtisod sekin-sekin izga tusha boshladi. Lekin bor pulimiz tashqariga chiqib ketadi, quruq yerda qolamiz, degan vahimali gaplar bilan iqtisodiy erkinliklarga chek qo‘yildi. “Ana keldi”, “mana keldi” degan qo‘rquv rahbariyat va jamiyat ongiga singdirildi. Mahdudlik paydo bo‘ldi. Matbuotning uni o‘chdi.

Oqibatda 100ga yaqin oila (klan) boyib oldi, konvertatsiya imkoniyatlari, binobarin, eksport va import degan narsalar faqat o‘shalarning manfaatiga xizmat qildi. Tabiiyki, iqtisodiy cheklash mafkuraviy biqiqlikka olib keldi. Davlat kafolati berilgan yirik investitsiyalardan tashqari, mamlakatga kapital kiritish imkoni yo‘qoldi.

Oqibatda adabiyot eskicha “zarbulmasal” uslubiga o‘tdi, matbuot esa... soxta xabarlarga ruju qo‘ydi. Xalq orasida “Axborot” ko‘rsatuvini “Jannatdan xabarlar” deya nom olganini eslang... Bu ahvol davlat televideniyesida haliga qadar davom etyapti. Ularga erkinlik berildi, lekin erkinlikdan foydalanadigan odam topilmayapti. Blogosferada, xususiy matbuotda, internet nashrlarida rosmana so‘z erkinligi bor. Men shundan xursandman.

Bugun odam o‘zining dardini emin-erkin ayta oladi. Birovga yoqish-yoqmasligi mumkin, unga ham e'tiroz bildirishlari mumkin, lekin ochiq fikr aytish imkoniyati bor. Bu katta gap. Bugun birorta ham voqea nazardan chetda qolmaydi. Hukumat ham ko‘p narsalardan internet, blogosfera orqali boxabar bo‘ladi. Afsuski, jamiyatni boshqarishda analitik tadqiqotlar kam. Yaqinda “buzdi-buzdi” tufayli Xorazmdagi noxush ahvol oshkor bo‘ldi. Bosh vazir o‘zi borib tinchitdi. Buzilgan uylar uchun 700-800 milliard atrofida “tovon” to‘landi. Xullas, muammo ijobiy hal etildi. Lekin, bari bir, ko‘ngilda “quyqa” qoldi. Norozilikning oldini olsa bo‘lardi-ku, nega yetilib kelayotgan ijtimoiy muammolar vaqtida o‘rganilmaydi, degan savollar havoda muallaq qoldi.

Matbuot – hukumatning yuziga tutilgan oyna. Yuzga oyna tutilishi kimgadir yoqmasligi mumkin, lekin shu bahonada ko‘pchilik qosh-ko‘zini tuzatib olishi tayin.

Yana jamiyatda liberallashtiruv mavzusiga qaytdik. Siyosiy, iqtisodiy, huquqiy erkinliklar barobar ta'minlanmasa bo‘lmaydi. Biz bu haqda hozircha fol ochishimiz mumkin. Lekin, o‘ylaymanki, mamlakat rahbariyati o‘zida kengroq va izchiliroq liberalizatsiya munosib iroda topa oladi.

- Bugungi adabiyot haqida qaysidir yozuvchi yoki umuman adabiyot kishisidan fikr so‘rasak, adabiyot o‘ldi, jiddiy asarlar yo‘q kabi fikrlarni aytishadi. Lekin bir savol tug‘iladi: o‘sha fikr bildiruvchilar ham adabiyotimiz vakillari-ku. Xo‘sh, hamma tanqid qilsa, hamma fikr bildirsa o‘sha izlanayotgan asl adabiyotni kim yaratishi kerak? Jumladan, siz ham ko‘pgina suhbatlarda o‘zbek adabiyoti sayozlashib borayotganini tanqid ostiga olgansiz. So‘ramoqchi bo‘lganim, Siz nega yozmayapsiz, o‘zbek adabiyoti uchun yana katta asarlar yaratish majburiyatini his qilasizmi?

- Men juda tanbal odamman – qo‘zg‘alishim qiyin. Adabiyot buyurtma bilan yaratilmaydi. Zamonaviy qahramonni ko‘rsatinglar, deb aytishadi. Menimcha, har bir haqqoniy tasvirlangan inson zamona qahramonidir. Albatta, adabiyotning jamiyatdan juda katta qarzi bor. Jamiyatdagi kayfiyat adabiyotga ham o‘tadi. Lekin adabiyot tomoshabin bo‘lib turmasligi kerak. Bu gap kinoga ham, musiqa va tasvir san'atiga ham birday taalluqli.

- Balki tarixdan misol keltirib, balki o‘z fikrlaringizdan kelib chiqib ayta olasizmi, Xalq saviyasi qanday omillar va nimalar hisobiga ko‘tariladi?

Chunki jamiyatdagi kutiladigan katta o‘zgarishlar xalqning umumiy saviyasi o‘sishi bilan ham bog‘liq.

- Og‘ir savol. Eslaymanki, “Adabiyot va san'at” gazetasi 800 ming nusxada, “Saodat ” jurnali 1,5 million nusxada chiqardi. “Sharq yulduzi” kabi qalin jurnallarning soni ham 300 ming atrofida edi. Biz o‘sha paytlarda “Adabiyot, jurnalistika moddiy kuchga aylandi”, deya g‘urur bilan gapirardik.

Men bugun o‘ylaymanki, jamiyatning, odamlarning moddiy ahvoli, huquqiy muhofazasi mo‘'tadil bir darajaga yetsa, unda ma'rifat va madaniyatga ham mo‘'tadil bir ehtiyoj paydo bo‘ladi. Binobarin, jamiyat yuksalgani barobar, odamlar e'tiqodli bo‘lishga, olijanob bo‘lishga kuchliroq ehtiyoj seza boshlaydi. Ko‘ngildagi qanoat ruhiy poklanishga undashi tayin.

- «Lolazor», «Dashtu dalalarda», «Galatepa qissalari», «Galatepaga qaytish» kabi asarlaringizni o‘qib bir narsani sezganmanki, ulardagi qahramonlar xuddi bizga tanishdek, ularni qayerdadir ko‘rganmiz, suhbatlashganmiz. Siz o‘z asarlaringizdagi qahramonlarni qayerdadir ko‘rganmisiz yoki taniysizmi. Xo‘sh, qahramonlaringizga o‘quvchiga yaqinlikni qanday singdirasiz?

Shuningdek, asarlaringizda voqealar markazida Galatepa qishlog‘i turadi. Jahon adabiyotida xuddi shunday yo‘nalish bor: ya'ni, yozuvchi o‘z joyi, o‘z yurtini yaratib oladi. Sizda nega aynan Galatepa markaz qilib olinadi?

- Uilyam Folknerda Yoknatopa degan joy bor, Garsia Markesda – “Makondo”, Grant Matevosyanda – “Smakut”... Mening Galatepam atay to‘qilmagan. Qolaversa, uning atrofida yana o‘nta qishloq bor. Lekin voqea va personajlar bari bir Galatepaga borib taqalaveradi. Hatto shaharlik qahramonlarimning ham asli o‘sha joydan. Galatepa – men bilgan joy, galatepaliklar – men bilgan odamlar. Sodda, ayni zamonda quvlikdan ham boxabar odamlar. Ularni fazilatlari bilan, ayblari bilan, gunohlari bilan qo‘shib yaxshi ko‘raman.

- Umuman, o‘zbek milliy o‘yinlarida ham qon to‘kadigan, urush-janjallisini ko‘rmaymiz. Buyam milliy xarakterdan kelib chiqqan bo‘lsa kerak?

To‘g‘ri. Deylik, G‘arbdagi kabi suvoriylarning bir-birlariga nayza ko‘tarib ot soladigan o‘yinlari bizda yo‘q. Lekin, bari bir, bizning xalqimizni juda yuvosh ham deb bo‘lmaydi. Baquvvat xalq. Ko‘p yillar beayov ezilgan xalq. Uning g‘ururini tiklashimiz kerak. Adabiyotning ham, san'atning ham, boringki, siyosatning, davlatning ham burchi shundan iborat, deb o‘ylayman.

- Murod aka samimiy suhbat uchun katta rahmat.

- Sizga ham rahmat. Saytingizni kuzatib boraman, uning xalq orasida e'tibor topib, odamlar yaxshi ko‘rib o‘qiydigan va ko‘radigan dadil minbarga aylanib borayotganidan xursandman.

Suhbatning birinchi qismini o‘qish

Ko‘proq yangiliklar: